5-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son) · Sana: 06.07.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi va oʻz vakolatlari doirasida quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha faoliyat olib boradi:
qoʻriqlanadigan shaxslarning xavfsizligini taʼminlash hamda qoʻriqlanadigan obyektlarni tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish, mazkur sohadagi huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish;
qoʻriqlanadigan shaxslarga tajovuzlar qilinishining oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish boʻyicha kontrrazvedka faoliyati;
tezkor-qidiruv faoliyati, oʻz yurituviga taalluqli ishlar boʻyicha tergovga qadar tekshiruv oʻtkazish;
Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlarida prezident maxsus aloqa tarmogʻining xavfsizligi taʼminlanishi ustidan nazorat qilish;
qoʻriqlanadigan shaxslarning manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklarning sodir etilishiga imkon beruvchi sabablar hamda shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining jangovar va safarbarlik shayligi holatini takomillashtirish hamda saqlab turish, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda va harbiy holat joriy qilinganda kuch va vositalarni harakatlarga tayyorlash.
