Davlat xizmatlari koʻrsatilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida (CQ-314-IV-son)
29.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 12-martdagi SQ-262-IV-sonli Qaroriga muvofiq Davlat xizmatlari koʻrsatilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻroviga berilgan javobni koʻrib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bu borada bir qator ishlar amalga oshirilganligini qayd etadi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Senat qarori ijrosini taʼminlash boʻyicha 15 ta banddan iborat chora-tadbirlar rejasi tasdiqlanib, ijroga qaratilgan.
Chora-tadbirlarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 15-fevraldagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi PQ-4193-sonli qarori, 2020-yil 31-yanvardagi “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5930-sonli Farmoni ijrosi, shuningdek, vazirlik va idoralar tomonidan davlat xizmatlari koʻrsatilishi yaxshilashga qaratilgan qator masalalar nazarda tutilgan.
Xususan, davlat organlari, xoʻjalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan va tadbirkorlik subyektlaridan 17 turdagi hujjatlar talab qilish bekor qilingan.
Shuningdek, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash, Mudofaa, Xalq taʼlim vazirliklari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan ayrim maʼlumotlarni ortiqcha talab qilinishiga chek qoʻyilgan.
Bundan tashqari, “Sudlanganlik haqida maʼlumotnoma”, “Manzil-maʼlumot axborotlari”, “Fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy borligi yoki yoʻqligi toʻgʻrisida maʼlumot” va “Turar joy toʻgʻrisida maʼlumotnoma” talab qilish bekor qilingan.
Shu bilan birga, parlament soʻrovida koʻtarilgan ayrim masalalar yuzasidan qushimcha choralar koʻrish lozim.
Jumladan, parlament soʻrovida koʻrsatilgan Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari orqali maxsus qoʻllaniladigan biologik aktiv moddalar, yangi kimyoviy moddalar, ozuqa qoʻshimchalari, biologik vositalar va materiallar, polimer va plastik massalar, parfyumeriya-kosmetika mahsulotlarini chetdan keltirish va ishlab chiqarishga ruxsatnoma berish xizmati joriy etilmagan.
Shuningdek, Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatning dublikatini berish xizmati yoʻlga qoʻyilmagan.
Davlat organlari oʻrtasida idoralararo, shu jumladan elektron hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi hisobiga Ichki ishlar vazirligi tomonidan fuqarolardan sudlanganlik haqidagi maʼlumotnoma talab qilishni, shuningdek Soliq qoʻmitasi huzuridagi Kadastr agentligi davlat organlari tomonidan fuqarolardan nomida turar joy mavjud yoki yoʻqligi haqida maʼlumotnoma talab qilishni bekor qilish belgilangan.
Biroq idoralararo elektron maʼlumotlar almashinuvi (integratsiya) yoʻlga qoʻyilmagan. Oqibatda vasiylik va homiylik organlari tomonidan yetim hamda ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning qonuniy manfaatlarini taʼminlashda sudlanganlik, nomida turar joy mavjud va yoʻqligi haqidagi maʼlumotlar fuqarolardan talab qilinib kelinmoqda.
Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda qoʻllaniladigan elektron maʼlumotlar bazalarini shakllantirish, davlat organlari tomonidan axborot tizimlarini yaratish va ulardagi maʼlumotlar toʻplamlarini raqamlashtirish masalalari ochiq qolgan.
Yuqorida bayon etilganlarga asosan hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi davlat xizmatlari koʻrsatilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovidagi masalalarni toʻliq bartaraf etish choralarini koʻrsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda:
elektron identifikatsiya tizimi hamda elektron raqamli imzo bilan ishlash tizimini takomillashtirib, amaliyotga toʻliq joriy etishni yoʻlga qoʻysin;
davlat xizmatlari portalining mobil ilovasini rivojlantirib, jismoniy va yuridik shaxslarga qulay hamda tez davlat xizmatlari koʻrsatilishini taʼminlasin;
ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, davlat xizmatlari markazlari orqali koʻrsatiladigan xizmatlar sonini yanada koʻpaytirish choralarini koʻrsin;
vazirliklar va davlat idoralari tomonidan koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini inventarizatsiya qilsin, shuningdek aholiga yengillik va qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlarini koʻrsatish turlarini soddalashtirish (muddati, toʻlov uslubi, narxi va shartlari), ayniqsa nogironligi boʻlgan shaxslarga chegirmalar qoʻllab, toʻlovlarni kamaytirish boʻyicha choralar koʻrsin;
davlat xizmatlari koʻrsatilishi holati va bu bilan bogʻliq jarayonning shaffofligini kuchaytirishga qaratilgan deputatlik nazoratini amalga oshirish maqsadida Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmalari tegishincha xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga muntazam ravishda axborot berib borishini taʼminlasin;
mazkur Qarorning ijrosi hamda parlament soʻrovida koʻtarilgan masalalarning toʻliq bartaraf etilganligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga:
muntazam ravishda Davlat xizmatlari agentligi hududiy boshqarmalarining faoliyati toʻgʻrisida axborotlarini eshitib, shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan qarorlar qabul qilish;
davlat xizmatlari koʻrsatiladigan hududiy idoralarning xizmat koʻrsatish sifati va qonunchilikda belgilangan tartib hamda asoslarda faoliyat yuritishi ustidan taʼsirchan deputatlik nazoratini oʻrnatish;
davlat xizmatlari koʻrsatilishi holati yuzasidan fuqarolardan kelib tushadigan ariza va shikoyatlarda koʻtarilayotgan muammolarni bartaraf etish boʻyicha deputatlik soʻrovi institutidan keng foydalanish tavsiya etilsin.
4. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N. Umarov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 29-may,
SQ-314-IV-son
