Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash va oʻtkazish toʻgʻrisida (PQ-5151-son)
19.06.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Milliy kino sanʼatining asriy anʼanalarini saqlash va rivojlantirish, ushbu sanʼat turi orqali mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik, birodarlik rishtalarini mustahkamlash, xalqaro miqyosda ijodiy hamkorlik koʻlamini va madaniy aloqalarni kengaytirish hamda koʻp yillar davomida oʻtkazilib kelingan jahonga mashhur Toshkent xalqaro kinofestivalini qayta tiklash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 7-apreldagi “Kino sanʼati va sanoatini yangi bosqichga olib chiqish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PF-6202-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida:
1. 1968 — 1997-yillar davomida Oʻzbekistonda oʻtkazilib kelingan “Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali” “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tiklansin hamda 2021-yildan boshlab har yili sentabr-oktabr oylarida Toshkent shahrida oʻtkazilsin.
2. “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalini oʻtkazishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilansin:
kino sanʼati orqali dunyo mamlakatlari oʻrtasida madaniyatlararo muloqotni yanada mustahkamlash va rivojlantirish, jahon kinoindustriyasi vakillari bilan hamkorlikda qoʻshma kino loyihalari yaratishni kengaytirish;
insonparvarlik va bagʻrikenglik, xalqlar doʻstligini targʻib qiluvchi, zamonaviy dunyoning madaniy xilma-xilligini aks ettiruvchi, turli mamlakatlarning eng sara kino sanʼati asarlarini yurtimizga jalb qilish;
milliy kino sanʼatini yanada rivojlantirish va xalqaro hamjamiyatdagi nufuzini oshirish, ushbu sanʼat turi orqali xalqimizning boy tarixi va betakror madaniyatini dunyoga keng targʻib etish;
xorijlik kino sanʼati vakillari bilan hamkorlikda ushbu sohada ilmiy tadqiqot va izlanishlarni amalga oshirish, oʻzaro tajriba almashish, taniqli kino namoyandalari ishtirokida konferensiya, davra suhbatlari, taqdimot va mahorat darslarini tashkil etish.
3. “Ipak yoʻli durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali (keyingi oʻrinlarda — Kinofestival) 2021-yilning 28-sentabr — 3-oktabr kunlari “Tinchlik, taraqqiyot va maʼrifat” shiori ostida oʻtkazilsin.
Kinofestival “Festivallar festivali” shaklida, nufuzli xalqaro kinofestivallarning gʻolib va nominantlari ishtirokida dunyoning eng yaxshi kino sanʼati asarlarini jalb qilgan holda tashkil etilsin va uning doirasida quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilsin:
Kinofestival arafasida chet davlatlarda Oʻzbek kino sanʼati kunlari hamda Oʻzbekistonda xorijiy mamlakatlarning kino sanʼati kunlarini tashkil etish, ushbu tadbirlarni Toshkent shahri va respublika hududlari boʻylab oʻtkazish;
Osiyo qitʼasi va qadimiy Ipak yoʻli boʻylab joylashgan mamlakatlar yosh kinoijodkorlarining qisqa metrajli filmlari festivalini oʻtkazish va gʻoliblarni taqdirlash, uning doirasida konferensiya, davra suhbati, dunyoga mashhur kinoijodkorlar ishtirokida mahorat saboqlari va treninglar, ijodiy uchrashuvlar tashkil qilish;
xorijlik mehmonlar va ishtirokchilar uchun eng sara milliy filmlarimiz namoyishlari, Oʻzbekiston kino sanʼati tarixi va madaniy merosiga bagʻishlangan media tadbirlarni tashkil qilish;
xorijlik hamkorlar va ekspertlar ishtirokida “Oʻzbekfilm” kinokonserni”ning kino ishlab chiqarish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi markaz sifatidagi zamonaviy moddiy-texnika bazasi, texnologik imkoniyatlari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazish;
xorijlik va mahalliy kinokompaniyalar, kinostudiyalar va telekompaniyalar ishtirokida kinobozor tashkil qilish, ularning filmlar, seriallar va boshqa audiovizual mahsulotlarni oʻzaro almashishi, xarid qilishi va sotishiga koʻmaklashish;
dunyoda kino industriyasi sohasida yaratilgan eng soʻnggi innovatsion loyihalar va yirik striming platformalari vakillari ishtirokida milliy striming platformasi taqdimotlarini oʻtkazish;
mamlakatimiz kinolokatsiyalarini namoyish etish, Oʻzbekistonning kino va turizm sohalaridagi salohiyatini targʻib qilish hamda bu boradagi keng imkoniyatlardan samarali foydalanishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazish.
4. Quyidagilar:
“Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda — Tashkiliy qoʻmita) tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
“Ipak yoʻli durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha “yoʻl xaritasi” 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda “Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivali toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
5. Tashkiliy qoʻmitaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
rejalashtirilgan tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha masʼul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda badiiy-ijodiy guruhlar va xalqaro ekspertlar kengashlarini tuzish;
xalqaro kinofestivallarni oʻtkazish boʻyicha katta tajribaga ega boʻlgan xorijiy tashkilotlarni Kinofestivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga shartnoma asosida jalb etishni tashkil qilish;
Kinofestivalning logotipi, esdalik sovgʻalari, diplom va statuetka namunalarini, uning dasturi, tantanali ochilish va yopilish marosimlari ssenariysi va badiiy dasturlari, xarajatlar smetasi, ishtirokchilari va mehmonlari roʻyxatini tasdiqlash;
Kinofestival va uning doirasidagi tadbirlarni yuqori saviyada oʻtkazishga qaratilgan boshqa kompleks tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish.
6. Kinematografiya agentligi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi va Toshkent shahar hokimligining Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi binosini Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi boshqaruviga berish va uning negizida “Kinochilar uyi”ni tashkil qilish haqidagi taklifi maʼqullansin.
7. Belgilansinki:
a) Kinofestivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha:
Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi faoliyatiga Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan va doimiy asosda ishlaydigan 9 nafar mutaxassis jalb etiladi;
mazkur mutaxassislar mehnatga haq toʻlash shartlari boʻyicha Madaniyat vazirligi huzuridagi Xalqaro festivallar direksiyasi xodimlariga tenglashtiriladi;
b) Kinofestivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlar:
2021-yilda — Tashkiliy qoʻmita tomonidan tasdiqlangan xarajatlar smetasiga asosan Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan belgilangan tartibda qoplanadi;
2022-yildan boshlab, kelgusi yillarda Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham qoplanishi mumkin;
v) 2022-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik subyektlari tomonidan Kinofestivalga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish uchun yoʻnaltiriladigan mablagʻlar summasiga foyda soligʻini hisoblashda chegiriladigan xarajatlar sifatida qaraladi, bunda mazkur chegiriladigan xarajatlar soliq solinadigan bazaning 2 foizidan oshmasligi lozim;
g) gʻoyasi va mazmuni Kinofestival shioriga mos, jahon kinematografiyasi rivojida salmoqli oʻringa ega boʻlgan, milliy qadriyatlar va madaniyatlarni oʻzida yorqin aks ettirgan filmlarning ijodkorlari xalqaro ekspertlar kengashi tomonidan diplom, ramziy haykalcha va har biri 20 ming AQSH dollaridan iborat beshta pul mukofoti bilan taqdirlanadi;
d) Osiyo qitʼasi va qadimiy Ipak yoʻli boʻylab joylashgan mamlakatlar yosh kinoijodkorlarining qisqa metrajli filmlari festivali gʻoliblari diplom va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
1-oʻrin uchun — 15 000 AQSH dollari;
2-oʻrin uchun — 10 000 AQSH dollari;
3-oʻrin uchun — 7 000 AQSH dollari.
8. Toshkent shahar hokimligi (J.A. Artikxodjayev) Kinematografiya agentligi (F.F. Abduxalikov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2022-yil va kelgusi yillar Investitsiya dasturi doirasida “Oʻzbekfilm” kinokonserni” hududidagi Oʻzbekiston Kinematografiya akademiyasi binosini rekonstruksiya qilish va jihozlashni taʼminlasin.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Kinematografiya agentligi (F.F. Abduxalikov) bilan birgalikda 10 kun muddatda hududlarda Kinofestival tadbirlariga tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin, shuningdek, unda belgilangan vazifalarni 2021-yil 1-sentabrga qadar toʻliq amalga oshirilishini taʼminlasin. Bunda, jumladan quyidagilarni nazarda tutsin:
Kinofestival dasturida belgilangan tadbirlarni yuqori darajada oʻtkazish bilan bogʻliq tegishli xarajatlarni Kinofestival xarajatlar smetasiga asosan mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoplash;
hududlardagi kinoteatrlar va tadbir oʻtkaziladigan obyektlar, ularga tutash hududlar va olib boradigan yoʻllarda taʼmirlash-tiklash va obodonlashtirish ishlarini olib borish hamda Kinofestival doirasida filmlar namoyish etishga tayyorlash.
10. Madaniyat vazirligi (O.A. Nazarbekov) Kinematografiya agentligi bilan birgalikda Kinofestivalning ochilish va yopilish marosimlari va boshqa tadbirlarida konsert-tomosha dasturlarini tashkil qilsin.
11. Tashqi ishlar vazirligi (A.X. Kamilov):
a) Kinematografiya agentligi (F.F. Abduxalikov) bilan birgalikda Kinofestivalga:
mehmonlar va ishtirokchilarni Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari orqali taklif etishni taʼminlasin;
BMT, MDH, SHHT, YUNESKO, AYSESKO, FIAPF va boshqa xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlarning Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari vakillarini taklif etsin;
b) Kinofestivalga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun Kinematografiya agentligining talabnomalariga asosan Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizalarining belgilangan tartibda konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmasdan rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
12. Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov Kinematografiya agentligi (F.F. Abduxalikov) bilan birgalikda:
mahalliy va xorijiy investorlarni Kinofestivalga jalb etish uchun “investitsiya paketlari”ni shakllantirish;
“investitsiya paketlari” doirasida investorlarga taniqli kino yulduzlarini taklif etish va ular ishtirokida oʻzlarining reklama va targʻibotlarini tashkil qilish boʻyicha keng shart-sharoitlar yaratib berish yuzasidan takliflar ishlab chiqsin.
13. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar davlat tasarrufidagi videoekranlar va bilbord koʻrinishidagi tashqi reklama obyektlarida berilayotgan reklama vaqtining 2021-yil 1-iyun — 1-sentabr kunlari 5 foizi, 2021-yil 1-sentabr — 3-oktabr kunlari 10 foizi Kinofestivalni targʻib qilish uchun ajratilishini taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligi hamda boshqa ommaviy axborot vositalariga Kinofestival faoliyatini keng yoritib borish tavsiya etilsin.
Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi Kinofestival xarajatlar smetasi doirasida xorijiy ommaviy axborot vositalarida uning reklamasi va targʻibotini tashkil qilsin.
15. Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov), Milliy gvardiya (R.M. Djurayev) va Favqulodda vaziyatlar vazirligi (A.X. Qoʻldoshev) Kinofestival tadbirlari, mehmonlari va ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
16. Sogʻliqni saqlash vazirligi (A.M. Xadjibayev) Kinofestival oʻtkaziladigan joylarda tez tibbiy yordam punktlarini tashkil etsin, tadbirlar oʻtkaziladigan vaqtda sanitariya qoidalariga, normalariga va gigiyena normativlariga qatʼiy rioya qilinishini nazorat qilsin.
17. Davlat bojxona qoʻmitasi (M.B. Azimov) Kinofestival ishtirokchilarini hamda ularning yuklarini olib kirish va olib chiqish uchun bojxona rasmiylashtiruvini belgilangan tartibda tezkorlik bilan amalga oshirilishini taʼminlasin.
18. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov va Kinematografiya agentligi bosh direktori F.F. Abduxalikov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul vazirliklar va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 19-iyun,
PQ-5151-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5151-son qaroriga 1-ILOVA
“Ipak yoʻli durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita
TARKIBI
Izoh: tashkiliy qoʻmita aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5151-son qaroriga 2-ILOVA
“Ipak yoʻli durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivaliga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”
Izoh: zarurat boʻlganda, “Yoʻl xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarga Tashkiliy qoʻmita tomonidan oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
