34-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilarini huquqiy himoya qilish kafolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son) · Sana: 06.07.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari xizmat majburiyatlarini bajarishi chogʻida hokimiyat vakillari hisoblanadi va davlat himoyasida boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilish, ularning shaʼni va qadr-qimmatini haqorat qilish, ularga qarshilik koʻrsatish, ularga nisbatan tahdid yoki zoʻrlik qilish, xizmat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan ularning hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga tajovuz qilish qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchisi xizmat majburiyatlarini yoki xizmat burchini bajarishi munosabati bilan uning mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan toʻliq hajmda qoplanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari xizmat safariga yuborilganda, boʻsh joy mavjudligidan yoki mavjud emasligidan qatʼi nazar, transportning barcha turlariga yoʻl chiptalarini navbatsiz olish va mehmonxonalarga navbatsiz joylashish huquqidan foydalanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilarini ularning xizmat majburiyatlari jumlasiga kirmaydigan vazifalarni bajarishga jalb qilish taqiqlanadi. Bevosita va toʻgʻridan-toʻgʻri boshliqlaridan tashqari, hech kim ularning xizmat faoliyatiga aralashishga haqli emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchisi bevosita hamda toʻgʻridan-toʻgʻri boshliqlarining oʻziga nisbatan qabul qilinadigan qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining yuqori turuvchi mansabdor shaxsiga shikoyat qilish huquqiga ega.
