Sirdaryo viloyati mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlarini bekor qilish toʻgʻrisida (150/22-6-son)
28.05.2021
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6075-sonli Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 6 va 24-moddalariga asosan, Xalq deputatlari Sirdaryo viloyat Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmonida 2021-yil 1-iyunga qadar mahalliy davlat hokimiyati organlarining eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ-huquqiy hujjatlarini bekor qilish choralarini koʻrish belgilanganligi inobatga olinsin.
2. Sirdaryo viloyatidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilingan eskirgan va oʻz ahamiyatini yoʻqotgan normativ tusdagi qarorlar 1-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Viloyat hokimligi Matbuot xizmati (Z. Mirraximov) mazkur qaror rasmiy eʼlon qilinishini va hokimlikning rasmiy veb-saytiga joylashtirilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qaror rasman eʼlon qilingandan keyin kuchga kiradi.
5. Ushbu qarorning ijrosini tashkillashtirish viloyat hokimining sohalar boʻyicha oʻrinbosarlari, tuman (shahar) hokimlari zimmasiga, nazorat qilish xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari huzuridagi Qonuniylikni taʼminlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari boʻyicha doimiy komissiyalari zimmasiga yuklatilsin.
Kengash raisi Gʻ. MIRZAYEV
Guliston sh.,
2021-yil 28-may,
150/22-6-son
