Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi toʻgʻrisida (1008-IV-son)
07.06.2021
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI QONUNChILIK PALATASI KENGAShINING OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI KENGAShINING
QOʻShMA QARORI
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish, bu boradagi asosiy yoʻnalishlar va amaliy vazifalarni belgilash, “Bir saylovchi — bir ovoz” tamoyili asosida fuqarolarning saylov jarayonlaridagi faolligini oshirish, saylovlar va referendumlarning ahamiyatiga doir tushuntirish ishlarini zamon talablariga muvofiq takomillashtirish, saylovlarni va referendumlarni oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirish, ularga uslubiy, tashkiliy va texnik yordam koʻrsatish ishlarini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladilar:
1. Quyidagilar:
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan “Yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan “Yoʻl xaritasi” bajarilishini monitoring qiluvchi ishchi guruh tarkibi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan “Yoʻl xaritasi” bajarilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
3. Mazkur Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari A. Saidov va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklatilsin.
4. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2021-yil 7-iyun,
1008-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 7-iyun,
KQ-233-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 7-iyundagi 1008-IV/KQ-233-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 1-ILOVA
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha milliy harakatlar dasturi (bundan buyon matnda Milliy harakatlar dasturi deb yuritiladi) aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish borasidagi asosiy maqsad va vazifalar, yoʻnalishlar, fuqarolarning saylov jarayonlaridagi faolligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar majmuini oʻz ichiga oladi.
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha amalga oshirilgan ishlarning joriy holati
Oʻzbekistonda fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini va elektoral madaniyatini oshirish, saylovlarga oid xalqaro standartlarni hisobga olgan holda ularni tashkil etish va oʻtkazish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi hamda bir qator qonunchilik hujjatlari qabul qilindi.
2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi doirasida siyosiy huquqlar, xususan, fuqarolarning konstitutsiyaviy saylov huquqlari amalga oshirilishini taʼminlash sohasida aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Mamlakatimizda saylov huquqini taʼminlash masalasi fuqarolarimiz uchun jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda faol ishtirok etishning bosh mezoniga aylanib bormoqda.
Saylov boʻyicha xalqaro standartlar va tavsiyalar milliy qonunchilikka va huquqni qoʻllash amaliyotiga tizimli hamda bosqichma-bosqich implementatsiya qilinmoqda.
Shu bilan birga, aholining barcha qatlamlariga saylovga oid axborotni tezkor va aniq yoʻnaltirilgan holda yetkazmasdan, bu borada ularning xabardorligi va elektoral madaniyatini yuksaltirmasdan turib, demokratik islohotlarni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqib boʻlmaydi.
Bundan tashqari, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvida ishtirok etishga boʻlgan intilishlari ortib borayotganligi oʻz navbatida saylov qonunchiligidan xabardorlik darajasini oshirishni, saylov huquqini toʻlaqonli amalga oshirish borasidagi koʻnikmalarini mustahkamlashni, saylov jarayonining barcha ishtirokchilarida saylov huquqini hurmat qilish, saylov qonunchiligiga qatʼiy rioya etish koʻnikmasini shakllantirishni, saylov bilan bogʻliq axborotni tezkor yetkazishni taqozo etmoqda.
Fuqarolarning saylov jarayonlaridagi faolligini oshirish masalalari
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov jarayonlari toʻgʻrisida jamoatchilikni xabardor qilish, saylovlar boʻyicha xalqaro standartlar va milliy qonunchilik normalariga doir huquqiy axborotni tarqatish, saylovlarni va referendumlarni oʻtkazuvchi komissiyalarni (bundan buyon matnda saylov komissiyalari deb yuritiladi) shakllantirish, saylov komissiyalari aʼzolarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik oʻrnatish boʻyicha tajriba toʻplandi.
Fuqarolarning saylov jarayonlarida faol ishtirok etishini, yoshlarning oʻzlari uchun munosib boʻlgan tanlovni amalga oshirishda saylovlar va referendumlarda ishtirok etishga boʻlgan intilishini yanada kuchaytirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish borasida qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish uchun fuqarolarning, shu jumladan yoshlar, xotin-qizlar va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning saylov qonunchiligi va saylov jarayonlaridan xabardorlik darajasini oshirish ishlarini innovatsion yondashuvlar asosida yoʻlga qoʻyish zarurdir.
Saylov jarayoni barcha ishtirokchilarining saylovlar borasidagi bilim va koʻnikmalarini oshirishda aniq yoʻnaltirilgan yondashuvdan foydalanishga hamda ushbu jarayonni zamonaviy ilmiy-uslubiy vositalar bilan taʼminlashga ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Elektoral madaniyatni yuksaltirish ushbu yoʻnalishda shakllangan amaldagi tajribani tizimlashtirishni, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan faoliyatga yangi uslublarni joriy etishni, yoshlarning saylov jarayonlariga fuqaroviy daxldorligini kuchaytirishni talab etmoqda.
Milliy harakatlar dasturining maqsad va vazifalari
Milliy harakatlar dasturining maqsadi aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish, davlat va jamiyat boshqaruvida hamda davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda har bir saylovchining shaxsan ishtiroki muhimligini tushuntirish, “Bir saylovchi — bir ovoz” tamoyilini roʻyobga chiqarish, fuqarolarning oʻz xohish-irodasini namoyon etgan holda saylov huquqlaridan foydalanishini taʼminlash choralarini koʻrishdan iboratdir.
Milliy harakatlar dasturining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
saylovchilarning, saylov komissiyalari aʼzolarining va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining bilim va koʻnikmalarini oshirish tizimini yaratish hamda takomillashtirib borish;
fuqarolarning, shu jumladan yoshlarning, xotin-qizlarning, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning elektoral madaniyatini yuksaltirish;
fuqarolarning saylov toʻgʻrisidagi huquqiy bilimlarini, huquqiy ongini va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilish;
saylovchilarning, xususan, yoshlar, xotin-qizlar, jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning saylov jarayonlarida hamda ovoz berishda bevosita ishtirok etishining ahamiyatini tushuntirish;
saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlari xolisona yoritilishini taʼminlash;
zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida elektron axborot-huquqiy taʼlim resurslarini shakllantirish va rivojlantirish;
saylovchilar oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun saylov huquqi kafolatlarini toʻliq taʼminlash.
Aholining elektoral madaniyatini hamda saylov jarayoni ishtirokchilarining bilim va koʻnikmalarini oshirish boʻyicha ishlar quyidagilar asosida taʼminlanadi:
aholining elektoral madaniyatini yuksaltirishni ilmiy-uslubiy va institutsional jihatdan taʼminlashning zamonaviy uslublarini ishlab chiqish;
saylov bilan bogʻliq axborotni ommaviy axborot vositalarida yoritishda zamonaviy yondashuv va vositalardan foydalanish;
saylov komissiyalari aʼzolarini oʻqitish boʻyicha zamonaviy uslublar va vositalarni ishlab chiqish hamda ularni amaliyotda faol qoʻllash;
saylov komissiyalari aʼzolariga uslubiy, tashkiliy va texnik yordam koʻrsatish;
ijtimoiy sheriklik asosida saylov jarayoni barcha ishtirokchilarining elektoral madaniyati hamda saylovda ishtirok etish koʻnikmalarini oshirish;
barcha vazifalarni amalga oshirishda sanitariya-epidemiologik xavfsizlikni va osoyishtalikni taʼminlashga doir talablarga qatʼiy rioya etish.
Milliy harakatlar dasturining asosiy yoʻnalishlari
Milliy harakatlar dasturining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
saylovlar bilan bogʻliq huquqiy va boshqa turdagi axborotni fuqarolarga tezkor va qulay tarzda yetkazishning hamda saylov jarayoni ishtirokchilarining bilim va koʻnikmalarini oshirishning yagona tizimini yaratish;
fuqarolarning, shu jumladan yoshlar, xotin-qizlar va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarning saylov qonunchiligi va saylov jarayonlaridan xabardorligini, elektoral madaniyatini oshirish;
saylov jarayonida axborot-tushuntirish faoliyatini yanada faollashtirish;
saylov jarayonining qonunchilik talablari asosida hamda xolis yoritilishini taʼminlash;
barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirish va saylov komissiyasi aʼzoligiga nomzodlar zaxirasini shakllantirish;
aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish.
Milliy harakatlar dasturini amalga oshirishda ijtimoiy sheriklik
Milliy harakatlar dasturini amalga oshirishda quyidagi tadbirlar ijtimoiy sheriklik asosida amalga oshiriladi:
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va siyosiy partiyalar kuzatuvchilarining saylov qonunchiligi boʻyicha oʻquvini tashkil etish;
saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarini yoritish, saylov tashviqotida ommaviy axborot vositalarining ishtiroki masalalari boʻyicha oʻquv-seminarlar oʻtkazish;
saylov tartib-taomillarining qonuniyligi va oshkoraligini taʼminlash boʻyicha siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqish;
aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha davlat ijtimoiy buyurtmasini berish;
fuqarolarning saylov madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan loyihalar boʻyicha davlat granti tanlovini oʻtkazish.
Milliy harakatlar dasturini amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar
Milliy harakatlar dasturini amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar quyidagilardan iborat:
aholining elektoral madaniyati yuksaladi;
saylov jarayonlarida qonun ustuvorligi taʼminlanishiga erishiladi;
saylovchilarning saylov qonunchiligidan va saylovlar jarayonlaridan xabardorligi oshadi;
saylov jarayonining ishtirokchilari saylov komissiyalari faoliyati, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning barcha bosqichlari haqidagi axborot bilan taʼminlanadi;
siyosiy partiyalar va nomzodlarning siyosiy platformalari hamda saylovoldi dasturlari bilan tezkor va qulay tarzda tanishish imkoniyati yaratiladi;
saylovchilarda ovoz berishda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga boʻlgan munosabat shakllanadi;
saylov komissiyalari aʼzolarining bilim va koʻnikmalari mustahkamlanishi natijasida ular tomonidan oʻz vazifalari va funksiyalarini masʼuliyat bilan amalga oshirilishiga erishiladi;
milliy saylov qonunchiligining xalqaro demokratik tamoyillarga mosligi, adolatliligi va fuqarolarning oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etishi yuzasidan ijobiy munosabat shakllanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 7-iyundagi 1008-IV/KQ-233-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 2-ILOVA
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan
“YOʻL XARITASI”
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 7-iyundagi 1008-IV/KQ-233-IV-sonli Qoʻshma qaroriga 3-ILOVA
Aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish boʻyicha Milliy harakatlar dasturi ijrosi yuzasidan “Yoʻl xaritasi” bajarilishini monitoring qiluvchi ishchi guruh
TARKIBI
