25-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari tomonidan maxsus vositalarni qoʻllash
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida (O‘RQ-700-son) · Sana: 06.07.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining qurollanishida mavjud boʻlgan maxsus vositalarni quyidagi hollarda qoʻllash huquqiga ega:
1) qoʻriqlanadigan shaxslarga, qoʻriqlanadigan obyektlarga va transport vositalariga qilingan hujumni qaytarishda yoki hujum qilish tahdidining oldini olishda, xuddi shuningdek ularni tutqinlikdan ozod qilishda;
2) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga, Oʻzbekiston Respublikasining davlat organlari va boshqa tashkilotlari vakillariga, shuningdek fuqarolarga qilingan hujumni qaytarishda yoki hujum qilish tahdidining oldini olishda yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilariga koʻrsatilayotgan boʻysunmaslik va qarshilikka barham berishda;
3) huquqbuzarlarni va qurolli qarshilik koʻrsatmoqchi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilarining oʻz zimmasiga yuklatilgan xizmat majburiyatlarini bajarishiga boshqacha tarzda monelik qilmoqchi deb hisoblash uchun oʻziga nisbatan yetarli asoslar mavjud boʻlgan shaxslarni ushlashda va ularni ichki ishlar organlariga olib borishda;
4) qoʻriqlanadigan shaxslar faoliyatiga monelik qiladigan yoki qoʻriqlanadigan obyektlarga kirib olish tahdidini yuzaga keltiradigan ommaviy tartibsizliklarga va guruh boʻlib qilingan harakatlarga barham berishda;
5) qoʻriqlanadigan shaxslar yoki obyektlar xavfsizligiga tahdid soluvchi transport vositasini toʻxtatish zarur boʻlganda;
6) sovuq yoki oʻqotar qurol, oʻq-dorilar, portlovchi, kuchli taʼsir etuvchi kimyoviy va zaharli moddalar qonunga xilof ravishda oʻzida mavjud boʻlgan shaxslarni qurolsizlantirish zarur boʻlganda;
7) tajovuzkor hayvonlarni zararsizlantirishda;
8) qoʻriqlash tadbirlari oʻtkaziladigan zonada yoki qoʻriqlanadigan obyektlar hududi uzra samoviy hududni uchuvchisiz uchish apparatlari bilan buzishlarga barham berishda.
Maxsus vositalarni qoʻllash quyidagi hollarda taqiqlanadi:
1) tez alanga oluvchi, zaharli, portlovchi moddalar yoki maxsus vositalarning tarkibiy qismlari bilan taʼsirga kirishganda odamlarning hayoti va sogʻligʻi uchun katta xavf tugʻdiruvchi moddalar ishlab chiqariladigan, saqlanadigan binolarda, xonalarda yoki ushbu moddalar tashiladigan transport vositalari yaqinida;
