Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-5149-son)
17.06.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Jamiyatimizda sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, aholining jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, iqtidorli sportchilarni saralab olish ishlarini tizimli tashkillashtirish, buyuk ajdodlarimiz Amir Temur, Bobur Mirzo, Jaloliddin Manguberdilardan meros boʻlib qolgan kamondan otish anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, milliy sport turlarini koʻpaytirish, kamondan otish sport turi boʻyicha milliy terma jamoamizning Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida, jahon chempionatlarida va boshqa yirik musobaqalarda munosib ishtirok etishini taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar kamondan otish sport turini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) hamda ularni professional sportchilar sifatida tayyorlashning yangi tizimini yoʻlga qoʻyish;
professional sportchilar, malakali trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni tayyorlash hamda ularni kasbiy rivojlantirish, oʻquv-mashgʻulotlar jarayoniga ilgʻor ilmiy-innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish va oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar ishlab chiqish, ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
ushbu sport turi bilan shugʻullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish hamda zamonaviy sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan taʼminlash, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar tomonidan parakamondan otish sport turi bilan shugʻullanish uchun zarur sharoitlar yaratish, ularning Paralimpiya va Paraosiyo oʻyinlari hamda xalqaro musobaqalar, turnirlar va jahon chempionatlarida doimiy va munosib ishtirokini taʼminlash;
respublika va xalqaro musobaqalar, turnirlarni hamda jahon chempionatlarini doimiy ravishda tashkil etish va oʻtkazish, mamlakatimizning reyting koʻrsatkichlarini yaxshilash;
jahon standartlariga javob beradigan milliy va professional chet el brend kamonlari, oʻqlar, toʻsiqlar hamda sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini ishlab chiqarishni tashkil etish;
kamondan otishni milliy sport turi sifatida keng yoritish hamda targʻib qilish ishlarini tashkillashtirish, ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish.
2. Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining:
har bir sport maktabida (shu jumladan, kelgusida yangi tashkil qilinadigan maktablarda) mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, kamondan otish seksiya va boʻlimlarini tashkil etish;
har bir olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida (shu jumladan, kelgusida yangi tashkil qilinadigan markazlarda) kamondan otish boʻlimlarini ochish;
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kamondan otish taʼlim yoʻnalishini ochish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi bilan birgalikda:
2021-yil 1-dekabrga qadar bolalar-oʻsmirlar sport maktablari, olimpiya zaxiralari kollejlarini zamonaviy xalqaro talablarga javob beradigan sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi hamda boshqa zarur vositalar bilan taʼminlasin va ushbu maqsadlarga Turizm va sport vazirligiga hamda uning tizimidagi sport taʼlimi muassasalariga budjetdan 2021-yil uchun ajratilgan mablagʻlarning iqtisod qilingan qismidan zarur mablagʻlar yoʻnaltirsin;
bir oy muddatda kamondan otish sport turi boʻyicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda oshirish rejasini tasdiqlasin;
sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va boshqa sport taʼlim muassasalariga kamondan otish sport turi boʻyicha yetakchi xorijiy trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislarni shartnoma asosida jalb qilsin hamda tegishli moliyaviy va tashkiliy masalalarni hal etsin.
3. 2021-yil 1-sentabrdan boshlab kamondan otish sport turi boʻyicha hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning uch bosqichli tizimi joriy etilsin. Bunda:
birinchi bosqichda — taʼlim muassasalari, sport maktablari, olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari va boshqa sport taʼlim muassasalaridan saralangan sportchilar oʻrtasida tuman (shahar) musobaqalari (tuman/shahar hokimi kubogi);
ikkinchi bosqichda — tuman (shahar) musobaqalari gʻoliblari va sovrindorlari oʻrtasida hududiy musobaqalar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari kubogi);
uchinchi bosqichda — hududiy musobaqalar gʻoliblari va sovrindorlari oʻrtasida respublika musobaqalari oʻtkaziladi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya)ning uch bosqichli tizimini tegishli hududlarda toʻliq joriy qilish yuzasidan shaxsan masʼul etib belgilansin.
4. Sport vazirligi hamda Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining 2025-yildan boshlab:
har uch yilda bir marta anʼanaviy tarzda kamondan otish sport turi boʻyicha “Alpomish va Barchinoy” hamda ayollar oʻrtasida “Toʻmaris kubogi” xalqaro turnirlarini tashkil etish;
mamlakatimiz turistik salohiyatini yanada keng namoyon etish hamda ushbu sport turining ommaviyligini oshirish maqsadida har yili Buxoro, Qoʻqon, Samarqand va Xiva shaharlarida “Turizm va kamondan otish haftaligi”ni tashkil etish va uning doirasida sayyohlarni jalb qilgan holda kamondan otish boʻyicha sportchilar va sayyohlar oʻrtasida turnirlar, mahorat darslari hamda uchrashuvlar, turistik salohiyatni oshirishga xizmat qiluvchi sayillar oʻtkazish;
“Alpomish va Barchinoy” hamda “Toʻmaris kubogi” xalqaro turnirlarini Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejasida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan moliyalashtirish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Sport vazirligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2024-yil 1-iyulga qadar ushbu bandda nazarda tutilgan xalqaro turnirlarga puxta tayyorgarlik koʻrish va ularni yuqori saviyada oʻtkazish boʻyicha reja-jadvalni tasdiqlasin;
xalqaro turnirlarda mahalliy kamonchilar bilan birgalikda yuqori reytingga ega boʻlgan jahonning kuchli kamonchilari, trenerlar va hakamlarning ishtirokini taʼminlasin.
5. 2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamondan otish sport turi boʻyicha jahon standartlariga javob beradigan sport bazalarini (keyingi oʻrinlarda — sport bazalari) tashkil etish rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
a) sport bazalariga metodik koʻmaklashish Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi tomonidan amalga oshiriladi;
b) sport bazalari, shu jumladan quyidagilardan iborat boʻladi:
umumiy jismoniy tayyorgarlik, maxsus jismoniy tayyorgarlik, oʻquv mashgʻulotlari va musobaqalarni oʻtkazish uchun ochiq turdagi sport maydoni va sport zali;
tomoshabinlar uchun tribuna, trenerlar, tibbiyot xodimlari, kiyim almashtirish xonalari, trenajyor zali, sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasini saqlash uchun xona.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi (I. Norqulov) Yoshlar siyosati va sport vazirligi (Sh. Maxmudov) bilan birgalikda 2022-yil va kelgusi yillarda Investitsiya dasturini shakllantirishda ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan sport bazalarini qurish uchun markazlashgan kapital qoʻyilmalar limitlari ajratilishini taʼminlasin.
Qurilish vazirligi (K. Tulyaganov) sport bazalarini innovatsion texnologiyalarga asoslangan, arzon, energiya tejamkor va tez barpo etiladigan yengil konstruksiya va materiallardan qurish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin va qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan doimiy davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga quyidagi vazifalarni hal etish yuklansin:
har bir hududning bitta tumani (shahri)ni kamondan otish sport turini ustuvor sport turi sifatida belgilash hamda uni rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha “yoʻl xaritalari”ni ishlab chiqish;
tegishli hududda kamondan otish sport turining rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlash, sport bazalarini tashkil etish ishlariga yaqindan koʻmaklashish;
2022 — 2024-yillarda hududlarda sport bazalarini tashkil etish ishlarini Investitsiya dasturi doirasida amalga oshirish yuzasidan takliflar kiritish;
joylarda kamondan otish sport turini rivojlantirish va muvofiqlashtirish, uslubiy qoʻllab-quvvatlash va monitoring qilish maqsadida Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining hududiy boʻlinmalarini tashkil etish;
Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi hududiy boʻlinmalarining moliyaviy va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga koʻmaklashish;
joylardagi rahbar kadrlar orasidan nomzodlarni Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi hududiy boʻlinmalarining raisi lavozimiga tavsiya etish.
7. Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. Yoshlar siyosati va sport vazirligi (A. Ikramov) Tashqi ishlar vazirligi (B. Saidov) bilan birgalikda kamondan otish sport turini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida:
Butunjahon kamondan otish federatsiyasi hamda Osiyo kamondan otish federatsiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirsin, bu borada manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirsin. Bunda, ushbu tashkilotlarga aʼzolik badallarini toʻlab berish bilan bogʻliq xarajatlar 2022-yildan boshlab Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutiladi;
Islom Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar (avvalambor Turkiya, Eron, Malayziya) va boshqa mamlakatlar (Koreya Respublikasi, Germaniya, Rossiya) bilan birgalikda kamondan otish sport turi boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish, musobaqalar va turnirlarni oʻtkazish, tajriba almashish, boshqa qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatsin.
9. Turizm va sport vazirligi (A. Abduxakimov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda hamda sport federatsiyalari (assotsiatsiyalari)ni jalb etgan holda 2021-yil 1-noyabrga qadar mamlakatimizda etnosport turlarini (belbogʻli kurash, uloq, koʻpkari, oshiq oʻyini, qarabtep (lanka) oʻyini, ot poygasi, koʻk boʻru, dorboz, chillak va boshqalar) rivojlantirish va ommalashtirishni, Butunjahon etnosport konfederatsiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni kuchaytirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Moliya vazirligi (T. Ishmetov) mazkur qarorga asosan joriy yilda koʻzda tutilgan chora-tadbirlarni va kelgusi yillarda amalga oshirilishi belgilangan vazifalar uchun zarur mablagʻlarni 2021-yil Davlat budjetida Turizm va sport vazirligi uchun koʻzda tutilgan mablagʻlar doirasida, 2022-yildan boshlab esa Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutishni taʼminlasin.
11. Tashqi ishlar vazirligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining buyurtmasiga asosan kamondan otish sport turi boʻyicha jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga konsullik yigʻimlari va haqiqiy xarajatlarning oʻrnini qoplash hisobidan yigʻimlar undirmasdan kirish vizalarining rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
12. Ichki ishlar vazirligi Yoshlar siyosati va sport vazirligi hamda Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasining buyurtmasiga asosan kamondan otish sport turi boʻyicha jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarga davlat boji undirilmasdan koʻp martalik kirish vizalarining berilishini va muddatining uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtincha roʻyxatdan oʻtkazilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
13. Turizm va sport vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib yoshlar siyosati va sport vaziri oʻrinbosari Sh. Maxmudov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi K.K. Kuranbayev va Oʻzbekiston Respublikasi yoshlar siyosati va sport vaziri A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-iyun,
PQ-5149-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyundagi PQ-5149-son qaroriga 1-ILOVA
2022 — 2026-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamondan otish sport turi boʻyicha jahon standartlariga javob beradigan sport bazalarini tashkil etish
REJASI
T/rHududlarJamiShu jumladan:2022-yilda2024-yilda2026-yildaJami:144551.Qoraqalpogʻiston Respublikasi112.Andijon viloyati113.Buxoro viloyati114.Jizzax viloyati115.Qashqadaryo viloyati116.Navoiy viloyati117.Namangan viloyati118.Samarqand viloyati119.Sirdaryo viloyati1110.Surxondaryo viloyati1111.Toshkent viloyati1112.Fargʻona viloyati1113.Xorazm viloyati1114.Toshkent shahri11
Izoh: sport bazalari tegishli yilning 1-sentabriga qadar foydalanishga topshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-iyundagi PQ-5149-son qaroriga 2-ILOVA
Kamondan otish sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar
DASTURI
T/r Chora-tadbirlar nomi Amalga oshirish mexanizmi Ijro muddati Moliyalashtirish manbalari Masʼul ijrochilar I. Kamondan otish sport turi bilan shugʻullanish uchun moddiy-texnik baza va infratuzilmani shakllantirish 1. Kamondan otish sport turi boʻyicha faoliyat olib boruvchi muassasalarni xatlovdan oʻtkazish. 1. Kamondan otish sport turi boʻyicha mavjud sport bazalarini xatlovdan oʻtkazish. 2. Mavjud sport bazalarining trenerlar, hakamlar, mutaxassislar va shugʻullanuvchilar bilan butlanganligi, sport jihozlari, anjomlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan taʼminlanganligini oʻrganish. 3. Xatlov yakuni yuzasidan kamondan otish sport turi boʻyicha mavjud sport bazalarini sport jihozlari, anjomlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan taʼminlash. 2021-yil davomida Ijrochilar mablagʻlari Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi 2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida kamondan otish sport turi boʻyicha jahon standartlariga javob beradigan sport bazalarini tashkil etish. 1. Kamondan otish sport turi boʻyicha sport bazalarini qurishning namunaviy loyihalarini tayyorlash. 2. Namunaviy loyihalarni kelishish va ekspertizadan oʻtkazish. 3. Namunaviy loyihalarni Investitsiya dasturiga kiritish. 4. Hududlarda kamondan otish sport turi boʻyicha sport bazalarini tashkil qilish uchun yer ajratish. 5. Sport bazalarini qurib, foydalanishga topshirish. 6. Sport bazalarini zamonaviy sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi bilan taʼminlash. 7. Sport bazalarini malakali trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislar bilan toʻldirish. Rejaga muvofiq Investitsiya dasturi doirasida ajratilgan mablagʻlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi 3. Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida kamondan otish sport turi boʻyicha oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini oʻtkazish uchun zamonaviy sport zonasini qurish. 1. Sport zonasini barpo qilish uchun tadbirkorlik subyektlariga, istisno tariqasida, bepul yer uchastkasini ajratish. Bunda, yer uchastkasi maydonining qiymatiga ekvivalent ravishda tadbirkorlik subyekti zimmasiga ajratilgan yer uchastkasi huzurida sport zonasini qurish majburiyatini yuklash. 2. Sport zonasini qurishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlarni tadbirkorlik subyektlarining soliq solinadigan bazasidan belgilangan tartibda chegirib tashlash hamda ushbu sport zonasini Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasiga begʻaraz topshirish. Rejaga muvofiq Tadbirkorlik subyektlari mablagʻlari “Chorvoq” erkin turistik zonasi Maʼmuriy kengashi, Toshkent viloyati hokimligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi 4. Toshkent shahar, Chilonzor tumani, Foziltepa koʻchasi, 38-uyda joylashgan Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hududida kamondan otish sport turi boʻyicha yopiq sport inshootini barpo etish. 1. Respublika olimpiya zaxiralari kolleji hududida sport inshooti qurilishi loyihasini tayyorlash. 2. Loyihani kelishish va ekspertizadan oʻtkazish. 3. Loyiha asosida sport inshootini qurish reja-jadvalini ishlab chiqish va 2022-yil uchun Investitsiya dasturiga kiritish. 4. Sport inshootini zamonaviy sport anjomlari bilan taʼminlash. 2022-yil may Investitsiya dasturi doirasida ajratilgan mablagʻlar Turizm va sport vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi II. Kamondan otish sport turi boʻyicha sportchilarni tayyorlash, trenerlar, hakamlar va mutaxassislarning malakasini oshirish 5. Bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va olimpiya zaxiralari kollejlarida kamondan otish seksiya va boʻlimlarini ochish. 1. Bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va olimpiya zaxiralari kollejlarining infratuzilmasi va mavjud imkoniyatlarini oʻrganish. 2. Bolalar-oʻsmirlar sport maktablari va olimpiya zaxiralari kollejlarida kamondan otish seksiya va boʻlimlarini ochish. 3. Seksiya va boʻlimlarni sport anjomlari, jihozlari, kiyimlari va ekipirovkasi hamda boshqa zarur vositalar bilan taʼminlash. 4. Seksiya va boʻlimlarni malakali trenerlar, hakamlar va boshqa mutaxassislar bilan toʻldirish. 2021-yil avgust Ijrochilar mablagʻlari Turizm va sport vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi 7. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida kamondan otish taʼlim yoʻnalishini ochish. 1. Kamondan otish bakalavriat taʼlim yoʻnalishini ochish choralarini koʻrish. 2. Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetini kamondan otish sport turi boʻyicha zamonaviy oʻquv dasturlar, oʻquv-metodik komplekslar hamda oʻquv-koʻrgazmali qoʻllanmalar va adabiyotlar bilan taʼminlash. 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab Respublika budjeti mablagʻlari Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi 8. Kamondan otish sport turi boʻyicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish, shu jumladan xorijiy mamlakatlarda. 1. Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, Koreya, Rossiya, Germaniya, Turkiya va boshqa davlat kabi mamlakatlarda kamondan otish sport turi boʻyicha trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirish rejasini tasdiqlash. 2021-yil iyul Respublika budjeti mablagʻlari Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi 2. Trenerlar, hakamlar va mutaxassislarni shartnoma asosida qisqa muddatli oʻquv kurslarda qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab 9. Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi huzurida “Kompleks ilmiy guruh”ni tashkil etish. Zamonaviy ilmiy va uslubiy tadqiqot ishlarini yoʻlga qoʻyish, oʻquv-mashgʻulot jarayonining oʻquv-uslubiy va ilmiy-uslubiy kompleksini ishlab chiqish uchun olimlar, oʻqituvchilar, shifokorlar, fiziologlar, diyetolog va yetakchi sport mutaxassislaridan tarkib topgan kompleks ilmiy guruhlarni shakllantirish va tasdiqlash. 2021-yil sentabr Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi mablagʻlari, homiylik mablagʻlari Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti III. Kamondan otish sport turi boʻyicha respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqa va turnirlarni doimiy ravishda tashkil etish 10. Har yili “Kamondan otish sport turi kuni”ni keng nishonlash. 1. Hududlarda, tuman (shahar) markazlarida, umumiy oʻrta taʼlim maktablarida, istirohat bogʻlarida, “Kamondan otish sport turi kuni”ni keng nishonlash. 2. Kamondan otish sport turi boʻyicha “mahorat darslari”ni oʻtkazish. 3. Kamondan otish sport turi boʻyicha ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish. 4. Toshkent shahrida sport tadbirlarini yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish. 2021-yildan boshlab Ijrochilar mablagʻi Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi 11. Milliy terma jamoa aʼzolarining xalqaro, jahon, Osiyo chempionatlari hamda xalqaro turnirlar va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida muntazam qatnashishini taʼminlash. Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga asosan: Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda respublika miqyosida kamondan otish boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazish natijalariga koʻra iqtidorli oʻquvchilarni milliy terma jamoalarga saralab olish (seleksiya qilish); jahon, Osiyo chempionatlari hamda xalqaro turnirlar va oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida muntazam qatnashishini taʼminlash; xorijiy davlatlarning trener va hakamlari bilan oʻzaro tajriba almashish maqsadida chet el federatsiyalari, klublari bilan hamkorlikni rivojlantirish. 2021-2022-yillar davomida Sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalarida koʻzda tutilgan mablagʻlar Turizm va sport vazirligi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi IV. Kamondan otish sport turi boʻyicha jahon standartlariga javob beradigan milliy va professional chet el brend kamonlari, oʻqlar, toʻsiqlar hamda kamondan otish sporti jihozlari va kiyimlarini ishlab chiqarishni tashkil etish 12. Milliy hamda professional chet el brend kamonlari, oʻqlari, toʻsiqlari, sport kiyimlari ishlab chiqarilishini belgilangan tartibda tashkil etish. 1. Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi qoshida “kamondan otish sporti jihozlari”ni ishlab chiqarishni tashkil etish. 2. Jahon standartlariga javob beradigan milliy va professional chet el brend kamonlari, oʻqlari, toʻsiqlari, sport kiyimlarini ishlab chiqarilishini tashkil etish. 3. Kamonlar, oʻqlar, toʻsiqlar milliy brendini yaratish, hududlarda kamondan otish bilan shugʻullanuvchilarga yetkazib berilishini taʼminlash. 2021-yildan boshlab Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi va homiylik mablagʻlari Savdo-sanoat palatasi, Toshkent shahar hokimligi, “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi”, “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi 13. Milliy hamda professional chet el brend kamonlari, oʻqlari, toʻsiqlari, sport kiyimlarini eksport qilinishini belgilangan tartibda tashkil etish. 1. Ishlab chiqarilgan milliy va professional chet el brend kamonlari, oʻqlari, toʻsiqlari, sport kiyimlari hamda kamon sport jihozlarining xorijiy davlatlarga eksport qilinishini yoʻlga qoʻyish. 2. Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi bilan hamkorlikda respublika hududida distribyutorlik firmalarini tashkil etish. 2021-yildan boshlab Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi mablagʻlari Savdo-sanoat palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi V. Kamondan otishni milliy sport turi sifatida keng yoritish hamda targʻib qilish ishlarini tashkillashtirish, ommalashtirish, aholining ushbu sport turiga qiziqishini oshirish, boshqa masalalar 14. Aholi, ayniqsa yoshlar oʻrtasida kamondan otish sport turini targʻib qilish, ommalashtirish boʻyicha media-rejani ishlab chiqish. Kamondan otish sport turini targʻib qilish, ommalashtirish boʻyicha media-reja loyihasi ishlab chiqish. Bunda: Tasdiqlash — 2021-yil iyun Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi va homiylik mablagʻlari Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Amir Temur, Bobur Mirzo, Jaloliddin Manguberdi tomonidan asos solingan milliy kamonchilikni, kamondan otish sport turini keng targʻib qilish; yoshlarni sogʻlom turmush tarziga amal qilishga yoʻnaltirish boʻyicha alohida koʻrsatuvlar namoyish etish; kamondan otish sport turi boʻyicha reklama kampaniyalarini oʻtkazish va ijtimoiy roliklarni namoyish etish; kamondan otish sport turi boʻyicha telekoʻrsatuvlar tayyorlash, radio eshittirishlar tashkil etish; kamondan otish sport turi boʻyicha tashkillashtiriladigan tadbirlar (seminar-trening, master-klass)ni, xalqaro va respublika miqyosdagi musobaqalarni ommaviy axborot vositalari va Internet tarmoqlari orqali muntazam va keng yoritish; mahoratli sportchi va tajribali trenerlar va ularning ota-onalari toʻgʻrisida telekoʻrsatuvlar tayyorlash. Amalga oshirish — rejaga asosan 15. Kamondan otish sport turi boʻyicha turli tadbirlarni, musobaqalarini muntazam yoritib borish. 1. Kamondan otish sport turi boʻyicha tashkillashtiriladigan tadbirlar (seminar-trening, master-klass)ni, xalqaro va respublika miqyosdagi musobaqalarni ommaviy axborot vositalari va Internet tarmoqlari orqali muntazam va keng yoritish. 2. Mahoratli sportchi va tajribali trenerlar va ularning ota-onalari toʻgʻrisida telekoʻrsatuvlar tayyorlash. 2021-yil davomida Ijrochilar va homiylik mablagʻlari Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi, manfaatdor vazirlik va idoralar 16. Oʻquvchi-yoshlar oʻrtasida kamondan otish sport turini keng targʻib qilish. 1. Ijtimoiy reklama orqali kamondan otish sport turini ommalashtirishni keng targʻib qilish. 2. Kamondan otish sport turi boʻyicha oʻquv qoʻllanmalar, darsliklar, kitoblar va boshqa ilmiy-metodik adabiyotlarni nashr etish orqali targʻib qilish. 3. “Oʻzbek kamonkashligi” ilmiy-ommabop jurnalini nashr etish, bannerlar, plakatlar, shuningdek, elektron ommaviy axborot vositalari orqali keng targʻib qilish. 2021-yildan boshlab, doimiy Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi va homiylik mablagʻlari Oʻzbekiston kamondan otish federatsiyasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 17. Parakamondan otish sport turini rivojlantirish. 1. Hududlarda parakamondan otish sport turini rivojlantirish istiqbollarini aniqlash. 2021-yil sentabr Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi mablagʻlari Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi, Turizm va sport vazirligi, Xalq taʼlimi vazirligi 2. Har yili 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuniga bagʻishlab koʻzi ojizlar, zaif eshituvchilar va amputantlar oʻrtasida sport turlari boʻyicha Toshkent shahrida respublika parasport festivali, shuningdek, boshqa hududlarda parasport festivallari oʻtkazish doirasida parakamondan otish sport turini tashkil etish. 2021-yil dekabr, kelgusida har yili noyabr-dekabr 3. Paralimpiya sport markazlarida parakamondan otish sport turi boʻyicha ixtisoslashtirilgan mashgʻulotlarni tashkil etish, shuningdek, yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash. 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab 4. Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi huzurida parakamondan otish sport turi boʻyicha klub tashkil etish va uning faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish. 5. 2022-yildan boshlab respublika, hududiy va tuman (shahar) sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga parakamondan otish sport turi boʻyicha musobaqalarni oʻtkazishni kiritish hamda ularni tizimli ravishda tashkil etib borish. 2021-yil sentabr
Izoh: chora-tadbirlarni qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan ham moliyalashtirish mumkin.
