“Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston milliy kubogini taʼsis etish toʻgʻrisida (452-son)
20.12.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yuksak sport mahoratini yanada oshirganlikni ragʻbatlantirish, Oʻzbekistonning eng yuqori natijalarga erishgan sportchilarini taqdirlash maqsadida, shuningdek yosh avlodni xalqaro sport maydonlarida mamlakatni mashhur qilgan hamda Oʻzbekiston sportining shonli anʼanalarini yanada boyitgan eng yaxshi sportchilar misolida vatanparvarlik va Vatanga cheksiz sadoqat ruhida tarbiyalashga alohida ahamiyat berib Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasining “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogini taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogi toʻgʻrisidagi Nizom va Respublika komissiyasi tarkibi 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
3. “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogi bilan mukofotlash har yili yil yakuni boʻyicha oʻtkazilsin.
4. “Mahalliy sanoat” davlat korporatsiyasi 1997-yil 1-martgacha “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogini va uning nusxalarini tayyorlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi yilning eng yaxshi sportchisiga berish uchun Sport vazirligiga har yili 10 (oʻn) ming AQSH dollariga teng miqdorda pul mablagʻlari ajratishni nazarda tutsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 20-dekabr,
452-son
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 20-dekabrdagi 452-son qaroriga 1-ILOVA
“Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogi toʻgʻrisida
NIZOM
“Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogi (bundan keyin Kubok deb ataladi) eng yuksak natijalar, sport sharafi va shuhrati, mardlik, sadoqatli vatanparvarlik hamda xalqaro sport maydonlarida Oʻzbekiston sporti anʼanalarini boyitishga, respublika nufuzini koʻtarishga qoʻshilgan ulush ramzi hisoblanadi.
1. Kubok yil mobaynida chempion unvoniga sazovor boʻlgan, Jahon, Olimpiya oʻyinlarida rekord oʻrnatgan va rasmiy xalqaro sport musobaqalarida eng yuksak sport natijalariga erishgan, oʻzining sportdagi jasorati va gʻalabaga boʻlgan mustahkam irodasi bilan oʻsib kelayotgan avlodga munosib namuna koʻrsatgan sportchiga beriladi.
2. Kubok bilan mukofotlashga nomzodlar sport jamiyatlari va idoralari trenerlari, sport turlari boʻyicha respublika sport federatsiyalari (uyushmalari), Sport jurnalistlari uyushmasi tomonidan koʻrsatiladi.
Respublika komissiyasi tavsiya etilgan nomzodlarni oʻrganadi, ulardan eng munosiblarini tanlaydi va “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogini berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
“Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogini berish bilan bogʻliq barcha zarur tashkiliy tadbirlarni taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
3. “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogi, belgilangan namunadagi guvohnoma va pul mukofoti tantanali vaziyatda topshiriladi.
Laureatning familiyasi va ismi oʻyib yoziladigan “Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy Kubogi Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyida saqlanadi. Kubok aslining nusxasi laureatga topshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 20-dekabrdagi 452-son qaroriga 2-ILOVA
“Yilning eng yaxshi sportchisi” Oʻzbekiston Milliy kubogini berish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI
1. A.I. Ikramov — sport vaziri, respublika komissiyasi raisi 2. Lavozimi boʻyicha — Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi, respublika komissiyasi raisining oʻrinbosari 3. Sh.Sh. Mahmudov — sport vazirining oʻrinbosari 4. M.V. Ismailov — sport vazirining oʻrinbosari 5. O.O. Qosimov — Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi 6. M.M. Tashxodjayev — Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi 7. T.O. Payonov — Yoshlar ittifoqi raisi 8. A.A. Nizametdinov — Sport vazirligi boshqarma boshligʻi 9. G.I. Axmadaliyeva — Olimpiya va paralimpiya shon-shuhrati muzeyi direktori 10. O.L. Fayziyev — “Xalq soʻzi” gazetasining sport sharhlovchisi 11. Lavozimi boʻyicha — Sport turlarini rivojlantirish respublika markazlari direktorlari
Izoh. Komissiya aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda koʻrsatib oʻtilgan lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud zimmasiga tegishli funksiyalarni bajarish yuklangan shaxslar Komissiya tarkibiga kiritiladi.
