28-modda. Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish
Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida (O‘RQ-692-son) · Sana: 04.06.2021 · Amalda
Chet el fuqarolari, agar Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida va xalqaro shartnomalarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, amaldagi harakatlanish hujjatlari boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan viza rejimi oʻrnatilgan mamlakatlar uchun esa Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi kirish vizalari (shu jumladan elektron vizalar) mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi mumkin.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi kirish vizalari mavjud boʻlgan taqdirda amaldagi harakatlanish hujjatlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasiga kirishi mumkin, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hol mustasno.
Ushbu Qonun 9-moddasining oltinchi xatboshisiga binoan oʻziga identifikatsiyalovchi karta berilgan, boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning kirish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
Boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish yoki uning hududi orqali tranzit oʻtish uchun vizalar, bundan elektron vizalar mustasno:
Oʻzbekiston Respublikasining konsullik muassasalari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonalarining konsullik boʻlimlari (bundan buyon matnda konsullik muassasalari deb yuritiladi) tomonidan, bunday konsullik muassasalari mavjud boʻlmagan taqdirda esa Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining ikki tomonlama bitimlari mavjud boʻlgan boshqa davlatlarning konsullik muassasalari;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro aeroport maqomiga ega boʻlgan aeroportlaridagi boʻlinmalari tomonidan rasmiylashtiriladi va beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizalar Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining konsullik muassasalari va Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro aeroport maqomiga ega boʻlgan aeroportlaridagi boʻlinmalari tomonidan chet el fuqarolarining barcha toifalariga beriladi.
Alohida hollarda (favqulodda vaziyatlarda, davlat tashriflarini yoki rasmiy tashriflarni, yirik siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy, gumanitar va sport tadbirlarini oʻtkazish, shuningdek investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida) Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari rahbarlari boshqa davlatlar hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirish uchun vizalar berish toʻgʻrisida mustaqil ravishda qaror qabul qilish huquqiga ega boʻlib, qabul qilingan qaror toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligini bir sutka ichida xabardor qiladi.
