Yer ostidan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida (1098-1-son)
06.02.2004
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI, OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASIning
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 6-fevralda 1098-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat soliq xizmati toʻgʻrisida”gi Qonuni 7-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2004-yilga Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi 567-son qaroriga muvofiq qaror qilamiz:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2002-yil 14-yanvarda 6, 2002-10-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yer ostidan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga (2002-yil 15-fevral, roʻyxat raqami 1098-son — Meʼyoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-yil, 3-4-son) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab oʻn kun oʻtgach kuchga kiradi.
Moliya vaziri M. NURMURODOV
Toshkent sh.,
2004-yil 6-yanvar,
8-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisiJ. SAYFIDDINOV
Toshkent sh.,
2004-yil 6-yanvar,
2004-08-son
Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2004-yil 6-yanvardagi 8, 2004-08-sonli qaroriga ILOVA
Yer ostidan foydalanganlik uchun soliqni hisoblab chiqarish va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish
1. 2-bandning ikkinchi xatboshisi chiqarib tashlansin.
2. 10-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Yer ostidan foydalanganlik uchun soliq yuridik shaxslar tomonidan soliq solish obyekti va tasdiqlangan stavkalardan kelib chiqib hisoblanadi. Soliq boʻyicha xisob-kitoblar oʻsib boruvchi yakun boʻyicha 2-ilovadagi shaklga muvofiq, hisobot choragidan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmay, yil yakunlari boʻyicha — yillik moliyaviy hisobotni taqdim etish muddatida davlat soliq organlariga taqdim etiladi”
3. 11-bandning “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) rangli tosh xomashyosi, paleontologik qoldiqlar va boshqa geologik kolleksiya materiallari namunalarini toʻplaganlik uchun — har chorakda hisob-kitoblarni takdim etish uchun belgilangan kundan kechiktirmay”.
