2021-yil hosili uchun ekilgan boshoqli don hosilini oʻz vaqtida va sifatli oʻrib-yigʻib olishni tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (304-son)
17.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Respublikada koronavirus pandemiyasi davrida ichki bozorda don va un mahsulotlari barqaror mavjud boʻlishini taʼminlash, aholiga arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berish hamda 2021-yil boshoqli don ekinlari hosilini qisqa muddatlarda nes-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olishni maqbul muddatda sifatli tashkil etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Gʻalla yetishtirish, xarid qilish va sotishga bozor tamoyillarini keng joriy etishni muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Respublika kengashi):
jahon bozori konyunkturasi va mintaqaviy birjalarda kutilayotgan don narxlari hamda xoʻjaliklarning don yetishtirish xarajatlari tahlilidan kelib chiqib don va un mahsulotlari narxi keskin oshib ketishining oldini olish choralarini koʻrsin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (Quvasoy shahar) hokimliklarining takliflaridan kelib chiqib ichki bozorda don va non narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun 2021-yil hosilidan davlat resurslariga tovar va urugʻlik don xarid qilish hajmini 1-ilovaga muvofiq amalga oshirsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tuman (Quvasoy shahar) hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Transport vazirligi, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi hamda don korxonalari rahbarlari gʻalla oʻrim-yigʻimi mavsumida gʻalla oʻrish kombaynlaridan, don tashish uchun jalb etiladigan barcha turdagi transport vositalaridan samarali foydalanishni, shuningdek, don qabul qilinadigan shoxobchalar, xirmon maydonlari, don tozalash mashinalarining uzluksiz ishlashini va boshqa moddiy-texnika resurslaridan unumli foydalanishni tashkil etsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va uning joylardagi don korxonalari, gʻallachilik klasterlari rahbarlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi 2022-yil hosili uchun boshoqli don ekinlari urugʻligining oʻz vaqtida va sifatli jamgʻarilishini taʼminlasin. Bunda urugʻlik don sifatining kafolatli boʻlishini taʼminlash maqsadida urugʻlik gʻallani oʻrish uchun alohida oʻrim-yigʻim otryadlarini shakllantirsin hamda urugʻlik donning alohida saqlanishini tashkil etsin.
4. “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat zaxiralarini boshqarish qoʻmitasi, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi elevator va don qabul qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalardagi mavjud don “nol”ga tozalanishi va xatlovdan oʻtkazilishini taʼminlasin hamda tovar don (bugʻdoy)ni xatlovdan oʻtkazish natijalari haqida 2021-yil 15-iyunga qadar Vazirlar Mahkamasiga maʼlumot bersin.
5. 2021-yil hosili uchun ekilgan gʻallani oʻz vaqtida va sifatli oʻrib-yigʻib olishga koʻmaklashuvchi respublika ishchi guruhining tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika ishchi guruhi (Gʻaniyev) quyidagi vazifalarning bajarilishiga koʻmaklashsin:
2021-yil gʻalla hosilini qisqa muddatda nes-nobud qilmasdan oʻrib-yigʻib olishni tashkil etish;
yanchilgan donni tashish va qabul qilish uchun yetarli miqdorda yoqilgʻi moylash materiallari zaxirasini yaratish;
ichki bozorda don narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun boshoqli don xarid qilish boʻyicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishi va qabul qilingan don uchun oʻz vaqtida hisob-kitoblar amalga oshirilishi yuzasidan monitoring olib borish;
xoʻjaliklar ixtiyorida qoladigan qoʻshimcha gʻallani tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, don qabul qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalarda va gʻallachilik klasterlariga ichki bozorda shakllangan narxlarda sotishni tashkil etish va sotilgan gʻalla uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishi yuzasidan monitoring yuritish;
boshoqli don ekinlari pishib yetilishidan kelib chiqib, zarurat boʻlgan hollarda, gʻalla oʻrim-yigʻimida qatnashadigan yuqori unumli gʻalla oʻrish kombaynlari respublikaning bir hududidan ikkinchi hududiga oʻtkazilishini tashkil etishda amaliy yordam koʻrsatish.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda:
gʻalla yetishtirish va ichki bozorda don narxlari barqarorligini taʼminlash tadbirlarini amalga oshirish uchun boshoqli don xarid qilish hajmlari toʻgʻrisida taqdim etilayotgan statistik hisobotlarning ishonchliligi boʻyicha qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar, barcha don qabul qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalardagi va gʻallachilik klasterlari bilan birgalikda haqiqatda qabul qilingan don boʻyicha statistik hisobot maʼlumotlari belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritib borilishini va hisobot maʼlumotlarini buzib koʻrsatish holatlari aniqlangan taqdirda, aybdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik choralari koʻrilishini taʼminlasin.
7. “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati 2021-yil hosili uchun ekilgan boshoqli don ekinlari oʻrim-yigʻimida qatnashadigan yuqori unumli gʻalla oʻrish kombaynlarining ikki smenada toʻxtovsiz ishlashini taʼminlash uchun zarur chora-tadbirlarni belgilasin.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda 2021-yil 20-mayga qadar 2021-yil gʻalla oʻrimi mavsumida qatnashadigan mavjud gʻalla oʻrish kombaynlari mulk egalari tomonidan toʻliq taʼmirdan chiqarilib mavsumda toʻxtovsiz ishlashi uchun ehtiyot qismlar zaxirasi yaratilishini hamda Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining maxsus sertifikatlari asosida qabul qilinishini taʼminlasin.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda yoʻllarda gʻalla oʻrim-yigʻimida qatnashadigan texnikalarning harakatlanishi xavfsizligini taʼminlash, yetishtirilgan hosilning talon-taroj qilinishiga va nobud boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik hamda yongʻinlar kelib chiqishining oldini olish yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda yoqilgʻi-moylash materiallarining zarur zaxirasini yaratsin hamda hosilni yigʻishtirib olish, tashish va tayyorlash bilan band boʻlgan qishloq xoʻjaligi korxonalari, mashina-traktor parklari va boshqa tashkilotlarga oldindan toʻlovlar asosida belgilangan tartibda yetkazib berilishini tashkil etsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 17-may,
304-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 304-son qaroriga 1-ILOVA
Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda 2021-yil hosilidan davlat resurslariga tovar va urugʻlik don xarid qilish
HAJMI
tonna T/r Hududlar nomi Jami Shundan tovar don urugʻlik don 1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi 90 100 76 850 13 250 2. Andijon 197 428 178 378 19 050 3. Buxoro 135 572 120 472 15 100 4. Jizzax 209 268 177 043 32 225 5. Qashqadaryo 313 428 270 228 43 200 6. Navoiy 85 035 75 135 9 900 7. Namangan 175 978 159 038 16 940 8. Samarqand 235 400 206 000 29 400 9. Surxondaryo 203 220 180 020 23 200 10. Sirdaryo 190 228 168 978 21 250 11. Toshkent 266 040 238 530 27 510 12. Fargʻona 258 528 233 428 25 100 13. Xorazm 74 200 65 900 8 300 JAMI: 2 434 425 2 150 000 284 425
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-maydagi 304-son qaroriga 2-ILOVA
2021-yil hosili uchun ekilgan gʻallani oʻz vaqtida va sifatli oʻrib-yigʻib olishni tashkil etish boʻyicha respublika ishchi guruhi
TARKIBI
Sh.M. Gʻaniyev — Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari, Ishchi guruh rahbari J.A. Xodjayev — qishloq xoʻjaligi vaziri, Ishchi guruh rahbari oʻrinbosari S.S. Nishanbayev — ichki ishlar vazirining oʻrinbosari Sh.J. Teshayev — qishloq xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari O.R. Isakov — moliya vazirining oʻrinbosari I.I. Norqulov — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirining birinchi oʻrinbosari A.X. Qoʻldoshev — favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi oʻrinbosari B.R. Normatov — energetika vazirining oʻrinbosari R.D. Usmanov — transport vazirining oʻrinbosari A.D. Vaxabov — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshligʻi D.I. Xolmurodov — Davlat statistika qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari D.N. Sattorov — “Oʻzstandart” agentligi bosh direktori F.J. Poʻlatov — “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruv raisi R.M. Xayitov — “Oʻzagroservis” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi A.A. Isroilov — Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi direktori R.U. Mamatqulov — AT “Agrobank” boshqaruvi raisi B.X. Mamenov — Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari J.A. Karimov — Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshligʻining birinchi oʻrinbosari F.A. Abdurahmonov — “OʻzKeysservis” QK bosh direktori S.N. Adilov — “OʻzKlaasservis” MChJ direktori M.M. Irgashxodjayev — “Integral agro markaz” MChJ direktori
