3-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida (O‘RQ-692-son) · Sana: 04.06.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
fuqaroligi boʻlmagan shaxs — Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlmagan va oʻzining chet davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlmagan shaxs;
chet el fuqarosi — Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega boʻlmagan, boshqa davlat fuqaroligiga va oʻzining boshqa davlat fuqaroligiga mansubligiga doir dalilga ega boʻlgan shaxs;
chet el fuqarosining va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasi (bundan buyon matnda identifikatsiyalovchi karta deb yuritiladi) — identifikatsiyalovchi karta egasining shaxsini va fuqaroligini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy roʻyxatga olinganligini tasdiqlaydigan, egasining shaxsga doir biografik va biometrik maʼlumotlari kiritilgan elektron jismni (chipni) oʻz ichiga olgan hujjat;
harakatlanish hujjatlari — milliy pasportlar, shuningdek ularning oʻrnini bosuvchi boshqa hujjatlar boʻlib, ular asosida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish (undan chiqish) va uning hududida boʻlish huquqiga ega boʻladi.
