67-modda. Sudyalik lavozimiga nomzodga qoʻyiladigan talablar
Sudlar toʻgʻrisida (O‘RQ-703-son) · Sana: 28.07.2021 · Amalda
Oʻttiz besh yoshga toʻlgan, oliy yuridik maʼlumotga ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi sudyalik lavozimiga nomzod boʻlishi mumkin.
Quyidagilar sudyalik lavozimiga nomzod boʻlishi mumkin emas:
jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs;
ilgari sudlangan yoki oʻziga nisbatan jinoyat ishi reabilitatsiya qilmaydigan asoslar boʻyicha tugatilgan shaxs;
chet davlat fuqaroligiga ega boʻlgan yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi yashash guvohnomasiga yoxud boshqa hujjatga ega boʻlgan shaxs;
sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb eʼtirof etilgan shaxs;
psixiatriya yoki narkologiya muassasalarida hisobda turgan shaxs;
sudyaning vakolatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiladigan boshqa kasallikka chalingan shaxs.
