“9-modda. Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlariga va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga taqdim etish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-697-son) · Sana: 28.06.2021 · Amalda
Bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar prokurorning sanksiyasi bilan quyidagilarga taqdim etiladi:
prokuratura, dastlabki tergov va surishtiruv organlariga ularning ish yurituvidagi jinoyat ishlari boʻyicha holatlarni aniqlash, shuningdek yetkazilgan zararni undirishni yoki mol-mulkni xatlashni taʼminlash maqsadida — tergovchining yoxud surishtiruvchining asoslantirilgan qaroriga koʻra;
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga ularning ish yurituvidagi tezkor-qidiruv ishlari boʻyicha oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish maqsadida — tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan asoslantirilgan qaror asosida.
Prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlari va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar oʻz ish yurituvidagi jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv ishlari boʻyicha banklarda hisobvaraqlar mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining maʼlumotlar bazasidan avtomatlashtirilgan rejimda olishi mumkin”;
4) 12-moddaning birinchi qismidagi “prokuratura, tergov va surishtiruv organlariga” degan soʻzlar “prokuratura, dastlabki tergov, surishtiruv organlariga va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlarga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
2-modda. Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 25-dekabrda qabul qilingan “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”gi OʻRQ-344-sonli Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2012-yil, № 12, 335-modda; 2016-yil, № 4, 125-modda; 2017-yil, № 9, 506-modda, № 10, 605-modda; 2019-yil, № 1, 5-modda, № 2, 47-modda, № 9, 589-modda, № 12, 891-modda; 2020-yil, № 12, 689-modda; 2021-yil, 4-songa ilova) quyidagi oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritilsin:
1) 14-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“maʼlumotlar toʻplash — tezkor-qidiruv faoliyatining vazifalarini hal etish uchun hujjatlarni, materiallarni, maʼlumotlar bazalarini oʻrganish, shuningdek soʻrovnomalar yuborish orqali jismoniy va yuridik shaxslar, faktlar va holatlar haqida ahamiyatga ega boʻlgan axborotni, shu jumladan bank sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni olishga qaratilgan tadbir”;
