Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-5186-son)
16.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqning bunyodkorlik qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Uchinchi Renessansning ilmiy-maʼnaviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Madaniyat vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini (keyingi oʻrinlarda — Markaz):
“Uchinchi Renessans — Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasini keng targʻib qiluvchi;
mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda oʻrganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi;
moddiy madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bogʻliq qadimiy va boy anʼanalarni targʻib qiluvchi ilmiy-maʼrifiy maskanga aylantirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
2. Quyidagilar Markazning yangilangan asosiy vazifalari etib belgilansin:
muqaddas islom dini bilan bogʻliq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi oʻrnini innovatsion usullar orqali targʻib qilish;
Oʻzbekistonda yuz bergan umummilliy yuksalishlar, tarixiy renessanslarning ildizlari va mazmun-mohiyatini mamlakat aholisi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish boʻyicha zarur choralarni koʻrish;
buyuk ajdodlarning jahon tamadduni, diniy va dunyoviy ilmlar rivojiga qoʻshgan hissasini eng zamonaviy usullar va vositalar orqali yoritib borish;
yoshlarni ilm-maʼrifatga daʼvat etadigan, milliylik va diniylik oʻrtasidagi uygʻunlik mohiyatini keng targʻib qilishga qaratilgan media mahsulotlar, ilmiy ishlanma va tavsiyalarni tayyorlash;
ziyorat turizmining ilmiy asoslari boʻyicha yetarli nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega gid-tarjimonlarni tayyorlash hamda ularning malakasini tizimli oshirib borishni taʼminlash;
ilm-fanning jadal taraqqiyotini koʻrsatib beruvchi sermazmun eksponatlar fondi, qoʻlyozma va zamonaviy nashrlardan iborat boy kutubxonalar tizimini shakllantirish hamda ularning jahon muzeylari va kutubxonalari tarmogʻiga ulanishini taʼminlash;
Oʻzbekiston xalqining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi boʻyicha fundamental tadqiqotlar dasturlari va ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va ularning amalga oshirilishini qoʻllab-quvvatlash;
islom sivilizatsiyasini tadqiq etish sohasining dolzarb ilmiy-nazariy va uslubiy masalalariga bagʻishlangan konferensiyalar, simpoziumlar, koʻrgazmalar va ilmiy maʼruzalar, seminar-treninglar, tanlovlar va boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlarni doimiy tashkil etib borish;
islom sivilizatsiyasi yoʻnalishida amalga oshirilgan yangi tadqiqotlar natijalaridan ilmiy jamoatchilikni xabardor qilib borish, respublika muzeylari va kutubxonalarida ishlayotgan xodimlarning kasbiy salohiyatini oshirish boʻyicha ilmiy-amaliy va uslubiy treninglarni yoʻlga qoʻyish;
Islom tarixi va madaniyati yoʻnalishiga oid bilimlarni oshirish, qadimiy qoʻlyozma, toshbosma va tarixiy hujjatlarni konservatsiya va restavratsiya qilish, qogʻoz, muqovasozlik, xattotlik sanʼatini tiklash, islom manbalarini oʻrganish boʻyicha oʻquv kurslari va Kitobat ilmi maktabini tashkil etish;
“Uchinchi Renessans — Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasining mazmun-mohiyatini, jumladan uning ilm-fan rivoji, dinlararo va millatlararo bagʻrikenglikni taʼminlashdagi roli va ahamiyatini jamoatchilik orasida keng targʻib qilish.
3. Jahon ilm-fani taraqqiyoti va sivilizatsiyasiga hissa qoʻshgan ajdodlar ilmiy merosini tadqiq etish hamda yangi yuksalish davridagi yutuqlarni targʻib qilish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “Yoʻl xaritasi”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlashda tegishli vazirlik va idoralarning birinchi rahbarlari shaxsan masʼul etib belgilansin.
4. Markaz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) tashkil etilsin.
Belgilansinki, Markaz direktori Jamgʻarma mablagʻlarining tasarruf etuvchisi hisoblanadi.
5. Quyidagilar:
a) Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirishning asosiy manbalari etib belgilansin:
Davlat budjeti mablagʻlari;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik koʻmak mablagʻlari va grantlari;
homiylik xayriyalari;
qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;
b) Jamgʻarma mablagʻlari sarflanadigan yoʻnalishlar etib belgilansin:
ilmiy adabiyotlarni yaratish, chop etish, noyob asarlar va hujjatlarni xarid qilish orqali Markaz kitob fondini kengaytirish;
ilmiy tadqiqotlarga koʻmaklashish, tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash uchun grantlar ajratish;
ijtimoiy, ilmiy, maʼnaviy va maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturlarini amalga oshirish, shuningdek, konferensiyalar, seminarlar va boshqa tadbirlarni, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda tashkil qilish;
Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish boʻyicha yagona axborot tizimi faoliyatini taʼminlash;
qadimiy qoʻlyozma asarlar, toshbosma kitoblar va tarixiy hujjatlarni taʼmirlash, muqovalash va tiklash ishlari boʻyicha zamonaviy texnologiyalarga asoslangan laboratoriyani tashkil etish, uni zarur asbob-uskunalar va maxsus materiallar bilan taʼminlash hamda mutaxassislarni laboratoriya faoliyatiga fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb etish;
Internet jahon axborot tarmogʻida buyuk allomalar va mutafakkirlar haqida maʼlumot beruvchi va yangi tadqiqot natijalarini targʻib etishga qaratilgan ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasi faoliyatini taʼminlash;
Markaz faoliyati uchun zarur boʻlgan multimedia va tarmoq qurilmalari hamda dasturiy taʼminotlarni xarid qilish, Markaz faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.
Markaz ikki oy muddatda Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Markaz huzurida Samarqand qogʻozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy anʼanalarini tiklash boʻyicha ustaxona-laboratoriya (keyingi oʻrinlarda — Laboratoriya) tashkil etilsin va Laboratoriya tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot sinovlarining asosiy yoʻnalishlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Laboratoriyani tashkil etish, ayrim asbob-uskunalar, hisoblash texnika vositalari, butlovchi materiallar bilan taʼminlash va ularni oʻrnatish bilan bogʻliq xarajatlar Jamgʻarma mablagʻlari, xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining texnik koʻmak mablagʻlari (grantlari) hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;
Laboratoriya faoliyatiga sohada yetarli darajadagi bilim va ish tajribasiga ega boʻlgan malakali mutaxassislar Markaz tomonidan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilinadi va ularning gonorari (ish haqi) Jamgʻarma hisobidan toʻlanadi;
Laboratoriya tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot sinovlari natijalarini, jumladan Samarqand qogʻozi, muqovasozlik va xattotlik sanʼati ijodiy mahsulini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar Markaz va Laboratoriya faoliyatini rivojlantirishga sarflanadi.
7. Markaz muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash boʻyicha ekspertlik komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tuzilsin hamda uning tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Markaz Fanlar akademiyasi, Turizm va sport vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Komissiya faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisidagi nizom loyihasini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. Markaz va Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tarixiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish, ularning holatini doimiy monitoring qilish boʻyicha masʼul davlat muassasalari etib belgilansin.
Markaz bir oy muddatda davlat tasarrufidagi barcha muzey, kutubxona, arxiv fondlari va boshqa davlat muassasalaridagi qadimiy qoʻlyozma va toshbosma manbalar roʻyxatini shakllantirsin.
9. Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
Markaz tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida tarixiy yozma manbalarning bosqichma-bosqich Markaz tasarrufiga oʻtkazilishi boʻyicha choralarni koʻrsin;
islom sivilizatsiyasi va ziyorat turizmining ilmiy asoslari boʻyicha yetarli nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarga ega gid-tarjimonlarni tayyorlash hamda ularning malakasini doimiy oshirib borish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Islom sivilizatsiyasi va ziyorat turizmi yoʻnalishida gid-ekskursovodlarni yetishtirish boʻyicha Markaz huzurida malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etsin;
Markazni yuqori malakali, chuqur bilim va amaliy ish tajribasiga ega kadrlar bilan toʻldirish choralarini koʻrsin.
10. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Markaz bilan birgalikda 2022-yil 1-yanvarga qadar:
Markaz tarkibidagi kutubxona, arxiv hamda muzeyda saqlanayotgan qoʻlyozma va toshbosma kitoblar, tarixiy dalil va hujjatlar, arxeologik topilmalarni raqamlashtirish choralarini koʻrsin;
raqamlashtirilgan barcha maʼlumotlarni oʻzida aks ettiruvchi mobil ilovani ishga tushirsin va aholi orasida uning keng targʻibotini amalga oshirsin;
Markaz rasmiy veb-sayti, maʼlumotlar bazasi va mobil ilova oʻrtasida maʼlumotlar almashinuvi integratsiyasini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 4-ilovaga muvofiq qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilsin.
12. Markaz uning asosiy binosi boʻyicha qurilish-montaj ishlari yakuniga yetgunga qadar Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy koʻchasi, 11-uy manzilidagi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi binosiga bepul foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
13. Moliya vazirligi mazkur qarorga asosan joriy yilda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish ishlari uchun 2021-yilgi Davlat budjeti parametrlari doirasida mablagʻlar ajratilishini, 2022-yildan boshlab esa kelgusi yillarda amalga oshirishi belgilangan vazifalar uchun Davlat budjeti parametrlarida zarur mablagʻlarning nazarda tutilishini taʼminlasin.
14. Markaz manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etish, tegishli idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilishga masʼul hamda shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.Sh. Minovarov belgilansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 16-iyul,
PQ-5186-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyuldagi PQ-5186-son qaroriga 1-ILOVA
Jahon ilm-fani taraqqiyoti va sivilizatsiyasiga hissa qoʻshgan ajdodlar ilmiy merosini tadqiq qilish hamda yangi yuksalish davridagi yutuqlarni targʻib qilish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyuldagi PQ-5186-son qaroriga 2-ILOVA
Samarqand qogʻozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy anʼanalarini tiklash boʻyicha ustaxona-laboratoriya tomonidan oʻtkaziladigan tadqiqot sinovlarining
ASOSIY YOʻNALISHLARI
1. Samarqand qogʻozining qadimiy ishlab chiqarish texnologiyasini tiklash hamda muqovasozlik va xattotlik sanʼatining ilmiy asoslarini oʻrganish.
2. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida saqlanayotgan Samarqand qogʻoziga yozilgan qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlar varaqlarini ilmiy tadqiq qilish.
3. Eskirgan va yaroqsiz holatga kelgan qadimiy qoʻlyozma va toshbosma kitoblar hamda asarlarni zamonaviy texnologiyalar asosida taʼmirlash, muqovalash va tiklash boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish.
4. Mamlakatimizdagi fondlarda saqlanayotgan qoʻlyozma kitob va hujjatlarni taʼmirlash uchun yaroqli qogʻoz turlarini yaratish.
5. Xorijlik sayohatchilar, qadimiy Samarqand qogʻozi muxlislari va anʼanaviy miniatura sanʼati bilan shugʻullanayotgan rassomlar uchun qogʻoz namunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish.
6. Anʼanaviy Samarqand qogʻozi ustida ilmiy-amaliy tadqiqot oʻtkazish istagida boʻlgan fuqarolar uchun ilmiy-tadqiqot materiallarini tayyorlash.
7. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyiga tashrif buyuruvchilar uchun Samarqand qogʻozini ishlab chiqarish, muqovasozlik va xattotlik sanʼati boʻyicha jonli ekspozitsiyani yaratish.
8. Muqovasozlik va xattotlik sanʼati boʻyicha Markazda oʻquv kurslarini joriy qilish hamda aholi oʻrtasida ushbu noyob sanʼat turlari boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqot natijalarini keng targʻib qilish.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyuldagi PQ-5186-son qaroriga 3-ILOVA
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyalari va kutubxonasi fondini shakllantirish, aholidan xarid qilinadigan qoʻlyozma, toshbosma, bosma asarlar, tarixiy hujjatlar, eksponatlarni tahlil qilish, saralash, ularning noyobligini aniqlash va baholash boʻyicha ekspertlik komissiya
TARKIBI
1.A. Mansurov —Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktorning ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha oʻrinbosari, Komissiya raisi2.Sh. Ziyodov —Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori3.I. Daminov—Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori4.V. Fayziyeva —Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyi direktori5.J. Ismoilova —Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi direktori6.X. Fayziyev —Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori7.Lavozim boʻyicha—Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori8.Sh. Sadikov —“Oʻzarxiv” agentligi direktorining oʻrinbosari9.M. Usmonov —Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Manbalar xazinasi” boʻlimi mudiri10.Sh. Islomov —Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Sharq qoʻlyozmalari fondi boʻlimi mudiri11.K. Maxkamov —Oʻzbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasi mudiri12.M. Kenjayev —Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi islom dini merosini saqlash boʻlimi boshligʻi13.D. Muxsimov —Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bosh yuriskonsulti, Komissiya kotibi
Izoh: Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, ushbu lavozimlarga tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar tarkibga kiritiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 16-iyuldagi PQ-5186-son qaroriga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
QOʻSHIMCHA VA OʻZGARTIRISHLAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 23-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3080-son qarorida:
a) 5-band:
quyidagi mazmundagi uchinchi va toʻrtinchi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“2021-yil 1-avgustdan boshlab Markaz direktori, uning ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha oʻrinbosari, ilmiy maslahatchisi va ilmiy xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 18-avgustdagi “Ilmiy xodimlar mehnatini yanada ragʻbatlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 233-sonli qarorida nazarda tutilgan bazaviy lavozim maoshlari 2,3 baravar oshirilgan holda tatbiq etiladi.
Bunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 16-apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5416-son Farmonida nazarda tutilgan oshirilgan koeffitsiyentlar Markaz direktori, uning ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha oʻrinbosari, ilmiy maslahatchisi va ilmiy xodimlariga tatbiq etilmaydi.”;
uchinchi xatboshi beshinchi xatboshi deb hisoblansin;
b) 1-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining TUZILMASI
Vasiylik kengashi Ilmiy maslahatchi Direktor Ilmiy kotib Direktorning ilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha oʻrinbosari Direktorning axborot texnologiyalari masalalari boʻyicha oʻrinbosari Direktorning ekspluatatsiya va xoʻjalik ishlari boʻyicha oʻrinbosari Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi 3 Ilmiy-tadqiqotlar boʻlimi 5 Kompyuter va axborot-texnologiyalari boʻlimi 5 Xoʻjalik boʻlimi 8 Kadrlar boʻlimi 2 Islom dini merosini saqlash boʻlimi 3 Yuridik boʻlim 2 Axborot-multimedia boʻlimi 15 Xalqaro aloqalar va protokol boʻlimi 3 Manbashunoslik va qoʻlyozmalar boʻlimi 5 Kutubxona va arxiv hujjatlari boʻlimi 8 Ijro nazorati va devonxona boʻlimi 3 Ziyorat turizmi ilmiy-tadqiqot boʻlimi 2 Samarqand qogʻozi, muqovasozlik va xattotlikning qadimiy anʼanalarini tiklash boʻyicha ustaxona-laboratoriya Malaka oshirish va oʻquv kurslari Moliya-hisob boʻlimi 3 Muzey va eksponatlar ilmiy boʻlimi 21 Birinchi boʻlim 1 Nashrlar boʻlimi 5
Izoh: Xodimlarining cheklangan umumiy soni — 100 nafar, shu jumladan boshqaruv xodimlari — 79 nafar.”;
v) 2-ilovaning matni quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirish boʻyicha vasiylik kengashining TARKIBI
1. A. Aripov — Bosh vazir, Vasiylik kengashi raisi 2. Sh. Minovarov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi 3. X. Sultonov — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi-Spichrayteri 4. B. Musayev — Bosh vazir oʻrinbosari 5. J. Qoʻchqorov — Bosh vazir oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri 6. S. Umurzakov — Bosh vazir oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdovaziri 7. A. Abduhakimov — Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri 8. A. Komilov — tashqi ishlar vaziri 9. O. Nazarbekov — madaniyat vaziri 10. A. Toshqulov — oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri 11. T. Ishmetov — moliya vaziri 13. R. Davletov — adliya vaziri 12. B. Zokirov — qurilish vaziri 13. M. Azimov — Davlat bojxona qoʻmitasi raisi 14. J. Artikxodjayev — Toshkent shahar hokimi 15. A. Usmonov — Rossiyalik tadbirkor 16. S. Toshboyev — Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi 17. U. Alimov — Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy 18. B. Yoʻldoshev — Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti 19. J. Ismoilova — Oʻzbekiston davlat tarixi muzeyi direktori 20. M. Xodjimatov — Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari 21. Lavozimi boʻyicha — Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktoriningilmiy-tadqiqot ishlari boʻyicha oʻrinbosari, Vasiylik kengashi kotibi
Izoh. Vasiylik kengashi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimlarga yangidan tayinlangan yoki zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar kiritiladi”.
