11-modda. Litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlari
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-701-son) · Sana: 14.07.2021 · Amalda
Litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlari faoliyatning har bir turi boʻyicha alohida-alohida maxsus elektron tizim vositasida elektron shaklda yuritiladi. Reyestrlardagi axborot ochiqdir.
Litsenziyalar, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar reyestrlarida quyidagilar aks ettiriladi:
yuridik shaxs uchun — nomi, joylashgan yeri (pochta manzili), soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
jismoniy shaxs uchun — familiyasi, ismi, otasining ismi, jismoniy shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjat maʼlumotlari, jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR), faoliyat (harakatlar) amalga oshiriladigan manzil;
xabardor qilish talab etiladigan faoliyat (harakatlar) turlarini amalga oshiruvchi filiallar va vakolatxonalar toʻgʻrisidagi axborot;
berilgan litsenziyalarning, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning va xabarnomalar sanasi va tartib raqamlari;
cheklangan amal qilish muddatiga beriladigan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar uchun — litsenziyalarning va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarning amal qilish muddatlari;
amalga oshirilishi uchun litsenziyalar yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat talab qilinadigan, shuningdek xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat (harakatlar) turi (kichik turi);
litsenziyalarni va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni qayta rasmiylashtirish, ularning amal qilishini uzaytirish, toʻxtatib turish, qayta tiklash, tugatish, ularni bekor qilish asoslari hamda sanalari;
litsenziyalarni chaqirib olish asoslari va sanalari;
xabardor qiluvchining faoliyatini (harakatlarini) toʻxtatib turish, qayta tiklash, tugatish, faoliyatni (harakatlarni) xabardor qilish tartibida amalga oshirishga doir taqiqning muddati toʻgʻrisidagi axborot;
litsenziyaga, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatga oʻzgartishlar kiritish, shuningdek xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatni (harakatlarni) oʻzgartirish haqidagi xabarnomani yuborish asoslari hamda sanalari;
faoliyatni (harakatlarni) xabardor qilish tartibida amalga oshirishga doir taqiqning qolgan muddati.
