Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olib oʻtish (526-son)
09.11.1998
TARTIBI
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 9-noyabrda 526-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
1. Mazkur Tartib Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Radiochastota spektri toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-iyuldagi 293-sonli “Chastota spektridan foydalanish, teleradiodasturlarni shakllantirish va tarqatish hamda maʼlumotlar uzatish samaradorligini oshirish yuzasidan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Respublika hududida ishlatishga moʻljallangan, istalgan turdagi va maqsadlarga moʻljallangan, jumladan, turli koʻrinishdagi uskuna va transport vositalarining tarkibiga jamlovchi buyum sifatida kiradigan hamda mazkur Tartibning 1-ilovasida keltirilgan radioelektron vosita va yuqori chastotali qurilmalar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Elektromagnit moslik markazi tomonidan 2-ilovadagi shakl boʻyicha belgilangan tartibda berilgan ruxsatnoma mavjud boʻlgan taqdirda bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkaziladi.
3. Mazkur Tartib bojxona chegarasidan oʻtkaziladigan, barcha radioelektron vositalar (bundan buyon matnda REV* deb yuritiladi) va yuqori chastotali qurilmalarga (bundan buyon matnda YuChQ** deb yuritiladi) tatbiq etiladi, quyidagilar bundan mustasno:
* radiotoʻlqinlarni tarqatish va (yoki) qabul qilish uchun moʻljallangan texnik qurilmalar yoki tizimlar;
** radiochastotalar energiyasini sanoat, ilmiy, tibbiy, maishiy yoki boshqa maqsadlarda hosil qilish va undan foydalanish uchun moʻljallangan uskunalar yoki asboblar, ulardan radiotoʻlqinlarni tarqatish yoki qabul qilish maqsadida foydalanish bundan mustasno.
a) televideniye va radiouzatish dasturlarini qabul qilish uchun moʻljallangan qurilmalar, savdo tarmogʻi orqali sotishga ruxsat berilgan maishiy radioelektronika buyumlari, shuningdek, mazkur Tartibning 1-ilovasiga kiritilmagan boshqa REV va YuChQlar;
b) Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mudofaasi va xavfsizligi maqsadida foydalanishga moʻljallangan REVlar;
v) Xalqaro elektr aloqa ittifoqi (MSE) tavsiyalariga va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining (IKAO) standartlariga mos keluvchi, fuqaro aviatsiyasi korxonalari tomonidan parvozlarni va havodagi harakat xizmatini radionavigatsion taʼminlash maqsadlarida ishlatish uchun moʻljallangan bortdagi va yerdagi REVlar;
g) Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit oʻtkazilayotgan, bojxona nazorati ostida boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi hududida boʻlgan butun vaqt davomida ishlatilmaydigan REV va YuChQlar.
Vaqtincha saqlash, bojxona ombori, erkin ombor, reeksport, yoʻq qilish va davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimlari ostida joylashtiriladigan REV va YuChQ larni bojxona rasmiylashtiruvi uchun EMMM ruxsati talab qilinmaydi.
Koʻrsatilgan rejimlarda joylashtirilgan REV va YuChQlarni bojxona organlari va EMMM ruxsatisiz foydalanishga qoʻyilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga vaqtincha olib chiqish bojxona rejimida koʻrgazma va yarmarkalar, sport musobaqalari va boshqa tadbirlarda foydalanish uchun olib chiqilgan REV va YuChQlarni bojxona rasmiylashtiruvi, ularni olib chiqish paytida bojxona organlariga taqdim qilingan qayta olib kirish majburiyatlari asosida amalga oshiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-iyuldagi 293-sonli qarori bilan tasdiqlangan Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida sotib olish (berish), loyihalash, qurish (oʻrnatish), ishlatish hamda chet eldan olib kelish tartibi toʻgʻrisidagi nizom talablari bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish uchun bojxona organlari chetdan keltirilgan, bojxona va erkin ombor, reeksport, yoʻq qilish va davlat foydasiga voz kechish bojxona rejimlari ostida joylashtirilgan, shuningdek, davlat foydasiga musodara qilish toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun berilgan REV va YuChQlar toʻgʻrisida Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasining hududiy organlarini tezkor xabardor qiladilar.
Olib kirilgan REV va YuChQlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlatishning imkoni boʻlmaganda EMMM ruxsat berishni rad qiladi va bu toʻgʻrisida bojxona organlarini xabardor qiladi.
6. Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi tomonidan tekshiruv davomida aniqlangan qonun buzilish boʻyicha zarur choralar koʻrish uchun bojxona qonunchiligini buzgan holda olib kirilgan REV va YuChQlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Davlat bojxona qoʻmitasiga taqdim etadi.
7. Bojxona qonunchiligi buzilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirilgan REV va YuChQlar bojxona organlari tomonidan belgilangan tartibda olib qoʻyiladi.
8. REV va YuChQlarni olib chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi qoidalari bilan belgilangan.
9. Mazkur Tartib qabul qilinishi munosabati bilan 1992-yilning 30-dekabr kuni Davlat bojxona qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi tomonidan tasdiqlangan Radioelektron vositalar (REV) va yuqori chastotali qurilmalar (YuChQ)ni chetdan Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish tartibi oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olib oʻtish tartibiga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga faqat Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari vazirligining ruxsati bilan olib kirish va ishlatishga yoʻl qoʻyiladigan radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalar
ROʻYXATI
Radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarning nomi TN VED boʻyicha kodi induksiya hodisasi asosida ishlaydigan pech va kameralar 8514 20 100 0 materiallarni induksiya hodisasi yoki dielektrik yoʻqotish vositasida termik ishlash uchun moʻljallangan boshqa uskunalar 8514 40 000 0 simli aloqa uchun simsiz goʻshakli telefon apparatlari 8517 11 000 0 uyali aloqa tizimlari uchun yoki boshqa simsiz aloqa tizimlari uchun telefon apparatlari 8517 12 000 0 Hisoblash mashinalarining qismlari; simli telefon yoki telegraf aloqasi uchun kommutatorlar; uzatuvchi chastotadagi simli aloqa tizimlari uchun yoki raqamli simli aloqa tizimlari uchun apparatura 8517 62 000 1 dan - qismlar: -- barcha turdagi antennalar va antennali qaytargichlar; ushbu buyumlar bilan ishlatiladigan qismlar: --- radiotelegraf yoki radiotelefon apparatura uchun antennalar --- portativ apparatlar uchun moʻljallangan yoki motorli transport vositalarida oʻrnatiladigan teleskopik yoki tilchali antennalar --- boshqalari -- boshqalari: --- 8517 62 000 1 ostsubpozitsiyadagi hisoblash mashinalari qurilmalarining qismlari --- boshqalari 8517 70 (8517 70 900 1 dan tashqari) Uzatuvchi apparatura 8525 50 000 0 Tarkibiga qabul qiluvchi apparatura ham kiruvchi uzatuvchi apparatura 8525 60 000 0
Izoh: quyida sanab oʻtilgan tovarlardan tashqari:
a) shaxsiy (yakka tartibda) foydalanish uchun moʻljallangan uyali aloqa tizimlarining (851712 000 0) mobil telefonlari, bir nafar jismoniy shaxs uchun bir dona hisobida, global va hududiy yoʻldosh tizimlarining mobil telefonlaridan tashqari;
b) quvvati 5 Vt dan yuqori boʻlmagan, 26965 — 27860 kGts diapazonida ishlaydigan portativ qabul qiluvchi/uzatuvchi radiostansiyalar (8525 60 000 0);
v) quvvati 2 Vt dan yuqori boʻlmagan, 26945 — 26965 kGts diapazonida ishlaydigan qoʻriqlash radiosignalizatsiyasi qurilmalari.
Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali radioelektron vositalar va yuqori chastotali qurilmalarni olib oʻtish tartibiga 2-ILOVA
