11-modda. Fazoviy maʼlumotlar sohasidagi maxsus vakolatli davlat organining vakolatlari
Fazoviy maʼlumotlar toʻgʻrisida (O‘RQ-702-son) · Sana: 23.07.2021 · Amalda
Kadastr agentligi fazoviy maʼlumotlar sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda maxsus vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Maxsus vakolatli davlat organi:
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etadi;
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlari va boshqa dasturlar loyihalarini ishlab chiqadi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining, shuningdek fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni amalga oshiradigan shaxslarning fazoviy maʼlumotlar hamda Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
fazoviy maʼlumotlar sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasini rivojlantirish bilan bogʻliq ishlarning bajarilishini taʼminlaydi;
bazaviy fazoviy maʼlumotlarga ishlov berishni, Fazoviy maʼlumotlar milliy infratuzilmasining geoportalini yaratishga va uning faoliyat koʻrsatishiga doir ishlarni amalga oshiradi;
ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va tajriba-texnologik ishlarni bajaradi, fazoviy maʼlumotlar sohasida texnik va dasturiy vositalar yaratilishini taʼminlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlarni va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
fazoviy maʼlumotlarga ishlov berish jarayonlari ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
fazoviy maʼlumotlar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Maxsus vakolatli davlat organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
