Namangan viloyatida hududlarning ixtisoslashuvini rivojlantirish orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlari hajmlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (303-son)
17.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Namangan viloyatida hududlarning tuproq-iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavot-polizchilik, kartoshkachilik, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga hamda echkichilik, asalarichilik va baliqchilikka ixtisoslashtirish, shuningdek, raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlarning manfaatdorligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Namangan viloyati tumanlarida 2021-2022-yillarda limonchilikka ixtisoslashgan issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish koʻrsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;
Namangan viloyati tumanlari hududlarini 2021-2022-yillarda sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli, moyli va dorivor oʻsimliklarga ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;
Pop, Chust va Kosonsoy tumanlarida 2021 — 2024-yillarda aholiga echkilar yetkazib berish uchun echkichilik xoʻjaliklarini rivojlantirish koʻrsatkichlari 3-ilovaga muvofiq;
Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Chust, Chortoq, Kosonsoy va Yangiqoʻrgʻon tumanlarini 2021-2022-yillarda asalarichilik yoʻnalishiga ixtisoslashtirish koʻrsatkichlari 4-ilovaga muvofiq;
Mingbuloq va Uchqoʻrgʻon tumanlarida 2021-2022-yillarda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish koʻrsatkichlari 5-ilovaga muvofiq;
Namangan viloyati tumanlarida 2021-2022-yillarda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmlarini oshirish koʻrsatkichlari 6-ilovaga muvofiq;
Namangan viloyati tumanlarida 2021-2022-yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, muzlatkichli-omborxona va issiqxona loyihalarini tashkil etish koʻrsatkichlari 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Namangan viloyati hokimligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda:
2021-yilda belgilangan chora-tadbirlar asosida yer maydonlarini oʻzlashtirish va qayta foydalanishga kiritish;
sugʻorish tarmoqlarini (suv nasoslari, quduqlar, kollektorlar, elektr tarmoqlari va boshqalar) tortish, qurish, uskuna va jihozlarni oʻrnatish uchun talab etiladigan mablagʻlar ajratilishini hamda ularning maqsadli sarflanishini taʼminlash;
mavjud yer maydonlari va suv resurslaridan samarali foydalanish, mahsulot yetishtirish, uni qayta ishlash va eksport hajmini oshirish uchun ekinlarni yaxlit maydonlarga plantatsiya usulida joylashtirish hamda belgilangan eksportbop ekinlardan kamida 2-3-marta hosil olishni taʼminlash;
qayta ishlash va eksport hajmlarini uch baravarga oshirish uchun qayta ishlash korxonalari, muzlatkichli omborxonalar va logistika markazlarini 2021-2022-yillar davomida toʻliq ishga tushirish hamda ularning toʻla quvvatlar bilan ishlashini taʼminlash;
hududlardagi mavjud imkoniyatdan kelib chiqib, sabzavot ekinlari va kartoshka urugʻchiligiga hamda mevali daraxt va tok koʻchatlari yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklarini tashkil etish;
2024-yil 1-martdan boshlab limonchilikka ixtisoslashtirilayotgan tumanlarda foydalanishdan chiqqan va yaylov yerlar hisobidan limon yetishtirish uchun yer uchastkalarining elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarilishini taʼminlash;
limonchilikka ixtisoslashgan issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish va ularga talab etiladigan tabiiy gazni oʻrnatilgan tartibda yetkazib berish;
viloyatda yaylov yerlaridan samarali foydalangan holda, echkichilik tarmogʻini rivojlantirish hamda echkidan olinadigan teri va jun xomashyosini sanoat usulida qayta ishlash tizimini joriy etish choralarini koʻrsin.
3. Namangan viloyati hokimligi:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda:
ixtisoslashtirilayotgan hududlarda konturlarning yaxlitligiga jiddiy eʼtibor qaratgan holda, 3-4 turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlarini bosqichma-bosqich plantatsiya usulida joylashtirish;
har bir hududning ixtisoslashuvi, tuproq-iqlim sharoiti, yerlarning meliorativ holati, unumdorligi, suv bilan taʼminlanganligini hisobga olib hamda qayta ishlovchi, tayyorlovchi va eksport qiluvchi tashkilotlarning talablaridan kelib chiqqan holda, qishloq xoʻjaligi ekinlarining toʻliq ekilishini taʼminlasinlar;
b) Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda:
ikki oy muddatda 2021-2022-yillarda Namangan viloyatining tumanlaridagi tuman hokimliklari zaxirasida foydalanilmayotgan maydonlardan 1000 gektarida tashkil etiladigan issiqxona massivlarining manzilli roʻyxatini shakllantirish;
tumanlar hokimliklari bilan birgalikda aholi ishsizligini kamaytirish uchun tashkil etiladigan issiqxona massivlarini aholiga lizing va kredit shartlari asosida Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-yanvardagi 52-son qarori bilan tasdiqlangan Intensiv bogʻ va tokzorlar barpo etish, issiqxonalar qurish hamda ularni aholiga lizing va kredit shartlari asosida berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida ajratib berishni tashkil etsinlar;
v) Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda joriy yil yakuniga qadar tumanlarda zamonaviy texnologiyalar asosida meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va saqlash boʻyicha yirik klaster korxonalarini tashkil etish uchun xorijiy investorlarni keng jalb qilish choralarini koʻrsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda Namangan viloyati tumanlarida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirishda xalqaro moliya institutlarining kredit liniyalari mablagʻlarini jalb etish choralarini koʻrsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev hamda Namangan viloyati hokimi Sh.Sh. Abdurazakov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-may,
303-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 303-son qaroriga 1-ILOVA
Namangan viloyati tumanlarida 2021-2022-yillarda limonchilikka ixtisoslashgan issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 303-son qaroriga 2-ILOVA
Namangan viloyati tumanlari hududlarini 2021-2022-yillarda sabzavot, kartoshka, poliz, dukkakli, moyli va dorivor oʻsimliklarga ixtisoslashtirish
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 303-son qaroriga 3-ILOVA
Pop, Chust va Kosonsoy tumanlarida 2021 — 2024-yillarda aholiga echkilar yetkazib berish uchun echkichilik xoʻjaliklarini rivojlantirish
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 303-son qaroriga 4-ILOVA
Namangan, Toʻraqoʻrgʻon, Chust, Chortoq, Kosonsoy va Yangiqoʻrgʻon tumanlarini 2021-2022-yillarda asalarichilik yoʻnalishiga ixtisoslashtirish
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 303-son qaroriga 5-ILOVA
Mingbuloq va Uchqoʻrgʻon tumanlarida 2021-2022-yillarda baliqchilik tarmogʻini rivojlantirish
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 303-son qaroriga 6-ILOVA
Namangan viloyati tumanlarida 2021-2022-yillarda oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmlarini oshirish
KOʻRSATKIChLARI
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 303-son qaroriga 7-ILOVA
Namangan viloyati tumanlarida 2021-2022-yillarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, muzlatkichli-omborxona va issiqxona loyihalarini tashkil etish
KOʻRSATKIChLARI
