351-modda. Deportatsiya qilish
Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida (O‘RQ-692-son) · Sana: 04.06.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs Roʻyxatga kiritilganligi toʻgʻrisida xabarnoma olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketishi kerak, bundan ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno.
Agar Roʻyxatga kiritilgan, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxs ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddat ichida ixtiyoriy ravishda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqib ketmasa, mazkur shaxs deportatsiya qilinadi.
Deportatsiya qilish deganda Roʻyxatga kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasida yashash va boʻlish huquqi qonuniy asoslarda bekor qilingan chet el fuqarosini yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsni majburiy tarzda mamlakatdan chiqarib yuborish tushuniladi.
Agar oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning ota-onasidan biri yoxud homiysi yoki vasiysi Oʻzbekiston Respublikasi hududida qonuniy asoslarda yashash huquqiga ega boʻlsa, ushbu shaxs deportatsiya qilinmaydi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosining yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsning Roʻyxatga kiritilishiga asos boʻlgan harakatlarida jinoyat yoxud maʼmuriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud boʻlsa, u Oʻzbekiston Respublikasi hududida sodir etilgan jinoyati yoki maʼmuriy huquqbuzarligi uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni ijro etib boʻlganidan yoki oʻtab boʻlganidan keyin yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda javobgarlikdan yoki jazodan ozod etilganidan keyin, ushbu Qonunning 35-moddasida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga chiqarib yuboriladi.
Roʻyxatga kiritilgan, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarosini yoki Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxsni deportatsiya qilish ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Xizmat, shaxsiy, savdo yoki jamoat ishlari boʻyicha, oʻqish, malaka oshirish, ishlash uchun yoki turist sifatida kelgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni deportatsiya qilish xarajatlari ularni taklif etgan hamda qabul qilgan jismoniy va yuridik shaxslarning zimmasida boʻladi. Boshqa chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni deportatsiya qilish xarajatlari ichki ishlar organlarining zimmasida boʻladi.
