29-modda. Litsenziyani va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishni rad etish
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-701-son) · Sana: 14.07.2021 · Amalda
Litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish toʻgʻrisidagi arizani rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish uchun zarur boʻlgan hujjatlarning talabgor tomonidan toʻliq boʻlmagan hajmda taqdim etilganligi;
talabgorning litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlariga muvofiq emasligi;
qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun bir yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shugʻullanish taqiqlanganligi;
talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjudligi;
faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarga muvofiq oʻtkazilishi majburiy boʻlgan oʻrganishlar, tadqiqotlar, tekshirishlar yoki boshqa ilmiy hamda texnik baholashlarning yakunlari boʻyicha asoslantirilgan salbiy xulosa olinganligi.
Litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berishni maqsadga muvofiq emas degan vajlar bilan yoxud boshqa asoslarga koʻra, shu jumladan quyidagi hollarda rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi:
xodimlarning kasbiy malakasi qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
taqdim etilgan hujjatlar va dasturlar qonunchilikda belgilangan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
litsenziya va ruxsat berish talablari hamda shartlariga muvofiq foydalaniladigan bino va inshootlar sanitariya-epidemiologik hamda yongʻin xavfsizligi talablariga muvofiq boʻlmaganda.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi va ikkinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollar aniqlanganda, agar arizada bartaraf etish mumkin boʻlgan kamchiliklar mavjud boʻlsa, vakolatli organ ularni bartaraf etish uchun talabgorga muddat beradi. Kamchiliklarni bartaraf etish zarurligi toʻgʻrisidagi xabarnoma vakolatli organ tomonidan maxsus elektron tizim vositasida elektron shaklda talabgorga bir ish kuni ichida yuboriladi.
Xabarnoma taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish usullari, shuningdek talabgor koʻrsatilgan sabablarni bartaraf qilib, tegishli hujjatlarni koʻrib chiqish uchun takroran taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi. Xabarnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻladigan vaqtga mutanosib boʻlishi, lekin ushbu muddat oʻttiz ish kunidan ortiq boʻlmasligi kerak.
