“Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini moliyalashtirishga “Intesa San Paolo” bankining kreditini Italiyaning “SACE” davlat eksport-kredit agentligining sugʻurta qoplamasi ostida jalb qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (447-son)
14.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 24-sentabrdagi PQ-4840-son qaroriga muvofiq hamda tabiiy gaz isteʼmolining aniq hisob-kitobini yuritish va toʻlovlarning amalga oshirilishida shaffoflikni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini (keyingi oʻrinlarda — loyihasi) amalga oshirish doirasida “Intesa San Paolo” bankining (Italiya) 250,0 mln AQSH dollari miqdoridagi kreditini Italiyaning “SACE” davlat eksport-kredit agentligining sugʻurta qoplamasi ostida jalb qilish toʻgʻrisida kelishuvga erishilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. “Hududgaztaʼminot” AJ tomonidan loyihani amalga oshirish doirasida “Intesa San Paolo” banki bilan 250,0 mln AQSH dollari miqdorida kredit shartnomasini 96 oy muddatda qaytarish sharti bilan 6-oylik Libor + yillik 1,30 foiz stavkada imzolanishi va “SACE” davlat eksport kredit agentligining sugʻurta qoplamasi uchun yigim toʻlovini “Intesa San Paolo” bankiga oʻz mablagʻlari hisobidan bosqichma-bosqich toʻlab berilishi maʼqullansin.
3. “Intesa San Paolo” banki tomonidan “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini moliyalashtirish uchun ajratiladigan kreditni soʻndirish, foiz va vositachilik toʻlovlarini toʻlashning prognoz jadvali ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Intesa San Paolo” bankiga “Hududgaztaʼminot” AJning majburiyatlari boʻyicha kredit shartnomasi talablari asosida Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatini belgilangan tartibda bersin.
