32-modda. Chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit oʻtishi
Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida (O‘RQ-692-son) · Sana: 04.06.2021 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit oʻtuvchi, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kirishiga hamda Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishiga tranzit vizalar mavjud boʻlgan taqdirda amaldagi harakatlanish hujjatlari boʻyicha ruxsat beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit vizasiz tranzit oʻtish Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda amalga oshirilishi mumkin.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali havo, temir yoʻl, avtomobil va suv transporti bilan tranzit oʻtishiga boriladigan mamlakatga kirish uchun haqiqiy hisoblangan hujjatlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi boshqa transportga oʻtish punktidan joʻnab ketish sanasi tasdiqlangan tegishli harakatlanish hujjatlari mavjud boʻlgan taqdirda ruxsat beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining tranzit vizasiga ega boʻlgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit oʻtuvchi, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali oʻtkazish punktiga tranzit oʻtish qoidalariga rioya etgan holda, belgilangan yoʻnalish boʻyicha harakatlanishi hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida tranzit vizasida koʻrsatilgan muddat ichida toʻxtashi kerak.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit oʻtishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
