“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishonini taʼsis etish toʻgʻrisida (356-son)
09.06.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 17-noyabrdagi PQ-4896-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni taʼsis etilsin.
2. Quyidagilar:
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tavsiflari 2 va 3-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining “Davlat belgisi” davlat unitar korxonasi Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining buyurtmasiga muvofiq “Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasi tayyorlanishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
4. “Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni va uning guvohnomasini tayyorlash hamda mukofotlanganlarni taqdirlash bilan bogʻliq xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanishi inobatga olinsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshligʻi O.M. Umarov va Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sh.H. Habibullayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 9-iyun,
356-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-iyundagi 356-son qaroriga 1-ILOVA
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni (keyingi oʻrinlarda — koʻkrak nishoni) bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
2. Koʻkrak nishoni bilan gidrometeorologiya va iqlimshunoslik sohasini rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari hamda aholini gidrometeorologik va iqlimiy oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan taʼminlash tizimini takomillashtirish, gidrometeorologiya xizmati infratuzilmasini modernizatsiya qilish, tizim faoliyatiga zamonaviy axborot hamda sunʼiy yoʻldosh texnologiyalarini joriy etish ishlariga katta hissa qoʻshgan, yosh mutaxassis kadrlarni tayyorlash borasida samarali mehnat qilgan fuqarolar taqdirlanadi.
Koʻkrak nishoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
3. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi ushbu Nizomga ilova qilingan sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash uchun hujjatlarni taqdim etish va koʻrib chiqish
4. Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi (keyingi oʻrinlarda — “Oʻzgidromet”) tizimidagi tashkilotlar hamda hududiy gidrometeorologiya boshqarmalari koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni har yili 1-aprelga qadar “Oʻzgidromet” ga taqdim etadi.
Nomzodlar boʻyicha taqdim etilgan takliflarga ilova sifatida nomzod haqida maʼlumotnoma, uning soʻnggi uch yil davomida gidrometeorologiya sohasida amalga oshirgan ishlari aks ettirilgan tavsifnoma taqdim etiladi.
5. “Oʻzgidromet” bosh direktori tomonidan koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya (keyingi oʻrinlarda — Komissiya) tashkil etiladi.
6. Komissiya yigʻilishida nomzodlarning tegishli hujjatlari oʻrganilib, har yili 20-aprelga qadar eng munosib nomzodlar boʻyicha yakuniy xulosa qabul qilinadi.
3-bob. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash tartibi
7. Komissiya xulosasi asosida “Oʻzgidromet” bosh direktorining koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisidagi buyrugʻi har yili 1-mayga qadar chiqariladi.
8. Koʻkrak nishoni har yili 7-may — “Oʻzgidromet” tashkil topgan kun arafasida “Oʻzgidromet” bosh direktori (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) tomonidan tantanali tarzda topshiriladi.
9. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganlarga bazaviy hisoblash miqdorining toʻrt baravari miqdorida bir yoʻla toʻlanadigan pul mukofoti beriladi.
10. Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash, istisno tariqasida, “Oʻzgidromet” bosh direktorining buyrugʻiga asosan alohida holatlarda ham amalga oshirilishi mumkin.
11. Bir shaxs koʻkrak nishoni bilan bir marta mukofotlanadi.
12. Koʻkrak nishoni davlat mukofotlaridan keyin koʻkrakning chap tomoniga taqiladi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
13. “Oʻzgidromet” ushbu Nizomga muvofiq koʻkrak nishoniga tavsiya etilgan nomzodlar hujjatlarining xolisona koʻrib chiqilishi uchun bevosita masʼuldir.
14. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash
SXEMASI
Bosqichlar Subyektlar Tadbirlar Bajarish muddatlari 1-bosqich Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi tizimidagi tashkilotlar hamda hududiy gidrometeorologiya boshqarmalari Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markaziga taqdim etadi. Har yili 1-aprelga qadar 2-bosqich Koʻkrak nishoni bilan taqdirlashga oid takliflarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash boʻyicha nomzodlar haqidagi tegishli hujjatlarni oʻrganib chiqadi va yakuniy xulosani qabul qiladi. Har yili 20-aprelga qadar 3-bosqich Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi Koʻkrak nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazining buyrugʻini chiqaradi. Har yili 1-mayga qadar 4-bosqich Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori (yoki uning topshirigʻiga muvofiq boshqa masʼul shaxslar) “Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlaydi. Har yili 7-may — “Oʻzgidromet” tashkil topgan kun arafasida
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-iyundagi 356-son qaroriga 2-ILOVA
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishonining
TAVSIFI
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni diametri 34 millimetrli doira shaklida boʻlib, mis qotishmasidan tayyorlanadi.
Koʻkrak nishonining qalinligi 2,5 millimetr.
Koʻkrak nishonining old tomoni yuqori qismida aylana boʻylab balandligi 2 millimetr boʻlgan “GIDROMETEOROLOGIYA XIZMATI AʼLOCNISI” soʻzlari yozilgan.
Koʻkrak nishonining markaziy qismida meteorologiya kuzatuvlari uchun asosiy uskuna boʻlgan avtomatik meteorologiya stansiyasi, uning oʻng tomonida baland togʻlar va uning ortidan chiqib kelayotgan quyosh hamda togʻlardan quyida gidrologiyani ramziy maʼnoda ifoda etuvchi uch qatorda toʻlqinsimon chiziqlar aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining pastki chetlari boʻylab faxr-iftixor va sharaf maʼnolarini ifoda etuvchi ikkita dafna yaprogʻi tasvirlangan. Dafna yaproqlarining ustida meteorologlarning shamol tezligi va yoʻnalishi boʻyicha maʼlumot beruvchi “shamol guli” belgisi aks ettirilgan.
Koʻkrak nishonining orqa tomonida qavariq aylana markazida uch qatorda harflarning balandligi 2 millimetr boʻlgan “GIDROMETEOROLOGIYA”, “SONASIDAGI SAMARALI”, “MENNATLARI UCNUN” soʻzlari yozilgan.
Barcha yozuvlar va tasvirlar zarhal rangda boʻlib, qavariqdir.
Koʻkrak nishoni ilgakchalar va halqacha yordamida toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga ulangan.
Qadagʻichning eni — 26 millimetr, boʻyi — 17 millimetr. Qadagʻich eni 22 millimetrli moviy rangdagi shoyi lenta bilan qoplangan. Lentaning oʻrtasidan eni 0,5 millimetrli ikkita oq rangli yoʻl vertikal holatda oʻtgan.
Qadagʻichning orqa tomoniga koʻkrak nishonini kiyimga taqib qoʻyish uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan.
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 9-iyundagi 356-son qaroriga 3-ILOVA
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni guvohnomasining
TAVSIFI
“Gidrometeorologiya xizmati aʼlochisi” koʻkrak nishoni guvohnomasi (keyingi oʻrinlarda — guvohnoma) 160x110 millimetr oʻlchamdagi kitobcha shaklida boʻlib, 240 g/kv.m. qalinlikdagi ofset qogʻozdan tayyorlanadi.
Guvohnomaning tashqi tomoni (birinchi va toʻrtinchi betlari) och koʻk rangda boʻlib, plyonka bilan qoplangan.
Guvohnomaning birinchi beti eni 7,5 millimetrli, ichki burchaklari aylana shaklida boʻlgan oq rangli hoshiya bilan oʻralgan.
Guvohnomaning yuqori chekkasidan (birinchi beti) 35 millimetr pastda, markazda, oraligʻi 3,5 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “GIDROMETEOROLOGIYA”, ikkinchi satrda “XIZMATI AʼLOCNISI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 14 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 6 millimetr pastda “GUVONNOMASI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 17 kegl) soʻzi yozilgan.
Guvohnomaning ichki tomoni (ikkinchi va uchinchi betlari) “Tangir” tasviri tushirilgan och havo rangda boʻlib, ofset usulida chop etilgan.
Ichki tomonining chap qismida (ikkinchi beti), markazda koʻkrak nishonining asliga teng oʻlchamdagi rangli tasviri aks ettirilgan.
Guvohnomaning ichki oʻng tomoni (uchinchi beti) yuqori chekkasidan 8 millimetr pastda, markazda “GUVONNOMA” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi hamda guvohnomaning tartib raqami uchun “№” belgisi va 17 millimetrli chiziq joylashgan.
Undan 10 millimetr pastda mukofotlangan shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismini qayd etish uchun oraligʻi 8 millimetrli uchta chiziq tortilgan.
Pastki chiziqdan 6 millimetr quyida, markazda oraligʻi 2 millimetrli ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “Oʻzbekiston Respublikasi”, ikkinchi satrda “Gidrometeorologiya xizmati markazi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda oraligʻi 4 millimetr boʻlgan ikki satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “20__ y. “___” ___________dagi”, ikkinchi satrda “____-sonli buyrugʻiga asosan” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Undan 5 millimetr pastda, markazda oraligʻi 5 millimetrli uch satrdan iborat matn joylashgan. Birinchi satrda “GIDROMETEOROLOGIYA”, ikkinchi satrda “XIZMATI AʼLOCNISI” (katta harflarda, “Times new Roman Bolt” shrifti, 12 kegl), uchinchi satrda “koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzlari yozilgan.
Soʻnggi soʻzlardan 9 millimetr pastda, chap tomonda “Bosh direktor” (“Times new Roman Bolt” shrifti, 10 kegl) soʻzi yozilgan.
