1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi
Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida (O‘RQ-701-son) · Sana: 14.07.2021 · Amalda
Ushbu Qonunning maqsadi litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi:
intellektual mulk obyektlaridan foydalanish, shuningdek kompleks tadbirkorlik litsenziyasi shartnomasi (franshizing toʻgʻrisidagi shartnoma) asosida amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati;
tadbirkorlik subyektlarini, bitimlarni, huquqlarni va mol-mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish hamda hisobga qoʻyish;
akkreditatsiya qilish, sertifikatlashtirish, standartlashtirish, metrologiya va texnik jihatdan tartibga solish;
davlat ekologik ekspertizasi;
atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat;
ushbu Qonunning 2-ilovasida koʻrsatilmagan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni jismoniy shaxslarga berish bilan bogʻliq munosabatlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Ushbu Qonunning 1, 2 va 3-ilovalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki vakolatlariga taalluqli boʻlgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari tegishli faoliyat sohalaridagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlarda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu Qonunning 1, 2 va 3-ilovalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining vakolatlariga taalluqli boʻlgan litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari tegishli faoliyat sohalaridagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Ushbu Qonunning 1-ilovasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligining vakolatlariga taalluqli boʻlgan litsenziyalash tartib-taomillari tegishli faoliyat sohalaridagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
