Osiyo infratuzilmaviy investitsiya banki ishtirokida “A380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yoʻlining 150-228 km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (462-son)
26.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining 2021 — 2023-yillarga moʻljallangan Investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-dekabrdagi PQ-4937-son qarori ijrosini taʼminlash hamda xalqaro standartlarga mos zamonaviy avtomobil yoʻllari tarmogʻini rivojlantirish va milliy yoʻl-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan belgilangan tartibda umumiy qiymati 207,1 mln AQSh dollari boʻlgan “A380 “Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yoʻlining 150 — 228 km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasining (keyingi oʻrinlarda — loyiha) texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilganligi;
2020-yil 22-iyunda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankining Direktorlar kengashi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasiga loyihani amalga oshirishni moliyalashtirish uchun Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kapital resurslaridan 165,5 mln AQSh dollari miqdorida qarz berish toʻgʻrisida qaror maʼqullanganligi;
loyihani amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi hissasi 41,6 mln AQSh dollari miqdorida, shundan 24,6 mln AQSh dollari — soliqlar, bojxona bojlari va yigʻimlari boʻyicha imtiyozlar, 2,2 mln AQSh dollari — boshqa sarf-xarajatlar hamda 14,8 mln AQSh dollari — investitsiya davridagi moliyaviy xarajatlar tashkil etishi;
loyiha doirasida Loyihani amalga oshirish guruhining yillik xarajatlar smetasi har yili Moliya vazirligi bilan kelishilishi;
loyihani amalga oshirish davri 5 yilni (2021 — 2025-yillar) tashkil etishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
Qoʻmita huzuridagi “Avtoyoʻlinvest” agentligi loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan ajratiladigan qarzdan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi;
Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan ajratiladigan qarzlarni qaytarish, foiz va vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
“A380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yoʻlining 150 — 228 km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari 1-ilovaga;
“A380 “Gʻuzor-Buxoro-Nukus-Beyneu” avtomobil yoʻlining 150 — 228 km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan ajratiladigan qarzni qaytarish, foiz va vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga Oʻzbekiston Respublikasi nomidan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan loyiha doirasida ajratiladigan qarz bitimini imzolash vakolati berilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki oʻrtasidagi qarz bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Loyihani amalga oshirish guruhi faoliyatini moliyalashtirish xarajatlari, istisno tariqasida, (retroaktiv usulda, Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki bilan qarz bitimi kuchga kirgunga qadar) Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi faoliyatini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshirilishiga ruxsat berilsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I.R. Maxkamov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-iyul,
462-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-iyuldagi 462-son qaroriga 1-ILOVA
“A380 “Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yoʻlining 150 — 228 km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining
ASOSIY TEXNIK-IQTISODIY KOʻRSATKIChLARI
* Yakuniy narx koʻrsatkichlari batafsil loyiha-smeta hujjatlari, tovarlar (ishlar va xizmatlar) yetkazib berish boʻyicha belgilangan tartibda oʻtkaziladigan tender natijalari asosida belgilanadi.
** Qurilish-montaj ishlarining qiymatidan 10 % kutilmagan xarajatlar hisobga olinib, qoʻshilgan.
*** Ijtimoiy soliq Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
**** Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankiga beriladigan bir martalik xizmat toʻlovi qarz hisobidan toʻlanadi. Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda LIBORning oxirgi 5 yilda eng yuqori koʻrsatkichi 2,90 %, oʻzgaruvchan spred 2021-yil 1-yanvar holatiga 0,93 % ni tashkil etganligini eʼtiborga olgan holda qarz boʻyicha yillik foiz stavkasi 3,83 % ga teng deb hisoblandi. Toʻlovlarning yakuniy summalari qarzning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib, aniqlanadi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 26-iyuldagi 462-son qaroriga 2-ILOVA
“A380 “Gʻuzor — Buxoro — Nukus — Beyneu” avtomobil yoʻlining 150 — 228 km (78 km) qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki tomonidan ajratiladigan qarzni qaytarish, foiz va vositachilik haqi boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirishning
PROGNOZ JADVALI
* Qarz boʻyicha foizlarni hisoblab chiqishda LIBORning oxirgi 5 yilda eng yuqori koʻrsatkichi 2,90 %, oʻzgaruvchan spred 2021-yil 1-yanvar holatiga 0,93% ni tashkil etganligini hisobga olgan holda qarz boʻyicha yillik foiz stavkasi 3,83 % ga teng deb hisoblandi.
** Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar bankiga beriladigan bir martalik xizmat toʻlovi qarz hisobidan toʻlanadi.
*** Vositachilik haqi qarz bitimi imzolangandan soʻng 60 kundan keyin hisoblanadi.
**** Toʻlov summalari qarzning amalda oʻzlashtirilishidan kelib chiqib, aniqlanadi.
