Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobilda yuk tashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, boʻlishlari, yuk olib oʻtishlari va undan chiqib ketishlari tartibi toʻgʻrisida” 1995-yil 11-yanvardagi 11-son qaroriga qoʻshimchalar va oʻzgartirishlar kiritish haqida (457-son)
25.12.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllari tarmogʻini yanada rivojlantirish va takomillashtirish, shuningdek yoʻl ishlarini mablagʻ bilan taʼminlashni yaxshilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobilda yuk tashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, boʻlishlari, yuk olib oʻtishlari va undan chiqib ketishlari tartibi toʻgʻrisida” 1995-yil 11-yanvardagi 11-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 5-apreldagi 121-son qarori tahriridagi) quyidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin:
a) 5-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasiga kirish hujjatlarini rasmiylashtirganlik uchun stavka va kirganligi uchun toʻlov, viza va boj yigʻimlaridan tashqari, 250 AQSh dollari miqdorida belgilansin”;
b) qaror quyidagi mazmundagi 15-band bilan toʻldirilsin:
“15. Xorijiy davlatlar ogʻir yukli va katta hajmli transport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab yurishi uchun toʻlovlar toʻgʻrisidagi Nizom 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilab qoʻyilsinki, chet davlatlar ogʻir yuk koʻtaruvchi va katta hajmli transport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududi boʻylab yurishidan tushgan mablagʻlar Respublika yoʻl fondiga oʻtkaziladi”.
15-band 16-band deb hisoblansin;
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 11-yanvardagi 11-son qarorini qisman oʻzgartirish toʻgʻrisida” 1995-yil 2-avgustdagi 308-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
