101-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi — Sudlar toʻgʻrisida (O‘RQ-703-son)
101-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Sudlar toʻgʻrisida (O‘RQ-703-son) · Sana: 28.07.2021 · Amalda
Ushbu Qonun rasman eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 28-iyul,
OʻRQ-703-son
“Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga 1-ILOVA
Harbiy sudlar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida
NIZOM
1-modda. Harbiy sudlar Oʻzbekiston Respublikasi sud tizimiga kiradi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi va hududiy harbiy sudlardan iborat boʻladi.
Harbiy sudlar chiqaradigan hal qiluv qarorlari va hukmlar Oʻzbekiston Respublikasi nomidan eʼlon qilinadi.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi viloyat sudi huquqi asosida ish yuritadi hamda sudyalar, shu jumladan sud raisi, rais oʻrinbosari, shuningdek xalq maslahatchilaridan iborat boʻladi.
Hududiy harbiy sudlar tuman sudi huquqi asosida ish yuritadi va sudyalar, shu jumladan sud raisi, shuningdek xalq maslahatchilaridan iborat boʻladi.
3-modda. Harbiy sudlar sudyalarini tayinlash tartibi va ularning maqomi “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni bilan belgilanadi.
4-modda. Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudlari:
1) Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi qoʻshinlari va qonunchilikka muvofiq tashkil etiladigan boshqa harbiy tuzilmalar harbiy xizmatchilari, shuningdek oʻquv yigʻinlarida boʻlgan davrda harbiy xizmatga majburlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlarni;
2) harbiy qismlar, qoʻshilmalar va birlashmalarning, harbiy boshqaruv organlarining qoʻmondonligiga nisbatan harbiy xizmatchilarning daʼvolari boʻyicha fuqarolik ishlarini hamda harbiy boshqaruv organlari va harbiy mansabdor shaxslarning harbiy xizmatchilar huquq va erkinliklarini buzuvchi xatti-harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyatlarni;
3) alohida holatlar tufayli sudlar ish yuritmayotgan joylarda barcha fuqarolik va jinoyat ishlarini;
4) davlat sirlariga taalluqli ishlarni;
5) qonun bilan oʻz vakolatlariga kiritilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻradi.
Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudlari qonunga muvofiq boshqa ishlarni ham koʻrishi mumkin.
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida koʻrsatilgan shaxslar harbiy yoki unga tenglashtirilgan xizmatni oʻtash davrida sodir etgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar, agar ular ish sudda koʻrilish paytiga kelib xizmatdan boʻshab ketgan boʻlsa ham, harbiy sudlar tomonidan koʻriladi.
Ushbu modda birinchi qismining 1-bandida koʻrsatilgan shaxslar harbiy yoki unga tenglashtirilgan xizmatga chaqirilgunga yoki kirgunga qadar sodir etgan jinoyatlar va maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlar jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan koʻriladi.
5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudi sudloviga:
generallar tarkibidagi mansabdor shaxslarning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlar, shuningdek ushbu shaxslarga taalluqli boshqa ishlar va shikoyatlar;
sodir etilganligi uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo tayinlanishi mumkin boʻlgan jinoyatlar toʻgʻrisidagi ishlar;
polkovnik, 1-darajadagi kapitan harbiy unvoniga ega boʻlgan shaxslarning yoxud brigada komandiri lavozimidagi shaxslar hamda xizmat mavqeyi boʻyicha ularga teng shaxslarning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlar, shuningdek ushbu shaxslarga taalluqli boshqa ishlar va shikoyatlar tegishlidir.
6-modda. Hududiy harbiy sudlar sudloviga podpolkovnik, 2-darajadagi kapitandan yuqori boʻlmagan harbiy unvonlardagi shaxslarning jinoyatlari toʻgʻrisidagi ishlar, shuningdek ushbu shaxslarga taalluqli boshqa ishlar va shikoyatlar tegishlidir.
7-modda. Bir guruh shaxslar ayblangan taqdirda, ayblanuvchilardan loaqal biri xususidagi ish harbiy sud sudloviga taalluqli boʻlib, uni qonunga muvofiq alohida ish yuritishga ajratish mumkin boʻlmasa, fuqaro shaxslarga oid ishlarning harbiy sudlar tomonidan koʻrilishiga yoʻl qoʻyiladi.
Yakka shaxs yoki bir guruh shaxslar bir necha jinoyatni sodir etishda ayblangan taqdirda, agar jinoyatlardan loaqal biri haqidagi ish harbiy sud sudloviga taalluqli boʻlsa, barcha jinoyatlar toʻgʻrisidagi va barcha shaxslarga oid ish harbiy sud tomonidan koʻriladi.
8-modda. Harbiy sudlar jinoyat ishlari bilan birga harbiy qismlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, jamoat birlashmalarining va fuqarolarning jinoyatlar tufayli oʻzlariga yetkazilgan moddiy zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi fuqarolik daʼvolarini ham koʻrib chiqadi.
9-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi:
oʻz vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiya sudi sifatida va apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida koʻrib chiqadi;
hududiy harbiy sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;
harbiy sudlar ishining tashkil etilishini tekshiradi;
harbiy sudlarning sud amaliyoti va sud statistikasini umumlashtiradi, ularning tizimli tahlilini amalga oshiradi;
sud amaliyoti obzorlarini tayyorlaydi;
harbiy sudlar sudyalarining malakasini oshirish chora-tadbirlarini koʻradi;
sudyalarning mustaqilligini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi harbiy sudlar ishini tashkil etish masalalariga doir buyruqlar va farmoyishlar chiqaradi.
10-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi rayosati mazkur sud sudyalaridan iborat tarkibda ish yuritadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi rayosatining majlislari zaruriyatga qarab, biroq har oyda kamida bir marta oʻtkaziladi va rayosat aʼzolarining koʻpchiligi hozir boʻlganda vakolatli hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi rayosatining qarorlari majlisda ishtirok etayotgan rayosat aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi va sud raisi tomonidan imzolanadi.
11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudi rayosati:
sud amaliyotini umumlashtirish va sud statistikasini tahlil qilish natijalarini koʻrib chiqadi;
sudlov hayʼatining faoliyati toʻgʻrisidagi maʼruzalarni eshitadi;
hududiy harbiy sudlar raislarining qonunchilikni qoʻllash amaliyoti toʻgʻrisidagi maʼruzalarini eshitadi.
Oʻzbekiston Respublikasi harbiy sudi rayosati qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
12-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudlov hayʼati:
oʻz vakolatlari doirasida ishlarni birinchi instansiyada koʻrib chiqadi;
ishlarni apellyatsiya yoki kassatsiya va taftish tartibida koʻrib chiqadi;
sud amaliyotini oʻrganadi va umumlashtiradi;
sud statistikasini tahlil qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudlov hayʼati qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
13-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisi:
sud faoliyatiga tashkiliy rahbarlikni amalga oshiradi;
sud rayosati majlislarini chaqiradi va uning majlislarida raislik qiladi;
sud rayosati qarorlari bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
sud majlislarida raislik qiladi;
quyi turuvchi sudlar faoliyatini tashkil etishda koʻmaklashadi;
sudyalar, sud apparati xodimlari va xalq maslahatchilarining malakasini oshirish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
sud amaliyotini umumlashtirish, sud amaliyoti obzorlarini tayyorlash va sud statistikasini yuritish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
Sudyalar oliy malaka hayʼatiga sudyalar malaka hayʼatlari qarorlari yuzasidan taqdimnomalar kiritadi;
sud apparati ishiga rahbarlik qiladi, sud apparati xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va tugatadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
14-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining oʻrinbosari:
sudlov hayʼati ishini tashkil etadi;
sudlov hayʼati majlislarida raislik qiladi;
sudlov hayʼati faoliyati toʻgʻrisida sud rayosatiga maʼruza taqdim etadi;
jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslar vakillarini shaxsan qabul qiladi;
sud raisi yoʻqligida uning vakolatlarini amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisining oʻrinbosari qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisi oʻrinbosari yoʻqligida uning vakolatlari mazkur sud raisi tomonidan sudyalardan biriga yuklatilishi mumkin.
15-modda. Hududiy harbiy sud raisi:
sud majlislarida raislik qiladi;
jismoniy shaxslarni, yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qiladi va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish boʻyicha ishlarni tashkil etadi;
sud apparati ishiga rahbarlik qiladi, sud apparati xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va tugatadi.
Hududiy harbiy sud raisi qonunga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
Hududiy harbiy sud raisi yoʻqligida uning vakolatlarini Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining sudyalaridan biri bajaradi.
16-modda. Harbiy sudlar tarkibi, shtatlar soni, shtatdagi lavozimlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi.
17-modda. Harbiy sudlar sudyalari “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq intizomiy javobgarlikka tortiladi.
18-modda. Harbiy sudlarning apparati xodimlarini ishga qabul qilish va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga muvofiq tegishli harbiy sud raisi tomonidan amalga oshiriladi.
19-modda. Harbiy sudlarni moddiy-texnik jihatdan taʼminlash, moliyalashtirish, transport, aloqa vositalari bilan taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti tomonidan amalga oshiriladi.
20-modda. Ushlangan, qamoqqa olingan, gauptvaxtalarda saqlanayotganlarni harbiy sudlarga qoʻriqlab olib borish va ularni sud majlisida qoʻriqlash harbiy qismlar yoki garnizonlarning harbiy komendaturalari tomonidan amalga oshiriladi. Boshqa saqlash joylarida, jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahbuslarni ishni koʻrish joyiga qoʻriqlab olib borish va qoʻriqlash belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining soqchilik qoʻshinlari qismlari, organlari tomonidan amalga oshiriladi.
21-modda. Harbiy sudlar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
“Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga 2-ILOVA
Sudyalarning malaka darajalari toʻgʻrisida
NIZOM
1-modda. “Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi sudyalari uchun malaka darajalari joriy etish va berish tartibini belgilaydi.
2-modda. Sudyalarga sudya sifatidagi tajribasi va ish stajini inobatga olgan holda quyidagi malaka darajalari beriladi:
oliy malaka darajasi;
birinchi malaka darajasi;
ikkinchi malaka darajasi;
uchinchi malaka darajasi;
toʻrtinchi malaka darajasi;
beshinchi malaka darajasi.
3-modda. Malaka darajalari quyidagicha beriladi:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalariga — oliy, birinchi, ikkinchi malaka darajalari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat sudlari va Toshkent shahar sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudi, viloyatlar, Toshkent shahar maʼmuriy sudlari sudyalariga — birinchi, ikkinchi, uchinchi malaka darajalari;
tumanlararo, tuman, shahar sudlari, hududiy harbiy sudlar sudyalariga — uchinchi, toʻrtinchi, beshinchi malaka darajalari.
4-modda. Oliy malaka darajasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
Oliy malaka darajasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi oʻrinbosarlari — sudlov hayʼatlari raislariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalariga, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalariga tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining va Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining Oʻzbekiston Respublikasi sudlari sudyalari oliy malaka hayʼati xulosasiga asoslangan taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi. Boshqa malaka darajalari tegishli sudyalar malaka hayʼatlari xulosasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi sudlari sudyalari oliy malaka hayʼati tomonidan beriladi.
Birinchi marotaba saylangan yoki tayinlangan sudyalarga malaka darajalari ish faoliyatining dastlabki uch oyi ichida ilgarigi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonlar va mansab darajalarini inobatga olgan holda beriladi.
Sudyalar orasidan belgilangan tartibda saylangan yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan tayinlangan shaxslarga malaka darajalari tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi sudlari sudyalari oliy malaka hayʼati tomonidan beriladi.
5-modda. Har bir malaka darajasida boʻlish muddatlari ijobiy malaka attestatsiyasi mavjud boʻlgan taqdirda quyidagicha belgilanadi:
beshinchi malaka darajasida — ikki yil;
toʻrtinchi malaka darajasida — uch yil;
uchinchi malaka darajasida — toʻrt yil;
ikkinchi malaka darajasida — besh yil.
Birinchi malaka darajasida boʻlish muddati belgilanmaydi.
Yuqori malakali sudyalarga ish tajribasini inobatga olgan holda, egallab turgan lavozimi uchun nazarda tutilgan darajadan qatʼi nazar, shuningdek ketma-ketlikka rioya etmagan holda, lekin unga berilgan malaka darajasidan ikki darajadan yuqori boʻlmagan malaka darajasi berilishiga yoʻl qoʻyiladi.
6-modda. Sudyalar odil sudlovni amalga oshirish chogʻida qonuniylikni qoʻpol ravishda buzganlik uchun malaka darajasidan mahrum etilishi mumkin.
Malaka darajasidan mahrum etish va malaka darajasini pasaytirish shu malaka darajasini bergan mansabdor shaxs yoki organ tomonidan amalga oshiriladi.
7-modda. Malaka darajasiga ega boʻlgan sudyalarning lavozim maoshlariga qonunchilikda belgilangan miqdorlarda ustamalar belgilanadi.
8-modda. Sudyalarni malaka attestatsiyasidan oʻtkazish tartibi qonun bilan tasdiqlanadigan nizomda belgilanadi.
“Sudlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga 3-ILOVA
Sud tizimi xodimlarining mansab darajalari toʻgʻrisida
NIZOM
1-modda. Ushbu Nizom sudlar apparati, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi (bundan buyon matnda Konstitutsiyaviy sud deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi (bundan buyon matnda Sudyalar oliy kengashi deb yuritiladi), Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi (bundan buyon matnda Oliy maktab deb yuritiladi) va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti (bundan buyon matnda Departament deb yuritiladi) hamda uning hududiy boʻlimlari xodimlariga maxsus unvonlar — mansab darajalari berish tartibini belgilaydi.
2-modda. Sudlar apparati, Konstitutsiyaviy sud devoni, Sudyalar oliy kengashi, Oliy maktab, Departament va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining maxsus unvonlari quyidagi mansab darajalaridan iborat:
1-darajali Davlat adliya maslahatchisi;
2-darajali Davlat adliya maslahatchisi;
3-darajali Davlat adliya maslahatchisi;
1-darajali adliya maslahatchisi;
2-darajali adliya maslahatchisi;
3-darajali adliya maslahatchisi;
1-darajali yurist;
2-darajali yurist;
3-darajali yurist.
3-modda. Mansab darajalari oliy yuridik maʼlumotga yoki boshqa oliy maʼlumotga ega xodimlarga, egallab turgan lavozimi, malakasi va ish stajiga muvofiq ketma-ketlikda yoxud ilgarigi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonlar va mansab darajalarini inobatga olgan holda beriladi.
4-modda. Mansab darajalari:
1-darajali Davlat adliya maslahatchisi — Sudyalar oliy kengashi raisiga;
2-darajali Davlat adliya maslahatchisi — Oliy maktab direktoriga, Departament direktoriga;
3-darajali Davlat adliya maslahatchisi — Oliy maktab direktorining oʻrinbosariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi apparati rahbariga;
1-darajali adliya maslahatchisi — Konstitutsiyaviy sud devoni mudiriga, ekspertlar guruhi rahbariga, boʻlim boshliqlariga, matbuot xizmati rahbariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi boshqarmalari boshliqlariga, Sudyalar oliy kengashi kotibiga, Oliy maktabning kafedra mudiriga, kafedra professoriga, kafedra dotsentiga, Departament direktorining oʻrinbosariga;
2-darajali adliya maslahatchisi — Konstitutsiyaviy sudning katta ekspertlariga, bosh konsultantlariga, bosh mutaxassislariga, birinchi boʻlim mudiriga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining boshqarma boshliqlari oʻrinbosarlariga va boʻlim boshliqlariga, Konstitutsiyaviy sud raisining yordamchisiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining maslahatchisiga, Sudyalar oliy kengashining yetakchi inspektorlariga, birinchi boʻlimi mudiriga, Oliy maktabning boʻlim boshliqlariga, kafedra oʻqituvchilariga, Departamentning boʻlimlari va hududiy boʻlimlari boshliqlariga;
3-darajali adliya maslahatchisi — Konstitutsiyaviy sudning ekspertlariga, katta konsultantlariga, katta mutaxassislariga, devonxona mudiriga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi va Rayosati kotibiyatining boshligʻiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining boʻlim boshliqlari oʻrinbosarlariga, bosh va katta konsultantlariga, Sudyalar oliy kengashining arxiv mudiriga va devonxona mudiriga, Oliy maktabning yuriskonsultiga, bosh va yetakchi mutaxassislariga, Departamentning bosh mutaxassislariga, kadrlar boʻyicha bosh inspektoriga va yuriskonsultiga;
1-darajali yurist — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudi, viloyat sudlari va Toshkent shahar sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyatlar, Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining boʻlim boshliqlariga, bosh mutaxassislariga, sudya katta yordamchilariga, Oliy maktabning devonxona mudiriga va arxiv mudiriga;
2-darajali yurist — Qoraqalpogʻiston Respublikasi sudining, viloyat sudlari va Toshkent shahar sudining, Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy sudining, Qoraqalpogʻiston Respublikasi maʼmuriy sudining, viloyatlar, Toshkent shahar maʼmuriy sudlarining katta mutaxassislariga, devonxona mudirlariga, sudyalar malaka hayʼatlari kotiblariga, Departament hududiy boʻlimlarining bosh mutaxassislariga;
3-darajali yurist — tumanlararo, tuman, shahar sudlarining, hududiy harbiy sudlarning sudya yordamchilariga, devonxona mudirlariga beriladi.
5-modda. 1, 2 va 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi mansab darajalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
1, 2 va 3-darajali adliya maslahatchisi, shuningdek 1, 2 va 3-darajali yurist mansab darajalari:
Sudyalar oliy kengashi va Oliy maktabning xodimlariga — Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan;
Konstitutsiyaviy sudning devoni xodimlariga — Konstitutsiyaviy sudning raisi tomonidan;
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va quyi turuvchi sudlar apparatlari xodimlariga, Departament va uning hududiy boʻlimlari xodimlariga — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi tomonidan beriladi.
Konstitutsiyaviy sudning raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Sudyalar oliy kengashining raisi ushbu Nizomning 4-moddasida nazarda tutilmagan lavozimni shtat jadvalida mavjud muayyan lavozimga tenglashtirishga hamda 1-darajali adliya maslahatchisi va ungacha boʻlgan mansab darajasini berishga haqli.
6-modda. 1, 2, 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi darajalarida boʻlish muddati belgilanmaydi.
Har bir mansab darajasida boʻlish muddati ijobiy attestatsiya mavjud boʻlgan taqdirda 3, 2 va 1-darajali adliya maslahatchilari uchun — toʻrt yilni, 3, 2, 1-darajali yuristlar uchun — ikki yarim yilni tashkil etadi.
7-modda. Ushbu Nizomning 5-moddasiga muvofiq sudlar, Sudyalar oliy kengashi, Oliy maktab, Departament va uning hududiy boʻlimlari xodimlariga 1-darajali Davlat adliya maslahatchisi mansab darajasigacha boʻlgan mansab darajasini berishga — egallab turgan lavozimi boʻyicha nazarda tutilgan darajadan qatʼi nazar, ketma-ketlikda va mansab darajasida boʻlish muddatiga rioya etmagan holda yoʻl qoʻyiladi.
8-modda. Sudlarga, Sudyalar oliy kengashiga, Oliy maktabga, Departamentga va uning hududiy boʻlimlariga huquqni muhofaza qiluvchi organlardan va boshqa tashkilotlardan ishga oʻtgan xodimlarga mansab darajalari ular qaysi lavozimga tayinlanganligi, bilimi va ish tajribasi, shuningdek ilgarigi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonlari va mansab darajalari inobatga olingan holda beriladi.
9-modda. Konstitutsiyaviy sud raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Sudyalar oliy kengashi raisi:
1) oldingi mansab darajasida boʻlish uchun belgilangan xizmat muddati tugamasdan, ishda alohida oʻrnak koʻrsatganligi yoki xizmat burchini namunali bajarganligi uchun;
2) xodim yuqori lavozimga koʻtarilayotganda ketma-ketlikka rioya etmagan holda, lekin uning oʻz darajasidan ikki mansab darajasidan yuqori boʻlmagan;
3) attestatsiyadan birinchi marta oʻtayotgan xodimlarga ularning lavozimlari boʻyicha belgilanganidan bir pogʻona past mansab darajasi berishga haqli.
10-modda. Ish staji boʻlmagan shaxslarga ular lavozimga tayinlanganidan keyin kamida olti oy oʻtgach mansab darajasi beriladi.
11-modda. Sudlar apparati, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy maktab, Departament va uning hududiy boʻlimlarining bir mansab darajasida belgilangan muddat xizmat qilgan, lekin xizmat faoliyatida yoki xulq-atvorida jiddiy kamchiliklari boʻlgan xodimlari mansab darajasi koʻtarilmaydi.
12-modda. Mansab darajalari berilgan xodimlar shu mansab darajalarida umrbod boʻladi va faqat sudlarda, Sudyalar oliy kengashida, Oliy maktabda, Departamentda va uning hududiy boʻlimlarida ishlashga noloyiq xatti-harakatlari uchun mehnat shartnomasi bekor qilinganda ulardan mahrum qilinishi mumkin.
13-modda. Xizmat burchini qoʻpol ravishda buzgani yoki xizmat vazifalarini muttasil lozim darajada bajarmagani uchun xodimning mansab darajasi unga berilganidan ikkidan ortiq boʻlmagan mansab darajasiga pasaytirilishi mumkin.
Mansab darajasidan mahrum qilish yoki uni pasaytirish mansab darajasi berish huquqiga ega boʻlgan tegishli mansabdor shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
14-modda. Sudlar apparati, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy maktab, Departament va uning hududiy boʻlimlari xodimlariga mansab darajalari berish uchun attestatsiya oʻtkazish tartibi Konstitutsiyaviy sud raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan ularning vakolati doirasida belgilanadi.
15-modda. Mansab darajasi boʻlgan sudlar apparati, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, Oliy maktab, Departament va uning hududiy boʻlimlari xodimlarining lavozim maoshlariga ustamalar qonunchilikda belgilangan miqdorlarda belgilanadi.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 101-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi Sudlar toʻgʻrisida (O‘RQ-703-son). neolex.uz/uz/laws/law-5534928/101 (lex.uz/docs/-5534923)