Axborotga doir hamkorlik reglamentining shakli va unga doir talablarni tasdiqlash haqida (3307-son)
31.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 31-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3307]
Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 170-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Soliq maʼmuriyatchiligini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 20-noyabrdagi 736-son qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Axborotga doir hamkorlik reglamentining shakli 1-ilovaga muvofiq;
Axborotga doir hamkorlik reglamentiga doir talablar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais Sh. KUDBIYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-aprel,
2021-21-son
Kelishildi:
Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi Raisi A. IKRAMOV
2021-yil 20-aprel
Vakil D. KASIMOV
2021-yil 22-aprel
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2021-yil 26-apreldagi 2021-21-son qaroriga 1-ILOVA
Axborotga doir hamkorlik reglamentiga 1-ILOVA
Daromad va xarajatlarni aks ettirish tartibi toʻgʻrisida axborot, soliq hisobining analitik registrlari toʻgʻrisida
MAʼLUMOTLAR
Axborotga doir hamkorlik reglamentiga 2-ILOVA
Soliq hisobining yigʻma analitik registrlari maʼlumotlari shakllanadigan soliq hisobining
ANALITIK REGISTRLARI
Axborotga doir hamkorlik reglamentiga 3-ILOVA
Buxgalteriya hisobi registrlari asosida tuziladigan soliq hisobi registrlari toʻgʻrisida
MAʼLUMOT
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining 2021-yil 26-apreldagi 2021-21-son qaroriga 2-ILOVA
Axborotga doir hamkorlik reglamentiga qoʻyiladigan
TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Axborotga doir hamkorlik reglamenti (bundan buyon matnda Reglament deb yuritiladi) Soliq kodeksining (bundan buyon matnda Soliq kodeksi deb yuritiladi) 170-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq ikki nusxada davlat tilida tuziladi va betlar ketma-ket raqamlanadi.
2. Reglament soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali elektron shaklda taqdim etiladi.
3. Axborotga doir hamkorlikni taʼminlaydigan hujjatlarni (axborotni) taqdim etish muddatlari Soliq kodeksining 173-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-noyabrdagi 736-son bilan tasdiqlangan Soliq monitoringini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga asosan koʻrsatiladi.
4. Reglament quyidagilardan tashkil topadi:
titul varagʻi;
1-bob. “Soliq organiga hujjatlarni (axborotni) taqdim etish tartibi”;
2-bob. “Buxgalteriya va soliq hisobi registrlarida daromadlar, xarajatlar, soliq solish obyektlari, buxgalteriya hisobi registrlari toʻgʻrisida, soliq hisobining analitik registrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aks ettirish tartibi”;
3-bob. Soliqlar va yigʻimlarning toʻgʻri hisoblanganligi, toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanganligi ustidan ichki nazorat tizimi haqida axborot”;
ilovalar.
5. Ichki nazorat tizimi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, agar bunday tizim mavjud boʻlsa, oshkor qilinishi kerak.
6. Reglament soliq toʻlovchi yuridik shaxsning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
Reglamentga soliq toʻlovchi yuridik shaxsning rahbari vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi ilova qilinadi.
2-bob. Reglamentning titul varagʻini toʻldirish tartibi
7. Titul varagʻini toʻldirishda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
soliq toʻlovchi yuridik shaxs rahbarining lavozimi, familiyasi, ismi, sharifi;
soliq toʻlovchi yuridik shaxs rahbari tomonidan Reglament tasdiqlangan sana;
Reglament taqdim etiladigan soliq organining nomi;
soliq toʻlovchi yuridik shaxsning nomi;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami.
3-bob. Reglamentning 1-bobiga qoʻyiladigan talablar
8. Reglamentning 1-bobida quyidagi axborot oshkor etilishi kerak:
a) soliqlar va yigʻimlarni hisoblash va toʻlash (ushlab qolish va oʻtkazish) bilan bogʻliq hujjatlar (axborot) boʻlgan axborot tizimining nomi;
b) soliq toʻlovchining buxgalteriya hisobi, soliq hisobi, daromadlar, xarajatlar, soliq solish obyektlarining hisobi yuritiladigan, shuningdek oʻzida ichki nazoratni amalga oshirish funksiyasini mujassam etgan, hisobni yuritishdagi xatoliklarni, ziddiyatlarni va noaniqliklarni tuzatish imkonini beradigan axborot tizimlariga, shuningdek soliqlar va yigʻimlarni hisoblash (ushlab qolish), toʻlash (oʻtkazib berish) bilan bogʻliq hujjatlar (axborot) saqlanadigan axborot tizimlariga (manbalariga) kirish imkoniyatini berish tartibi;
v) axborot tizimlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni yangilash va sinxronlashtirish, shu jumladan maʼlumot bazasiga kirishni taʼminlash toʻgʻrisidagi axborotni oshkor qilish, maʼlumotlarni real vaqt rejimida yoki maʼlum vaqt oraligʻida yangilash tartibi;
g) soliq organiga kirish huquqi berilgan axborot tizimidagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish tartibi va muddatlari;
d) ulanish tartibi (texnik talablar; axborot tizimlariga kirish mezonlari; kirish vaqti);
e) qayd yozuvlari (soliq organi uchun foydalanuvchining qayd yozuvlari va parollarini yaratish, berish va oʻzgartirish tartibi; soliq organiga berilgan foydalanuvchilarning vakolatlari va foydalanish huquqlarini taqsimlash; soliq monitoringi vaqtida soliq organiga berilgan foydalanuvchilarning vakolatlarini toʻldirish va oʻzgartirish tartibi);
j) texnik va axborot taʼminotini taʼminlovchi tarkibiy boʻlinmalar, shuningdek soliq organi bilan oʻzaro hamkorlik qilish uchun javobgar boʻlinmalar;
z) soliq organi tomonidan masofadan kirishdan foydalanishda texnik muammolar mavjud boʻlgan taqdirda texnik va axborot taʼminoti xizmatiga murojaat qilish hamda javob berish tartibi va muddatlari, shuningdek texnik nosozliklar toʻgʻrisida xabar berish tartibi va muddatlari, shuningdek ularni bartaraf etish muddatlari;
i) soliq organi uchun ochiq boʻlgan axborot tizimining funksional imkoniyatlarining tavsifi (batafsil roʻyxati) va ular bilan ishlash qoidalari;
k) soliq toʻlovchining soliq organi bilan oʻzaro axborot hamkorlik uchun javobgar shaxslar toʻgʻrisida ularning lavozimlari va aloqa maʼlumotlari (oʻzaro axborot hamkorlikning tanlangan tartibidan qatʼiy nazar) koʻrsatilgan axborot;
l) uzatiladigan axborotni himoya qilishning tanlangan usuli (takomillashtirilgan elektron imzo, parol, login yoki uzatilayotgan axborotni himoya qilishning boshqa usullari);
m) soliq organini asl hujjatlar bilan tanishtirish tartibi va shartlari;
n) soliq organiga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxati, ularni taqdim etish shakllari koʻrsatilgan holda (soliq toʻlovchining axborot tizimlariga kirish orqali, soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali yuborish);
o) axborotga doir hamkorlikni taʼminlaydigan hujjatlarni (axborotni) taqdim etish muddatlari;
p) hujjatlarni (axborotni) taqdim etish (oʻzgartirish) paytida soliq organi bilan soliq toʻlovchining oʻzaro axborot hamkorlik tartibi, shu jumladan taqdim etilgan hujjatlarga (axborotga) kirish, ularni oʻzgartirish va toʻliq berish bilan bogʻliq masalalarni hal qilish tartibi;
r) taqdim etiladigan axborotni (fayllarni) tuzish tartibining tavsifi:
joylashtirilgan katalog tizimining tavsifi;
axborotni (fayllarni) taqdim etish bilan bir vaqtda uzatilayotgan axborotni (fayllarni) aniqlash prinsiplari tavsifi.
Agar uzatiladigan axborotning (fayllarning) tuzilishi oʻzgarmasa, tavsifni qayta topshirish talab etilmaydi;
s) soliq organiga taqdim etiladigan hujjatlar (axborot) formatlari;
t) taqdim etilgan va qabul qilingan hujjatlar (axborot) yaxlitligini (hajmini) aniqlash va tasdiqlash usuli.
4-bob. Reglamentning 2-bobiga qoʻyiladigan talablar
9. Reglamentning 2-bobida quyidagi axborot oshkor etilishi kerak:
a) buxgalteriya hisobining tashkiliy shakllari va usullari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (ushbu Reglamentga ilova shaklida taqdim etilishi mumkin);
b) soliq hisobotlari koʻrsatkichlarini oshkor qilish tuzilmasi:
soliq hisobining yigʻma registri;
soliq hisobining analitik registrlari;
buxgalteriya hisobi registrlari;
birlamchi hisob hujjatlari va (yoki) operatsiyalar registrlari roʻyxatlari;
birlamchi buxgalteriya hujjatlari;
v) buxgalteriya hisobi va soliq hisobi registrlarida daromadlar, xarajatlar, soliq solish obyektlari, buxgalteriya registrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, soliq hisobining analitik registrlarida aks ettirish tartibi;
g) foyda soligʻi boʻyicha daromadlar va xarajatlarni buxgalteriya hisobi va soliq hisobini yuritish registrlarida aks ettirish tartibi:
daromadlarni, xarajatlarni hisobga olish tartibi, soliq hisobining analitik registrlari toʻgʻrisida axborot (ushbu axborot Reglamentga 1-ilovadagi jadval shaklida toʻldiriladi);
soliq hisobining analitik registrlari, ularning asosida soliq hisobining yigʻma analitik registrlari maʼlumotlari shakllantiriladi (ushbu axborot Reglamentga 2-ilovadagi jadval shaklida toʻldiriladi);
buxgalteriya hisobi registrlari asosida tuziladigan soliq hisobi registrlari toʻgʻrisida axborot (ushbu axborot Reglamentga 3-ilovadagi jadval shaklida toʻldiriladi);
buxgalteriya hisobi registrlari toʻgʻrisida maʼlumotlar;
soliq hisobi maʼlumotlariga tuzatishlar kiritish tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
d) boshqa soliqlar va yigʻimlar boʻyicha soliq solish obyektlarini buxgalteriya va (yoki) soliq hisobi registrlarida aks ettirish tartibi, shuningdek koʻrsatilgan registrlar va (yoki) boshqa axboroti asosida soliq deklaratsiyasining (hisob-kitobining) tegishli satrlarini shakllantirish tartibi.
Bu har bir soliq va yigʻim turi boʻyicha hisobda soliq solish elementlarining aks etishi tartibiga va individual xususiyatlariga (agar mavjud boʻlsa) bogʻliq ravishda erkin shaklda toʻldiriladi;
e) buxgalteriya hisobi, buxgalteriya va (yoki) soliq hisobi registrlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, boshqa axborot manbalari maʼlumotlari erkin shaklda bayon etiladi, ularning asosida har bir aniq soliq va yigʻim boʻyicha soliq solish obyektlari aniqlanadi, soliq va yigʻim summasi hisoblanadi;
j) soliqlar va yigʻimlarning toʻgʻri hisoblanishi (ushlab qolinishi), toʻlanishi (oʻtkazilishi), toʻliqligi va oʻz vaqtida toʻlanishi toʻgʻrisidagi axborotni maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan boshqa axborotni aks ettirish tartibi.
5-bob. Reglamentning 3-bobiga qoʻyiladigan talablar
10. Ushbu Reglamentning 3-bobida xoʻjalik hayotida sodir etiladigan faktlar, soliqlar va yigʻimlarni toʻgʻri hisoblanishi (ushlab qolinishi), toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi (oʻtkazib berilishi) ustidan ichki nazorat qilish tizimining tavsifi keltiriladi, shu jumladan:
a) soliqlar va yigʻimlarning toʻgʻri hisoblanishi (ushlab qolinishi), toʻliq va oʻz vaqtida toʻlanishi (oʻtkazib berilishi) ustidan ichki nazorat tizimini tashkillashtirish maqsadlari, vazifalari, shuningdek umumiy yondashuvlar tavsifi;
b) soliqlar va yigʻimlarni toʻgʻri hisoblanishi ustidan nazorat qilish uchun foydalaniladigan asosiy axborot tizimlari (hisob tizimlari, maʼlumotlar bazasi) tavsifi (roʻyxati va asosiy funksiyalari);
v) soliq toʻlovchining soliqlarni hisoblash, soliq deklaratsiyalarini (hisob-kitoblarini) tayyorlash, soliq solish metodologiyasi masalalari bilan shugʻullanadigan tarkibiy boʻlinmalari, ularning tarkibi, ulardagi xodimlar soni, tashkiliy tuzilishi, maqsadlari, vazifalari va vakolatlari toʻgʻrisidagi axborot.
Ichki nazorat tizimining tavsifi ushbu axborotni oʻz ichiga olgan hujjatlar Reglamentga ilova shaklida taqdim etilishi mumkin;
g) soliq hisobini, soliq deklaratsiyasini (hisob-kitoblarini) buzish va soliqlar va yigʻimlarni oʻz vaqtida va (yoki) toʻliq toʻlanmaslik xavfini aniqlash va baholashda ishlatiladigan yondashuvlar (usullar) tavsifi, shu jumladan:
soliq hisobini va soliq deklaratsiyalarining buzilishi, soliq va yigʻimlarning oʻz vaqtida va (yoki) toʻliq toʻlanmasligi xavfini bartaraf etishga (kamaytirishga) yoʻnaltirilgan asosiy ichki nazorat tartib-qoidalarining tavsifi;
har bir nazorat tartib-taomili boʻyicha uni oʻtkazishning qabul qilingan tartib-taomili tavsifi (agar mavjud boʻlsa) berilishi kerak.
Reglamentga ilova shaklida taqdim etilishi mumkin boʻlgan amaldagi ichki qoidalar va nazorat tartib-taomillarini tartibga soluvchi hujjatlarga havolalar;
d) tegishli ichki nazorat tartib-taomillari (ichki hujjatlar, ichki hisobotlar, reglamentlar, protokollar, buyruqlar, maʼlumotnomalar, yoʻriqnomalar va boshqa hujjatlar) bajarilishini tasdiqlovchi hujjatlar roʻyxatini koʻrsatgan holda ichki nazorat tartib-taomillarini hujjatlashtirish va amalga oshirishni tasdiqlash tartibi;
e) ichki nazorat natijalarini olish (shakllantirish) tartibi va muddatlari tavsifi.
11. Reglamentga oxirgi davrda boshqa tashkilotlar tomonidan ichki nazorat tizimi ishini tekshirish natijalari ilova shaklida (agar mavjud boʻlsa) ilova qilinishi mumkin.
6-bob. Reglamentga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish
12. Reglamentga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish tartibi, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga oʻzgartirishlar kiritilganda yoki soliq toʻlovchining va (yoki) soliq organining takliflariga koʻra, Reglamentda bayon etiladi, shuningdek Reglamentga bunday oʻzgartirish va qoʻshimchalarni elektron shaklda soliq toʻlovchining shaxsiy kabinet orqali yuborish shakli koʻrsatiladi.
