Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida (3308-son)
09.06.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 9-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3308]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-iyun,
12-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 9-iyundagi 12-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-apreldagi PF-5987-son “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-iyundagi 347-son “Toshkent davlat yuridik universitetida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning (keyingi oʻrinlarda — akademik litsey) barcha fanlar boʻyicha yuqori natijalarga ega bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga (keyingi oʻrinlarda — TDYU) kirish test sinovlarisiz, yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali, toʻlov-kontrakt asosida, qabul parametrlaridan tashqari oʻqishga qabul qilish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
abituriyent — TDYU bakalavriatiga akademik litsey tavsiyasi boʻyicha test sinovlarisiz, suhbat oʻtkazish orqali kirayotgan akademik litsey bitiruvchisi;
maxsus komissiya — har yili TDYU rektori buyrugʻi bilan tashkil etiladigan bitiruvchilarga tavsiyanomalar berish masalasini koʻrib chiquvchi komissiya;
qabul komissiyasi — har yili TDYU rektori buyrugʻi bilan tashkil etiladigan TDYU bakalavriatiga qabulni tashkil etadigan, shu jumladan abituriyentlar hujjatlarini qabul qiladigan va ularga maslahat beruvchi komissiya.
suhbat komissiyasi — TDYU bakalavriatiga qabul qilish uchun abituriyentlar bilan suhbat oʻtkazish maqsadida TDYU taqdimnomasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrugʻi bilan tashkil etiladigan komissiya;
2. TDYU bakalavriatiga abituriyentlar qabul parametrlaridan tashqari TDYU tomonidan belgilanadigan oʻrinlar soniga mos ravishda qabul qilinadi. Talabalar TDYUda toʻlov-kontrakt asosida oʻqiydi.
3. TDYU bakalavriatiga oʻqishga qabul qilish suhbat natijalariga koʻra reyting tizimi boʻyicha toʻplangan ballar asosida amalga oshiriladi.
4. Abituriyentlar uchun suhbat:
akademik litsey dasturlari doirasida huquqiy fanlar boʻyicha bilim saviyasi va oʻzlashtirish darajasini;
yuridik kasbni tanlashda motivatsiyasini (huquqshunos kasbining mohiyati va ijtimoiy ahamiyatini tushunish, unga doimiy qiziqish koʻrsatish);
nutq madaniyatining shakllanganligi, oʻz fikrini ravon ifoda etish va tanqidiy fikrlash salohiyatiga ega ekanligini;
umumiy dunyoqarashining shaklanganligi, oʻz ustida ishlash va ijodkorlik qobiliyatini aniqlash boʻyicha oʻtkaziladi.
5. TDYU bakalavriatiga abituriyentlarni oʻqishga qabul qilish ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
2-bob. Maxsus komissiyani tashkil etish va tavsiyanoma berish
6. Maxsus komissiya har yili 10-iyundan kechikmasdan 7 nafar kishidan iborat tarkibda tuziladi. Maxsus komissiya tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, TDYU, akademik litsey xodimlari kiritiladi.
Maxsus komissiya tarkibiga kelishuv asosida boshqa tashkilotlar vakillari ham kiritilishi mumkin.
Maxsus komissiya oʻz faoliyatini kollegiallik, oshkoralik, xolislik va betaraflik tamoyillari asosida amalga oshiradi.
Maxsus komissiyaga komissiyaning boshqa aʼzolari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi rais boshchilik qiladi. Maxsus komissiya faoliyatini tashkiliy taʼminlash uning kotibiga yuklanadi.
Toshkent davlat yuridik universiteti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori — akademik litsey direktori (keyingi oʻrinlarda — akademik litsey direktori) lavozimi boʻyicha maxsus komissiyaning raisi hisoblanadi.
7. Bitiruvchilar har yili 20-iyundan kechikmasdan maxsus komissiyaga tavsiyanoma berishni soʻrab ariza bilan murojaat qiladi. Bunda, ariza maxsus komissiya kotibiga topshiriladi.
Maxsus komissiya faqat komissiya tashkil etilgan tegishli oʻquv yili bitiruvchilarining arizalarini koʻrib chiqadi.
8. Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
fanlarni oʻzlashtirganlik toʻgʻrisida akademik maʼlumotnoma;
bitiruvchining chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat;
bitiruvchining shaxsiy yutuqlari, akademik litsey ijtimoiy hayotidagi faol ishtirokini (maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, jamoat ishlari, loyihalar, tanlovlar, olimpiadalar va boshqalarni) tasdiqlovchi hujjatlar.
9. Maxsus komissiya har yili 20-iyundan boshlab besh ish kunidan oshmagan muddatda bitiruvchilarning hujjatlarini koʻrib chiqadi.
10. Maxsus komissiyaning majlislar oʻtkazish jadvali va majlisga taklif etilgan bitiruvchilar roʻyxati komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
11. Majlislar oʻtkazish jadvali akademik litseyning rasmiy veb-saytida majlis boshlanishidan kamida bir hafta avval eʼlon qilinadi.
12. Maxsus komissiya majlisi komissiya aʼzolarining barchasi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
13. Tavsiyanoma berish masalasi koʻrib chiqilayotganda, maxsus komissiya quyidagi asosiy minimal talablarni hisobga oladi:
a) bitiruvchining akademik litseydagi umumiy oʻzlashtirish koʻrsatkichi reyting natijalari boʻyicha 71 va undan yuqori foizni tashkil qilishi (5 (besh) baholik tizimda 4 (toʻrt) baho va undan yuqori boʻlishi kerak);
b) bitiruvchining chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi quyidagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega ekanligi:
ingliz tili uchun — milliy sertifikat yoki International English Language Testing System (IELTS 5,5, Test of English as a Foreign Language (TOEFL IBT 72), Cambridge Assessment English FCE, Cambridge Assessment English Linguaskill va CAE hamda CEFR xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
yapon tili uchun — milliy sertifikat yoki Japanese Language Proficiency Test (JLPT № 2) xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
nemis tili uchun — milliy sertifikat yoki Goethe-Zertifikat, Deutsches Sprachdiplom (DSD II) xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
fransuz tili uchun — milliy sertifikat yoki Diplôme dʼEtudes en Langue Française (DELF), Test de Connaissance du Français (TCF4) xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
xitoy, koreys va boshqa tillar uchun — milliy sertifikat yoki xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha tilni bilish darajalari B2 va undan yuqori;
v) bitiruvchining shaxsiy yutuqlari, akademik litsey ijtimoiy hayotidagi faol ishtiroki (maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, jamoat ishlari, loyihalar, tanlovlar, olimpiadalar va boshqalar);
g) bitiruvchining akademik litseydagi oʻqish davrida unga nisbatan intizomiy chora qoʻllanilmaganligi.
Mazkur bandda koʻrsatilgan asosiy minimal talablarga tegishli masalalarni koʻrib chiqishda, bitiruvchining akademik litseydagi butun oʻqish davri hisobga olinadi.
14. Zarurat boʻlganda, taqdim etilgan hujjatlardagi maʼlumotlarga aniqlik kiritish maqsadida bitiruvchi suhbat uchun maxsus komissiya yigʻilishiga chaqirilishi mumkin. Suhbat jarayoni real vaqt rejimida (onlayn) kuzatib borilishini taʼminlaydigan xonada oʻtkaziladi.
15. Bitiruvchiga tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish haqidagi maxsus komissiya qarori majlisda ishtirok etgan komissiya aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi hamda komissiya har bir aʼzosining bitiruvchi toʻgʻrisidagi asoslantirilgan fikri komissiya majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
16. Maxsus komissiya majlisining bayonnomasi majlisda ishtirok etgan barcha aʼzolar tomonidan imzolanib, rais tomonidan tasdiqlanadi.
17. Maxsus komissiyaning qarori asosida akademik litsey direktori tomonidan bitiruvchiga tavsiyanoma beriladi.
18. Tavsiyanoma berish uni olgan bitiruvchilar roʻyxatini ilova qilgan holda maxsus komissiyasi qarori qabul qilingandan soʻng 2 kundan kechikmasdan akademik litsey direktori buyrugʻi bilan rasmiylashtiriladi. Tavsiyanoma olgan bitiruvchiga buyruqdan koʻchirma beriladi.
19. Tavsiyanoma berish haqidagi buyruq qabul qilingandan soʻng bir kun ichida qabul komissiyasiga foydalanish uchun yuboriladi.
3-bob. Qabul komissiyasi tomonidan hujjatlarni qabul qilish
20. Abituriyentlarning oʻqishga qabul qilish haqidagi arizalari qabul komissiyasi tomonidan 25-iyundan 5-iyulgacha qabul qilinadi.
Zarur hollarda, Adliya vazirligi tomonidan mazkur bandning birinchi xatboshisida belgilangan abituriyentlarning oʻqishga qabul qilish haqidagi arizalarini qabul qilish muddatiga oʻzgartirish kiritilishi mumkin.
21. TDYU bakalavriatiga qabul qilish uchun hujjatlar Internet jahon axborot tarmogʻi orqali taqdim etiladi.
Abituriyentlar TDYU rektori nomiga oʻqishga qabul qilish haqidagi arizani ushbu Nizomga 2-ilovasiga muvofiq elektron shaklda toʻldiradi.
22. Qabul qilish toʻgʻrisidagi elektron arizaga diplom va ilovasi elektron shaklda ilova qilinadi.
Arizaga ilova qilinayotgan hujjat haqiqiyligi saqlanishini taʼminlovchi (har bir duymga 200 nuqtadan kam boʻlmagan) alohida fayl koʻrinishida boʻlishi kerak.
Arizani unga hujjatlar “PDF” (portable document format) formatida skaner qilingan nusxalar koʻrinishida ilova qilingan holda joʻnatishga yoʻl qoʻyiladi.
23. Ushbu Nizomning 20 — 22-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq barcha hujjatlar taqdim etilgan taqdirda, 72 soat ichida noyob raqam berish orqali ariza roʻyxatga olinadi va abituriyentga bildirishnoma yuboriladi hamda abituriyentga hujjatlarning aslini oʻz vaqtida topshirish zarurati toʻgʻrisida xabar beriladi.
Hujjatlar qabul komissiyasi tomonidan qabul qilingan vaqt ariza uchun noyob raqam olingan vaqt hisoblanadi.
24. Agar taqdim etilgan hujjatlar ushbu Nizomning 20 — 22-bandlarida nazarda tutilgan talablarga muvofiq boʻlmagan taqdirda, 72 soat ichida arizada koʻrsatilgan elektron pochta manzili boʻyicha abituriyentga tegishli xabarnoma yuboriladi. Bunda, abituriyentga koʻrsatib oʻtilgan kamchiliklarni bartaraf etish va hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagunga qadar ularni takroran taqdim etish imkoniyati beriladi.
Hujjatlarni qabul qilishning belgilangan muddati tugagandan soʻng hujjatlarga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish qatʼiyan man qilinadi.
25. Roʻyxatga olingan qabul qilish toʻgʻrisidagi arizalar soni har kuni TDYUning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
4-bob. Suhbat komissiyasini tashkil etish va yakka tartibdagi suhbatni oʻtkazish
26. Yakka tartibdagi suhbat har yili 10 — 20-iyul kunlari suhbat komissiyasi tomonidan oʻtkaziladi. Obyektiv sabablarga koʻra ushbu muddatlarda suhbat oʻtkazish imkoniyati boʻlmasa, TDYU yakka tartibdagi suhbat oʻtkazish muddatini bu haqda abituriyentlarni kamida uch kun avval xabardor qilgan holda, oʻzgartirishi mumkin.
27. Suhbat komissiyasi har yili 1-iyuldan kechikmasdan 7 nafar kishidan iborat tarkibda tuziladi. Suhbat komissiyasi tarkibiga Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va TDYU xodimlari kiritiladi.
Suhbat komissiyasi tarkibiga kelishuv asosida boshqa tashkilotlar vakillari ham kiritilishi mumkin.
Maxsus komissiya tarkibiga kiritilgan shaxslarning Suhbat komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Suhbat komissiyasi oʻz faoliyatini kollegiallik, oshkoralik, xolislik va betaraflik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
Suhbat komissiyasiga komissiyaning boshqa aʼzolari faoliyatini oʻzaro umumiy muvofiqlashtiruvchi rais boshchilik qiladi. Suhbat komissiyasi faoliyatini tashkiliy taʼminlash uning kotibiga yuklanadi.
28. Yakka tartibdagi suhbat oʻtkazilishiga qadar abituriyentlar uchun maslahatlar tashkil etiladi, maslahatlar jadvali qabul komissiyasi raisi tomonidan tasdiqlanadi.
29. Yakka tartibdagi suhbatni oʻtkazish uchun bino va auditoriyalarni tayyorlashni tashkil etish uchun javobgarlik qabul komissiyasi masʼul kotibi zimmasiga yuklanadi.
30. Yakka tartibdagi suhbat oʻtkazish jadvali TDYU rasmiy veb-saytida suhbat boshlanishidan kamida uch kun oldin joylashtiriladi.
31. Yakka tartibdagi suhbat TDYUdagi taʼlim tillarida oʻtkaziladi. Yakka tartibdagi suhbat tili abituriyentning oʻzi tomonidan belgilanib, uning oʻqishga qabul qilish haqidagi arizasida koʻrsatiladi.
32. Abituriyentlar yakka tartibdagi suhbatdan oʻtishlari uchun navbat bilan kiritiladi. Yakka tartibdagi suhbatga abituriyent biometrik pasporti (identifikatsiya ID-kartasi) bilan tashrif buyuradi.
33. Abituriyentning yakka tartibdagi suhbatga uyali telefon va boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, lugʻat, kitob va shpargalkalar olib kirishi, ulardan foydalanishi yoki ularni boshqa abituriyentga berishi, shuningdek, boshqa abituriyentga yordam berishi qatʼiyan taqiqlanadi.
Ushbu talabni buzgan abituriyent yakka tartibdagi suhbatdan chetlashtiriladi. Suhbatdan chetlashtirish boʻyicha ushbu Nizomga 3-ilovada berilgan shaklga muvofiq suhbat komissiyasi kotibi tomonidan dalolatnoma rasmiylashtiriladi.
34. Yakka tartibdagi suhbatni oʻtkazish davomida suhbat komissiyasi aʼzolari tomonidan abituriyentga mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan mezonlardan kelib chiqqan holda savollar beriladi.
Bunda ushbu Nizomning 4-bandi ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha beriladigan savollar roʻyxati akademik litsey oʻquv dasturlari doirasida shakllantiriladi hamda TDYU rektori tomonidan tasdiqlanadi.
Tasdiqlangan savollar roʻyxati TDYUning rasmiy veb-saytiga yakka tartibdagi suhbat boshlanishidan kamida oʻn besh kun avval joylashtiriladi.
Bitta abituriyent bilan yakka tartibdagi suhbat 45 daqiqagacha davom etishi mumkin. Mazkur Nizomning 4-bandi ikkinchi va uchinchi xatboshilarida nazarda tutilgan yoʻnalishlar boʻyicha savollar abituriyent tomonidan axborot texnologiyalaridan foydalangan holda maxsus elektron dastur orqali tasodifiy ravishda tanlanadi.
Abituriyent tomonidan tasodifiy ravishda tanlangan savollar suhbat komissiyasi kotibi tomonidan printerda chop etiladi va abituriyentga taqdim qilinadi.
Yakka tartibdagi suhbat natijalari 100 ballik tizimda ballar qoʻyish yoʻli bilan baholanadi. Mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan har bir mezon boʻyicha maksimal ball 25 ballni tashkil etadi.
35. Yakka tartibdagi suhbat natijalarini aniqlash uchun suhbat komissiyasining har bir aʼzosi boshqa aʼzolardan mustaqil holda ushbu Nizomga 4-ilovaga muvofiq shakldagi baholash varaqasini toʻldiradi va uni suhbat komissiyasi kotibiga taqdim etadi. Suhbat komissiyasi kotibi abituriyentga suhbat komissiyasi aʼzolari tomonidan qoʻyilgan oʻrtacha ballni hisoblab chiqadi.
Yakka tartibdagi suhbat natijalari reyting tizimi boʻyicha abituriyentga qoʻyilgan (0 dan 100 gacha oraliqdagi) ballar asosida aniqlanadi.
Suhbat komissiyasi bayonnomasida abituriyentlar roʻyxati kamayib borish tartibida, eng yuqori ball olgan abituriyentdan boshlab joylashtiriladi.
36. Yakka tartibdagi suhbat jarayoni va natijalari suhbat komissiyasining barcha aʼzolari tomonidan imzolanadigan va rais tomonidan tasdiqlanadigan bayonnomada qayd etiladi.
Yakka tartibdagi suhbat jarayoni va natijalarini qayd etishda video va audioyozuvlardan foydalaniladi. Yakka tartibdagi suhbat jarayoni Internet jahon axborot tarmogʻi orqali onlayn rejimda translyatsiya qilinishi mumkin.
37. Suhbat natijalari TDYU rasmiy veb-saytida suhbat oʻtkazilgandan soʻng keyingi ish kunida eʼlon qilinadi.
38. Abituriyentlar oʻqishga quyidagi hollarda qabul qilinmaydi:
jadval boʻyicha yakka tartibdagi suhbatga kelmaganda (0 ball qoʻyiladi);
yakka tartibdagi suhbatda belgilangan maksimal ballning 56 foizi va undan kam ball toʻplanganda.
39. TDYU bakalavriatiga abituriyentlarni qabul qilish uchun yakka tartibdagi suhbatni qayta oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.
40. Yakka tartibdagi suhbat natijalari yuzasidan TDYU rektorining buyrugʻi bilan abituriyentlarning shikoyatlarini koʻrib chiqish uchun Apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi tarkibiga tegishli fanlar boʻyicha malakali mutaxassislar kiritiladi.
Maxsus va Suhbat komissiyalari tarkibiga kiritilgan shaxslarning apellyatsiya komissiyasi tarkibiga kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
41. Yakka tartibdagi suhbat natijalaridan norozi boʻlgan abituriyent apellyatsiya komissiyasiga suhbat natijasi eʼlon qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida yozma tartibda apellyatsiya berish huquqiga ega.
42. Apellyatsiya komissiyasi taqdim etilgan apellyatsiyani u kelib tushgan kundan boshlab ikki ish kunidan oshmagan muddatda koʻrib chiqadi. Apellyatsiya koʻrib chiqiladigan kun haqida abituriyentga xabar beriladi.
43. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan apellyatsiya faqat abituriyent ishtirokida, suhbat jarayoni yozib olingan videotasvir asosida koʻrib chiqiladi.
44. Abituriyentning eʼtirozlarini koʻrib chiqish natijasi boʻyicha Apellyatsiya komissiyasi quyidagi mazmundagi qarorlardan birini qabul qiladi:
eʼtiroz asossiz boʻlsa, apellyatsiyani qanoatlantirishni rad etish va suhbat natijalarini oʻzgarishsiz qoldirish;
eʼtiroz asosli boʻlsa, apellyatsiyani qanoatlantirish va suhbat natijalariga oʻzgartirish kiritish.
45. Yakka tartibdagi suhbatdan muvaffaqiyatli oʻtgan abituriyentlar qabul komissiyasiga oʻquv yili boshlanishiga qadar hujjatlarning aslini, shuningdek, chet tilini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatning asl nusxasini taqdim etadi.
Hujjatlarda, shu jumladan elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlarda soxtalashtirish va qalbakilashtirish aniqlangan taqdirda, abituriyent yakka tartibdagi suhbatdan chetlashtiriladi (TDYU talabalar safidan chetlashtiriladi), hujjatlari esa belgilangan tartibda huquqni muhofaza etuvchi organlarga yuboriladi.
46. Yakka tartibdagi suhbat natijalari 1-avgustga qadar TDYU bakalavriatiga abituriyentlarni tavsiya etish haqida qaror qabul qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yuboriladi.
5-bob. Qabul qilishni rasmiylashtirish
47. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining TDYU bakalavriatiga tavsiya etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi 10-avgustdan kechiktirmasdan qabul qilinadi.
48. Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining TDYU bakalavriatiga tavsiya etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilinganidan soʻng TDYU bilan yuridik yoki jismoniy shaxslar oʻrtasida belgilangan tartibda kontraktlar tuziladi.
Belgilangan namunadagi kontrakt blankalari Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrugʻi qabul qilingan kundan boshlab beriladi hamda TDYU rektori va bosh buxgalteri imzosi bilan yuridik shaxslar uchun 3 nusxada va jismoniy shaxslar uchun 2 nusxada rasmiylashtiriladi.
TDYU bakalavriatiga toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga tavsiya qilingan abituriyentlar uchun toʻlovlar har yili qonunchilik va shartnoma shartlarida koʻrsatilgan muddatlarda amalga oshiriladi.
49. Abituriyentlarni TDYUga oʻqishga qabul qilish yuridik hamda jismoniy shaxslar tomonidan kontrakt toʻlovi toʻlangandan soʻng TDYU rektorining buyrugʻi bilan 15-sentabrdan kechiktirmay rasmiylashtiriladi.
Ushbu abituriyentlarga 2-sentabrdan boshlab darslarga qatnashishiga ruxsat etish toʻgʻrisida buyruq rasmiylashtiriladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
50. Akademik litsey tomonidan berilgan tavsiyanoma ikki yil davomida amal qiladi.
51. TDYU bakalavriatiga qabul qilingan abituriyentlarning yakka tartibdagi suhbat natijalaridan tegishli koʻchirmalar ularning shaxsiy yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi.
52. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilishni tashkil etish
SXEMASI
Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik litseyning bitiruvchilarini Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat oʻtkazish orqali oʻqishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizomga 4-ILOVA
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 09.06.2021-y., 10/21/3308/0541-son; 27.06.2023-y., 10/23/3308-1/0493-son)
