30-modda. Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish
Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida (O‘RQ-692-son) · Sana: 04.06.2021 · Amalda
Agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasidan, Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi chiqish vizalari mavjud boʻlgan taqdirda, amaldagi harakatlanish hujjatlari boʻyicha chiqib ketadi.
Chet el fuqarosiga yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga amal qilish muddati tugagan milliy pasport bilan, vizasiz va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib ketishga quyidagi hollarda ruxsat beriladi, agar:
chet el fuqarolarini va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni Oʻzbekiston Respublikasidan tashqariga maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish toʻgʻrisidagi qaror asosida chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs chiqarib yuborilayotgan yoki jinoiy javobgarlikka tortilgan boʻlsa (milliy pasportiga chiqarib yuborish toʻgʻrisida qoʻyilgan qayd asosida);
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs va unga hamrohlik qiluvchi shaxslar Oʻzbekiston Respublikasiga muayyan muddatga vizasiz, elektron, turistik, haydovchilik va tranzit vizasi bilan kelgan boʻlib, shu muddat ichida ular baxtsiz hodisa (jarohat yoki boshqa ogʻir kasallik) oqibatida tibbiyot muassasasiga joylashtirilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqib keta olmagan boʻlsa (tibbiyot muassasasining xulosasi asosida);
haydovchi boʻlgan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududiga avtotransport vositasida kirib kelgan boʻlsa hamda yoʻl-transport hodisasi yoki avtotransport vositasi buzilganligi sababli (ushbu vaziyatni tasdiqlovchi hujjatlar asosida) Oʻzbekiston Respublikasi hududidan belgilangan muddatda chiqib ketish imkoniga ega boʻlmagan boʻlsa;
chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxs Oʻzbekiston Respublikasi hududida tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyat, shu jumladan maishiy xususiyatga ega ofat (turar joylar yoki yashash uchun moʻljallanmagan joylar yongʻini, qulashi, transport vositasi yonib ketishi) natijasida oʻzining aybisiz jabrlangan boʻlsa (mazkur holatni tasdiqlovchi hujjat asosida).
Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida ichki ishlar organlarining qaydi mavjud boʻlgan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasidan harakatlanish hujjatlari boʻyicha chiqib ketadi.
