Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlarini 2021-2023-yillarda xizmat uy-joylari bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (317-son)
20.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2906-son qaroriga muvofiq, shuningdek, ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlari uchun xizmat uy-joylari jadal qurilishini tashkil etish boʻyicha manzilli chora-tadbirlarni belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2021 — 2023-yillarda ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini bevosita ular xizmatni oʻtaydigan hududda joylashadigan xizmat uy-joylari bilan taʼminlash dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur) ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
jami 2 965 ta, shundan 2021-yilda 993 ta, 2022-yilda 988 ta hamda 2023-yilda 984 ta uy-joyni yangidan qurish;
jami 223 ta, shundan 2021-yilda 80 ta, 2022-yilda 72 ta hamda 2023-yilda 71 ta yangi xonadon xarid qilish;
jami 161 ta, shundan 2021-yilda 63 ta, 2022-yilda 51 ta hamda 2023-yilda 47 ta uy-joyni toʻliq taʼmirlash.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Dastur doirasida:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi DUK — xizmat uy-joylarini qurish boʻyicha buyurtmachi hisoblanadi;
xizmat uy-joylari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar boʻyicha arzon uy-joylar qurish dasturi toʻgʻrisida” 2016-yil 21-oktabrdagi PQ-2639-son qaroriga muvofiq 0,02 gektar hajmdagi yer uchastkalarida joylashtiriladigan, hovli inshootlariga ega boʻlgan bir qavatli 2 va 3 xonali uy-joylarning namunaviy loyihasi boʻyicha quriladi;
xizmat uy-joylarini qurish, qurishga massivlarni tayyorlash, sugʻorish suv quvuri, irrigatsiya tarmoqlari, kirib kelish yoʻllari, yoʻlaklari va tashqi yoritish tarmoqlarini qurishni hisobga olgan holda, ularning hududlarini obodonlashtirish, shuningdek, xizmat uylari uchun yangi xonadonlarni xarid qilish hamda uy-joylarni toʻliq taʼmirlash Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar viloyat budjetlari va Toshkent shahri shahar budjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi;
qurilish ishlarini amalga oshirish uchun bosh pudratchi va bosh loyihachi tashkilotlar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tanlov (tender) asosida aniqlanadi.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Dasturning ijrosini taʼminlash doirasida:
ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlari uchun bevosita ular xizmatni oʻtaydigan hududda joylashadigan xizmat uy-joylarini shaharsozlik normalari va qoidalariga muvofiq belgilangan muddatlarda sifatli qurilishini taʼminlasin;
shahar joylarda koʻp kvartirali uylardan kvartiralar xarid qilsin yoki mahalliy hokimliklar tomonidan kvartiralar va uy-joylar ajratib, ularni ichki ishlar organlariga operativ boshqaruv huquqi asosida oʻtkazib bersin;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini xizmat uy-joyi bilan taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2017-yil 20-apreldagi PQ-2906-son qaroriga muvofiq 2017 — 2019-yillarda tayyor bino va inshootlarda joylashgan toʻliq taʼmirlanmagan 161 ta xizmat uy-joylari toʻliq taʼmirlanishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
Dasturning ijrosi doirasida qurilgan uy-joy, xarid qilingan yoki mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan hamda taʼmirlangan kvartira va uy-joylarni belgilangan tartibda qabul qilib olish hamda ularning mazkur hududlarda xizmat faoliyatini olib borayotgan ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika (katta) inspektorlariga biriktirilishini taʼminlasin;
Dasturning bajarilishini monitoring qilib borgan holda, har yarim yilda uning ijrosi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot taqdim etib borsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi mazkur qaror doirasida obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha bajariladigan ishlarning sifati, shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari A.J. Ramatov hamda Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 20-may,
317-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 20-maydagi 317-son qaroriga ILOVA
2021 — 2023-yillarda ichki ishlar organlari tayanch punktlarining profilaktika inspektorlarini bevosita ular xizmatni oʻtaydigan hududda joylashadigan xizmat uy-joylari bilan taʼminlash
DASTURI
T/r Hudud nomi Jami Yangi quriladigan uy-joylar (2 sotixli) Jami Yangi xonadon xarid qilish Jami Taʼmirtalab uylarni toʻliq taʼmirlash Moliyalashtirish manbai 2021-y 2022-y 2023-y 2021-y 2022-y 2023-y 2021-y 2022-y 2023-y 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 63 21 21 21 2 1 1 0 Mahalliy budjet qoʻshimcha manbalari hisobidan 2. Andijon viloyati 363 121 121 121 9 5 2 2 3. Buxoro viloyati 193 65 64 64 4. Jizzax viloyati 56 19 19 18 5 3 1 1 5. Qashqadaryo viloyati 153 51 51 51 20 7 7 6 6. Navoiy viloyati 110 37 37 36 1 1 0 0 7 4 2 1 7. Namangan viloyati 308 103 103 102 3 1 1 1 8. Samarqand viloyati 366 122 122 122 33 11 11 11 25 9 8 8 9. Surxondaryo viloyati 268 90 89 89 7 4 2 1 17 6 6 5 10. Sirdaryo viloyati 44 15 15 14 5 3 1 1 1 1 0 0 11. Toshkent viloyati 424 142 141 141 11 5 3 3 12. Fargʻona viloyati 375 125 125 125 11 5 3 3 13. Xorazm viloyati 173 59 57 57 1 1 0 0 14. Toshkent shahar 69 23 23 23 165 55 55 55 61 21 20 20 Jami 2 965 993 988 984 223 80 72 71 161 63 51 47
