19-modda. Bazaviy, sohaga oid fazoviy maʼlumotlar va metamaʼlumotlar
Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisida (O‘RQ-702-son) · Sana: 23.07.2021 · Amalda
Fazoviy maʼlumotlar bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlarga boʻlinadi.
Hamma foydalana oladigan, fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish jarayonlari uchun birxillashtirilgan raqamli koordinata-fazoviy asosni tashkil etadigan fazoviy maʼlumotlar bazaviy fazoviy maʼlumotlardir.
Bazaviy fazoviy maʼlumotlar quyidagi obyektlar haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi:
geodeziya, nivelir va gravimetriya tarmoqlarining punktlari;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi, maʼmuriy-hududiy birliklarning chegaralari;
gidrografik obyektlar va gidrotexnika inshootlari;
aholi punktlari va ularning koʻcha-yoʻl tarmogʻi;
sanoat, qishloq xoʻjaligi obyektlari va ijtimoiy-madaniy obyektlar;
binolar va inshootlar;
avtomobil yoʻllari;
temir yoʻllar;
magistral quvurlar;
muhandislik kommunikatsiyalari;
aeroportlar, daryo bandargohlari;
oʻsimlik qoplami va tuproqlar;
yer uchastkalarining chegaralari;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros obyektlari;
aholi punktlarining chegaralari va zonalashtirish obyektlari, shuningdek shahar atrofidagi zonalar;
muhofaza etiladigan zonalar hamda hududlardan foydalanishning alohida shartlariga ega boʻlgan zonalar;
aholi punktlari hududidagi va undan tashqaridagi koʻchalarning reyestrlari hamda obyektlarning manzillari;
geografik obyektlarning nomlari;
joy relyefi;
ortofotoxaritalar, aero- va kosmik suratlar hamda Yerni masofadan turib zond bilan tekshirishga doir ishlarning natijalari.
Bazaviy fazoviy maʼlumotlarda davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni, shuningdek foydalanilishi qonunchilikka muvofiq cheklangan boshqa axborotni tashkil etadigan maʼlumotlar boʻlmasligi kerak.
Bazaviy fazoviy maʼlumotlar asosida yaratiladigan mavzuga oid fazoviy maʼlumotlar sohaga oid fazoviy maʼlumotlardir.
Bazaviy va sohaga oid fazoviy maʼlumotlarga, ularning tarkibi va mazmuniga, ularning metamaʼlumotlariga doir talablar Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini yuritish tartibiga muvofiq hamda boshqa hujjatlarda belgilanadi.
Metamaʼlumotlar fazoviy maʼlumotlar hamda fazoviy maʼlumotlar servislarining tarkibi, tuzilmasi, sifati, ishonchliligi, hududiy qamrovi, vazifalari, ulardan foydalanish, foydalanishni cheklash shartlari, fazoviy maʼlumotlarni ishlab chiqaruvchi, ularning yaratilish vaqti, ularni yangilash davriyligi toʻgʻrisidagi axborotni oʻz ichiga oladi hamda boshqa axborotni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
