Koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari-turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimovga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida (SQ-312-IV-son)
29.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimovga koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga hamda “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimovga koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan parlament soʻrovi ilovaga muvofiq yuborilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimov parlament soʻrovini koʻrib chiqish yakunlari boʻyicha 2021-yilning 5-avgustiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga yozma javob taqdim etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi (R. Alimov) parlament soʻroviga kelib tushgan javobni tahlil qilib, shu yilning 20-avgustiga qadar Oliy Majlis Senati Kengashiga axborot kiritsin.
4. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 29-may,
SQ-312-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 29-maydagi SQ-312-IV-sonli Qaroriga ILOVA Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — turizm va sport vaziri A.A. Abduxakimovga
PARLAMENT SOʻROVI (koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan)
Soʻnggi yillarda mamlakatda turizm sohasi rivojida eng yuqori oʻsish surʼatlari qayd etildi.
Jumladan, 2019-yil yakuni boʻyicha davlatga 6,7 mln chet ellik sayyoh tashrif buyurgan. Jahon sayohat va turizm kengashining 2020-yilgi hisobotiga koʻra, turizmning Oʻzbekistonning YAIMga qoʻshgan umumiy hissasi 4,5 foizni (2,4 milliard AQSH dollarini) tashkil etgan. Sohada 601 mingdan ortiq kishining bandligi taʼminlangan.
Koronavirus pandemiyasi iqtisodiyotning strategik sektoriga aylangan turizm sohasida ham chuqur inqirozni keltirib chiqargan.
2020-yilda mamlakatga atigi 1,5 million chet ellik sayyoh tashrif buyurib, turizm xizmatlari eksportidan tushum 261 mln dollarni tashkil etgan (2019-yilga nisbatan 5,2 baravar kam).
2021-yilgi prognozlarga koʻra 1,7 mln chet ellik sayyohning Oʻzbekistonga kelishi va 400 mln AQSH dollari miqdorida turistik xizmatlar eksport qilinishi moʻljallanmoqda.
Sohada yuzaga kelgan murakkab vaziyat oqibatida 1 200 ta (63 foiz) joylashtirish vositasi, 1 500 dan ortiq (80 foiz) turoperator oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan. Bu esa 250 mingdan ortiq ish oʻrnining yoʻqotilishiga olib kelgan.
Sohaning jadal surʼatlarda tiklanishini taʼminlash, ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni va 1 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori qabul qilingan.
Ushbu hujjatlar doirasida sohani qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator chora-tadbirlar koʻrilgan. Jumladan:
turoperatorlar, turagentlar, joylashtirish vositalari uchun foyda soligʻi stavkasi belgilangan stavkalarning 50 foiziga kamaytirilgan;
kamida 10 kishidan iborat xorijiy turistik guruhlar uchun Oʻzbekiston Respublikasida turlar tashkil etish va ularning joylashtirish vositalarida kamida besh kecha tunab qolishi sharti bilan turoperatorlarning avia va temir yoʻl chiptalari boʻyicha xarajatlari chipta narxining 30 foizi miqdorida subsidiyalashtirilgan;
yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi va mehmonxona xizmatlarini koʻrsatadigan turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasi subyektlari yuridik shaxslarning mol-mulk soligʻi toʻlashdan ozod qilingan. Ular tomonidan ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida kamaytirilgan stavka boʻyicha toʻlanishi yoʻlga qoʻyilgan;
turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasi subyektlari yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi hamda jismoniy shaxslardan olinadigan mol-mulk soligʻi toʻlashdan ozod qilingan.
Bundan tashqari, 2020-yil oktabr oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan pandemiya davrida turizm biznesini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha chora-tadbirlar tasdiqlandi. Xususan, foiz xarajatlarini Markaziy bank asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foizlik darajadan ortiq boʻlmagan miqdorda qoplash nazarda tutilgan.
Joylashtirish vositalarini qurish, obyektlarni yangi sanitariya-gigiyena normalariga muvofiqlashtirish, 1 mlrd soʻmgacha aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun qarzlarga ham subsidiya tatbiq etilgan.
Uchta aeroportda “ochiq osmon” tartibi oʻrnatilib, fuqarolari Oʻzbekistonga vizasiz tashrif buyurishi mumkin boʻlgan mamlakatlar roʻyxati kengaytirilgan. Sayyohlar uchun “Uzbekistan/Safe travel GUARFNTEED” sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi va ilk bor “Fast Track” xizmati joriy etilgan.
Ichki va ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida Oʻzbekiston shaharlari oʻrtasida yangi aviareyslar va temir yoʻl yoʻnalishlari ochildi. Ayrim umumxalq bayramlarini nishonlash paytida kamida uch kundan iborat dam olish kunlari belgilashni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida:
241 ta joylashtirish vositasi va turoperatorlarga ish joylarini saqlab qolish uchun 16,1 mlrd soʻm miqdorida foizsiz ssuda ajratilgan;
turizm sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish davom ettirilishi natijasida 126 ta mehmonxona va joylashtirish vositasi foydalanishga topshirilgan va xonalar soni 3 mingtaga koʻpaygan;
2021-yilning birinchi choragida 522 mingga yaqin fuqaro ichki sayyoh sifatida sayohat qilib, ularning Oʻzbekiston YAIMdagi ulushi 130 mlrd soʻmni tashkil etgan.
Shu bilan birga, qonun hujjatlari ijrosi, Senatga yuridik va jismoniy shaxslardan tushgan murojaatlar, ekspertlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar fikrlarini oʻrganish natijasida turizm sohasini tiklash boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga toʻsqinlik qiladigan qator muammolar va kamchiliklar aniqlandi.
Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-iyundagi PQ-4755-sonli “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida nazarda tutilgan qator vazifalar toʻliq amalga oshirilmagan.
Xususan, Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qoʻshinlari maʼlumotlari bazasini Turistik yigim hisobini yuritishning yagona tizimi bilan integratsiyalash boʻyicha ishlar belgilangan muddatda ijro egilmagan.
Yagona tizimni mahalliy mobil toʻlov dasturlari va xalqaro toʻlov tizimlari bilan integratsiyalash boʻyicha vazifalar bajarilmagan.
Mamlakatning mintaqaviy xalqaro aeroportlari uchun eng yaxshi nomlarni aniqlash uchun ommaviy tanlov oʻtkazilgan boʻlsa-da, tanlov natijalari eʼlon qilinmagan, aeroport nomlari boʻyicha amaliy qarorlar qabul qilinmagan.
Xorijiy aviakompaniyalarning qiziqishini oshirish boʻyicha tizimli choralar koʻrilmagani sababli “Andijon”, “Buxoro” va “Urganch” xalqaro aeroportlarida joriy etilgan “ochiq osmon” rejimi oʻz samarasini bermagan.
Ikkinchidan, tadbirkorlik subyektlari xamda madaniy va tarixiy meros obyektlari rahbariyatining “Uzbekistan, Safe travel GUARANTEED” xavfsiz obyektlar tizimi haqida xabardorligi pastligi, shuningdek, tegishli sertifikatni olish uchun toʻlov (BHM 2 baravari) amalga oshirish zarurligi tufayli mazkur tizim mamlakatda keng tatbiq etilmagan.
Jumladan, 1 361 ta joylashtirish vositasi hamda 200 ta madaniy meros obyekti va muzeylar, asosiy sayyohlik yoʻnalishlarida joylashgan yuzlab yirik va oʻrta umumiy ovqatlanish obyektlari faoliyat olib borsa-da, faqatgina 186 ta obyekt (turoperatorlar, madaniy-tarixiy obyektlar, aeroportlar, tabiiy va sport zonalari va h.k.) va 24 ta mehmonxona milliy tizimga muvofiq sertifikatsiyadan oʻtgan boʻlsa-da, xorijiy tizimlardan farqli oʻlaroq mahalliy tizimning ingliz tilidagi nusxasi yoʻq.
Uchinchidan, avia va temir yoʻl orqali tashish narxlarining yuqoriligi, yoʻl boʻyi, vokzal va aeroport infratuzilmasi sifati pastligi turizm sohasini tiklashga xalaqit berayotgan jiddiy omil hisoblanadi. Qolaversa, koʻrsatilayotgan xizmatlar narxi va sifati oʻrtasida keskin tafovut mavjud.
Maʼlumot uchun: Toshkent-Moskva-Toshkent (3985 km) aviachiptasi narxi 700 dollarni, Olmaota-Moskva-Olmaota (3960 km) reysi narxi 560 dollarni tashkil etadi.
Toshkent-Istanbul-Toshkent reysi boʻyicha 1 kishi uchun bilet narxi 657 dollar atrofida boʻlsa, undan ham uzoqroq masofadagi Bishkek-Istanbul-Bishkek reysi boʻyicha bilet narxi — 276 dollarni tashkil qiladi.
Toʻrtinchidan, tobora kuchayib borayotgan raqobat sharoitida turizm sohasini tiklash turistik xizmatlari kengayishini taqozo etadi. Biroq xalqaro bozorda taklif etilayotgan sayyohlik turlariga mos ravishda turistik xizmatlarni diversifikatsiyalash ishlari sust.
Turizmning qator yoʻnalishlari salohiyatidan foydalanilmayapti.
Masalan, Luxury turizm, onlayn turizm segmenti, ovchilik turizmi yoʻnalishi rivojlanmagan, tibbiy turizmni targʻib qilishda sezilarli yutuqlarga erishilmagan. “All inclusive” kabi ommabop turistik xizmatlar taqdim etilmaydi.
Beshinchidan, kadrlar bilan ishlash holati qoniqarsiz. Yuqori malakali kadrlar keskin yetishmasligiga qaramay, 2019-2020 oʻquv yilida turizm yoʻnalishidagi oliy oʻquv yurtlarining bakalavriat yoʻnalishlari bitiruvchilarining 37 foizi ish bilan taʼminlanmagan.
Ishga joylashgan bakalavriat yoʻnalishi bitiruvchilarining 27,5 foizi va magistratura bitiruvchilarining 47 foizigina oʻz mutaxassisligi boʻyicha faoliyat olib bormoqda. Bu esa vaziyatni murakkablashtirmoqda.
Oltinchidan, chet ellik investorlar, yirik xalqaro mehmonxonalar tarmoqlari vakillari mamlakatda intellektual mulk huquqlarini himoya qilish masalasi yuzasidan salbiy munosabat bildirmoqda.
Misol uchun, mamlakatimiz mehmonxonalari mashhur mehmonxonalar tarmoqlarining patentlangan logotiplaridan foydalanayotgani qayd etilmoqda, ayrim mehmonxonalar nomlari bitta harf bilan farq qilayotgan holatlar uchramoqda.
Yettinchidan, biznes-uchrashuvlar, reklama va press-turlar kabi ommabop shakl va usullardan foydalanish cheklanishi tufayli turizmni targʻib qilish boʻyicha marketing strategiyasini tubdan qayta koʻrib chiqish talab etiladi.
Yuqoridagilarni inobatga olib, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunining 12-moddasiga va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Senati:
1. Koronavirus pandemiyasi davrida turizmni qoʻllab-quvvatlashga oid normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini soʻzsiz taʼminlash, shuningdek, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatini soha xodimlari hamda tadbirkorlik subyektlariga tushuntirish yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida;
2. Xavfsiz obyektlar tizimini keng targʻib qilish, joriy etishni kengaytirish va takomillashtirish istiqbollariga doir ishlar toʻgʻrisida;
3. Mamlakatimiz avia va temir yoʻl kompaniyalarining raqobatbardoshligini oshirishga, shu jumladan qulay narxlarni joriy etish, infratuzilmani rivojlantirish va xizmat koʻrsatish sifatini oshirish orqali raqobatbardoshlikni oshirishga doir ishlar toʻgʻrisida;
4. Turistik mahsulotlar nomenklaturasini diversifikatsiya qilish va kengaytirish, sayyohlik xizmatlarini koʻrsatishning yangi shakllari va usullarini joriy etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida;
5.Turizm sohasini kadrlar bilan taʼminlash bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish, shu jumladan oliy va oʻrta-maxsus taʼlim muassasalarining ixtisoslashtirilgan yoʻnalishlari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash, xodimlar malakasini oshirish tizimini joriy etish, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash rejalari toʻgʻrisida;
6. Xorijiy investorlarning intellektual mulk huquqlari himoya qilinishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida;
7. Mamlakatimiz turistik mahsulotini targʻib qilish boʻyicha marketing strategiyasini qayta koʻrib chiqish, shu jumladan ularni targʻib qilishning yangi shakllari va usullarini joriy etish rejalari toʻgʻrisida asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazaringizni bayon qilish talabi qoʻyilgan parlament soʻrovi bilan murojaat etadi va javobingiz Senatning navbatdagi yalpi majlisida muhokama qilinib, uning yakunlari boʻyicha qaror qabul qilinishi maʼlum qilinadi.
