Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-5178-son)
08.07.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos jun yoʻnalishlaridagi mayda shoxli mollarni koʻpaytirish, ozuqa bazasini rivojlantirish, teri va junni qayta ishlash, ulardan yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash, yaylov maydonlarida tabiiy ravishda oʻsuvchi kavrak plantatsiyalari zaxiralaridan barqaror foydalanish, shuningdek, pillachilik tarmogʻi ozuqa bazasini koʻpaytirish, eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki:
a) 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2025-yil 1-yanvarga qadar:
har yili yetishtiriladigan pilla (hoʻl pilla) hosilining bir kilogrammi uchun 5 ming soʻm miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga respublika budjeti hisobidan subsidiya ajratiladi;
tutzorlarni sugʻorish uchun foydalanilgan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qoʻllaniladi;
b) oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar jun yoʻnalishidagi qoʻylarni, shuningdek, qoʻlda jun yigirish, ipak matolari, gilam va kigiz toʻqish uskunalarini sotib olishga ham yoʻnaltiriladi;
g) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4539-son qarori 9-bandida nazarda tutilgan moliyalashtirish tartibi, istisno tariqasida, qoʻlda jun yigiruvchi, gilam va kigiz toʻquvchi hamda qoʻy va echki terilaridan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi hunarmandlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 9-fevraldagi “Qorakoʻlchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4984-son qarori bilan Moliya vazirligi tomonidan qorakoʻlchilik sohasini yanada rivojlantirish maqsadida 200 milliard soʻm mablagʻ ajratilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
a) mazkur mablagʻlarning 50 milliard soʻm qismi 1-bosqich sifatida jun yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanlardagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan loyihalarni amalga oshirish uchun belgilangan tartibda kredit ajratishga yoʻnaltiriladi.
Bunda, ixtisoslashtirilgan tumanlarda mazkur mablagʻlar hisobidan:
respublika iqlimiga mos jun yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni import qilish orqali ularning soni oshiriladi;
yaylovlarda ozuqabop ekinlarni yetishtirish hajmi va yem ishlab chiqarish quvvatlari oshiriladi, jun qirqish va yigʻish shoxobchalari tashkil etiladi;
junni qayta ishlash quvvatlari tashkil etiladi hamda aholi junni qayta ishlash va undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish yoʻnalishida hunarmandchilikka oʻrgatiladi;
b) 2-bosqichda — 2022-yil 1-aprelga qadar Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 50 million AQSH dollari ekvivalenti miqdoridagi mablagʻlar 1-bosqich mablagʻlarining ishlatilishi natijalariga koʻra tijorat banklari orqali belgilangan tartibda kredit ajratishga yoʻnaltiriladi.
3. Quyidagilar:
Hunarmandchilik asosida qoʻlda shoyi matolar, shu jumladan aʼlo baxmal toʻqish hajmini oshirish va toʻqilgan matolarni respublikada keng targʻib qilish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2021 — 2025-yillarda pillachilik klasterlari tomonidan tutzorlarda hamda paxta va gʻalla maydonlari atrofida tut koʻchatlarini ekish prognoz koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Bunda, 2-ilovaga muvofiq ekiladigan tut koʻchatlari “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibidagi pillachilik klasterlarining mablagʻlari hisobidan ekiladi.
4. 2021 — 2025-yillarda:
Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi har yili 30 million tup;
Qishloq xoʻjaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Akademik M. Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti har yili 10 million tup tut koʻchatlari yetishtirib berishni taʼminlasin.
5. Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasi, Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasi va uyushma aʼzolarining:
Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasini Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) deb qayta nomlash;
Respublika “Qorakoʻlchilik” uyushmasini “Yaylov xoʻjaligini rivojlantirish” uyushmasi (keyingi oʻrinlarda — Uyushma) deb qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
6. Belgilansinki, Qoʻmitaning doimiy egaligidagi yaylovlar hududida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan dorivor oʻsimliklarni, shu jumladan kavrak oʻsimligini yigʻish, ekish va yetishtirish Qoʻmita bilan tuzilgan ijara shartnomalari asosida va unda belgilangan hududlarda amalga oshiriladi.
7. Quyidagilarga qoʻshimcha vazifalar yuklansin:
a) Qoʻmitaga:
junni qayta ishlash sanoatida raqobatni rivojlantirish, jun yetishtirish va uni qayta ishlash yoʻnalishidagi tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash;
junni qayta ishlashga hunarmandlarni keng jalb qilish orqali aholi bandligini taʼminlashga va ularning daromadini oshirishga koʻmaklashish;
xorijiy investitsiyalar, jumladan xalqaro moliya institutlarining mablagʻlarini jalb qilish yoʻli bilan sohani rivojlantirish;
b) Uyushmaga:
jun yoʻnalishidagi mayda shoxli mollarni koʻpaytirish, jun ishlab chiqarish hajmini oshirish va uni chuqur qayta ishlash;
Qoʻmitaning doimiy egaligidagi yaylovlar hosildorligini oshirish, yaylov oʻsimliklari urugʻchiligini yoʻlga qoʻyish va kavrak plantatsiyalarini tashkil etishga koʻmaklashish, shuningdek, tabiiy holda oʻsuvchi kavrak oʻsimliklaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish;
respublika hududlarining tabiiy-iqlim sharoitlariga mos keladigan ozuqabop oʻsimliklar hamda kavrakni plantatsiyalarda yetishtirishni tashkil etish va tayyor mahsulotni yetkazib berish boʻyicha takliflar tayyorlash;
respublika hududlarida kavrakni sanoat usulida yetishtirish hajmini koʻpaytirish choralarini koʻrish, mahsulotni sotish bozorlarini kengaytirish maqsadida marketing tadqiqotlarini olib borish, eksport hajmini oshirish boʻyicha amaliy yordam koʻrsatish.
kavrak plantatsiyasini tashkil etuvchilarga plantatsiya tashkil etish va xom ashyo yetishtirish yuzasidan metodik yordam koʻrsatish va tavsiyalar ishlab chiqish;
ishlab chiqilgan innovatsion texnologiyalarni kavrak yetishtirish jarayoniga joriy qilish uchun ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;
kavrak yetishtirishga jalb etiladigan mutaxassislarni plantatsiyalarda agrotexnik tadbirlarni toʻgʻri amalga oshirish boʻyicha oʻqitish uchun maxsus tayyorlov kurslarini tashkil etish.
8. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga ular tomonidan yetishtirilib, eksportga sotilgan har bir dona qorakoʻl va qorakoʻlcha terilari uchun;
yetishtiriladigan pilla (hoʻl pilla) hosilining bir kilogrammi uchun Davlat budjeti hisobidan ajratiladigan subsidiya Qoʻmita tomonidan beriladi.
Moliya vazirligi 2022-yildan boshlab budjet parametrlarini shakllantirishda tegishli mablagʻlarning Qoʻmitaga ajratib borilishini taʼminlasin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2022-yil 1-yanvarga qadar Qoʻmita taklifiga asosan qoʻy va uning goʻshti hamda goʻsht va ipak mahsulotlarini eksport qilishda import bojlarini bekor qilish masalasini shunday import bojlari mavjud boʻlgan xorijiy davlatlar bilan oʻtkaziladigan hukumatlararo komissiya majlislarining kun tartibiga kiritsin.
10. Qoʻmita:
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar Fargʻona, Namangan va Andijon viloyatlarida, 2025-yilga qadar respublikaning boshqa hududlarida qoʻl mehnati uchun uskunalar xarid qilishga subsidiya ajratish tizimidan keng foydalangan holda, aʼlo baxmal ishlab chiqarish hajmini 1 million metrga yetkazish choralarini koʻrsin. Bunda, Fargʻona viloyati hokimligi va tadbirkorlik subyektlarining davlat-xususiy sheriklik asosida Fargʻona viloyatining tumanlarida Ipakchilik-hunarmandchilik markazlarini tashkil etish tajribasi Namangan va Andijon viloyatlarida ham tatbiq etilishi taʼminlansin;
Madaniyat vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi, Turizm va sport vazirligi hamda Transport vazirligi bilan birgalikda xalqaro tadbirlarda ishtirok etuvchi hamda taʼlim muassasalarida, avia va temir yoʻllar tizimida xizmat koʻrsatuvchi ayollar kiyimida, shuningdek, respublikaning diqqatga sazovor joylarida milliy ipak matolaridan foydalanish boʻyicha amaliy choralarni koʻrsin.
11. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Qoʻmitaning asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq, har yili 1-oktabrga qadar keyingi yil uchun qoʻl mehnati uchun uskunalar xarid qilish boʻyicha xarajatlarni qoplashga beriladigan subsidiyalar miqdorini shakllantirsin va belgilangan tartibda ajratib borilishini taʼminlasin.
12. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari:
tumanlarda zamonaviy pillani qayta ishlashga ixtisoslashgan korxona faoliyatini yoʻlga qoʻyish uchun yetarli boʻlgan ozuqa bazasining yaratilishini;
Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda ishsiz aholi roʻyxatining shakllantirilishini, ular pillachilik klasterlariga biriktirilishini hamda pilla yetishtirib, daromad topish boʻyicha targʻibot ishlarining olib borilishini taʼminlasin.
13. Innovatsion rivojlanish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022-yil 1-iyulga qadar ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasi talablariga muvofiq ipak qurti urugʻchiligi, tutchilik va choʻl-yaylov ozuqabop ekinlar seleksiyasi, yetishtirish agrotexnikasi sohasidagi mavjud muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan tadqiqot loyihalarining tanlov asosida shakllantirilishini va zarur mablagʻlar ajratilishini taʼminlasin.
14. Davlat bojxona qoʻmitasi Qoʻmita bilan birgalikda qoʻlda toʻqilgan gilamlar eksporti hajmini oshirish maqsadida xorijiy davlatlardan respublika hududiga olib kirilayotgan tayyor va yarim tayyor gilamlarni “bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimida qayta ishlab, eksport qilishda tadbirkorlik subyektlariga barcha zaruriy sharoitlarni yaratsin.
15. Qoʻmita, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va uning tarkibidagi korxonalarning 2022-yilda yetishtiriladigan pilla (tirik pilla) xarid narxini 10 foizga oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
16. Qoʻmita manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
qorakoʻlchilik xoʻjaliklariga ularda yetishtirilib eksportga sotilgan har bir dona qorakoʻl va qorakoʻlcha terilari hamda yetishtiriladigan pilla (tirik pilla) hosili uchun subsidiyalar ajratish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi raisi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har chorak yakuni boʻyicha axborot kiritib borilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-iyul,
PQ-5178-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PQ-5178-son qaroriga1-ILOVA
Hunarmandchilik asosida qoʻlda shoyi matolar, shu jumladan aʼlo baxmal toʻqish hajmini oshirish va toʻqilgan matolarni respublikada keng targʻib qilish boʻyicha
CHORA-TADBIRLAR DASTURI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyuldagi PQ-5178-son qaroriga2-ILOVA
2021 — 2025-yillarda pillachilik klasterlari tomonidan tutzorlarda hamda paxta va gʻalla maydonlari atrofida tut koʻchatlarini ekish
PROGNOZ KOʻRSATKICHLARI
