9-modda. Kasbga doir faoliyatning va oʻta xavfli manba bilan bogʻliq faoliyatning ayrim turlarini bajarishdagi cheklovlar
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Majburiy psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish natijalariga koʻra shaxs ruhiy holati buzilganligi oqibatida kasbga doir faoliyatning va oʻta xavfli manba bilan bogʻliq faoliyatning ayrim turlarini bajarishga vaqtincha (koʻpi bilan besh yil muddatga va keyin qayta tekshiruvdan oʻtish huquqi bilan) yaroqsiz deb topilishi mumkin.
Shaxsni kasbga doir faoliyatning va oʻta xavfli manba bilan bogʻliq faoliyatning ayrim turlarini bajarishga vaqtincha yaroqsiz deb topish toʻgʻrisidagi qaror shaxsning ruhiy sogʻligʻi holatini tibbiy qarshi koʻrsatmalar roʻyxatiga muvofiq baholash asosida shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan qabul qilinadi va qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Kasbga doir faoliyatning va oʻta xavfli manba bilan bogʻliq faoliyatning ayrim turlarini amalga oshirish uchun tibbiy qarshi koʻrsatmalar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi hamda toʻplangan tajriba va ilmiy yutuqlar hisobga olingan holda vaqti-vaqti bilan qayta koʻrib chiqiladi.
