16-modda Ekspluatatsiya qilinish, zoʻravonlik va tahqirlashlardan ozod boʻlish
Nogironlar huquqlari toʻgʻrisida · Sana: 13.12.2006 · Amalda
1. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarni uylarida ham, uning tashqarisida ham ekspluatatsiya, zoʻravonlik va tajovuz qilishning barcha shakllaridan, shu jumladan gender sababi bilan bogʻliq jihatlardan himoya qilish uchun barcha zarur qonunchilik, maʼmuriy, ijtimoiy, maʼrifiy va boshqa choralarni koʻradi.
2. Ishtirok etuvchi davlatlar ekspluatatsiya, zoʻravonlik va tajovuzning barcha shakllarining oldini olish uchun zarur choralarni, jumladan nogironlarning yosh-jins xususiyatini hisobga olgan holda ularga, ularning oilalariga va nogironlarni parvarish qilayotgan shaxslarga yordam berish hamda ularni qoʻllab-quvvatlash, shu jumladan ekspluatatsiya, zoʻravonlik va tajovuz koʻrinishlariga duchor boʻlmaslik, bunday holatlarni aniqlash va xabar berish yoʻllari bilan tanishtirish, bu masaladagi xabardorliklarini oshirish uchun barcha zarur choralarni koʻradi. Ishtirok etuvchi davlatlar himoya taqdim etish boʻyicha xizmatlar nogironlikning yosh-jins xususiyatlari va omillarini hisobga olgan holda koʻrsatilishini taʼminlaydi.
3. Ishtirok etuvchi davlatlar ekspluatatsiya, zoʻravonlik va tajovuzning barcha shakllarining oldini olishga intilib, nogironlarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan barcha muassasalar va dasturlar mustaqil organlar tomonidan samarali nazorat qilinishini taʼminlaydi.
4. Ishtirok etuvchi davlatlar ekspluatatsiya, zoʻravonlik yoki tajovuzning har qanday shaklidan jabr koʻrgan nogironlarni jismoniy, kognitiv va psixologik tiklash, reabilitatsiya va ijtimoiy qayta integratsiyalashga yordam berish, shu jumladan himoya taqdim etish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish orqali yordam berish uchun zarur choralarni koʻradi. Bunday tiklash va qayta integratsiyalash tegishli shaxsning salomatligini, holatini, oʻziga hurmatni, qadr-qimmatini va mustaqilligini mustahkamlashga yordam beradigan vaziyatda amalga oshirilmoqda hamda yosh-jins xususiyatlari bilan bogʻliq ehtiyojlar hisobga olinadi.
5. Ishtirok etuvchi davlatlar nogironlarga nisbatan ekspluatatsiya, zoʻravonlik va tajovuz holatlari aniqlanishi, surishtirilishi va zarur holatlarda taʼqib etilishi uchun samarali qonunchilik va strategiyani, shu jumladan ayollar va bolalarga moʻljallangan qonunchilik va strategiyani qabul qiladi.
