3-modda. Asosiy tushunchalar
Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisida (O‘RQ-702-son) · Sana: 23.07.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
fazoviy maʼlumotlar — fazoviy obyektlar toʻgʻrisidagi, shu jumladan ularning joylashgan yeri, shakli va muayyan shaklda hamda fazoviy-vaqt koordinatalari tizimlarida taqdim etilgan boshqa xossalari haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotlar;
fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish — fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlarni yaratish, yigʻish, tizimlashtirish, saqlash, oʻzgartirish, yangilash, vizuallashtirish, ulardan foydalanish, ularni taqdim etish, tarqatish va uzatish boʻyicha bir yoki bir nechta harakatlar yigʻindisini amalga oshirish;
metamaʼlumotlar — fazoviy maʼlumotlarning toʻplamlari, servislari va boshqa xususiyatlarini tavsiflash imkonini beradigan, ularni identifikatsiya qilish, izlash, inventarizatsiyalash va ulardan foydalanish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlar;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportali — geoaxborot resurslari toʻgʻrisidagi metamaʼlumotlarni saqlab turadigan va ulardan foydalanishni Internet jahon axborot tarmogʻi orqali taʼminlaydigan fazoviy maʼlumotlarning internet vositalari va servislarining majmuasi;
fazoviy maʼlumotlardan foydalanuvchi (bundan buyon matnda foydalanuvchi deb yuritiladi) — fazoviy maʼlumotlardan foydalanadigan jismoniy yoki yuridik shaxs;
fazoviy obyektlar — joylashgan yeri belgilangan fazoviy-vaqt koordinatalari tizimida aniqlanishi mumkin boʻlgan tabiiy va sunʼiy obyektlar.
