34-modda. Psixiatriya statsionariga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizilgan shaxslarni tekshiruvdan oʻtkazish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Ushbu Qonunning 31-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha psixiatriya statsionariga yotqizilgan ruhiy holati buzilgan shaxs shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan qirq sakkiz soatdan oshmagan muddatda majburiy tekshiruvdan oʻtkazilishi lozim, komissiya statsionarga yotqizilganlikning asoslanganligi toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Statsionarga yotqizish asossiz deb topilgan va statsionarga yotqizilgan shaxs psixiatriya statsionarida qolish istagini bildirmagan hollarda, u darhol statsionardan chiqarilishi lozim.
Agar ruhiy holati buzilgan shaxsni statsionarga yotqizish asosli deb topilsa, shaxsning u yerda bundan buyon boʻlishi toʻgʻrisidagi masalani hal qilish uchun shifokor-psixiatrlar komissiyasining xulosasi yigirma toʻrt soat ichida psixiatriya statsionari joylashgan yerdagi sudga yuboriladi.
Ruhiy holati buzilgan shaxsni psixiatriya statsionariga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish toʻgʻrisidagi ariza sudga shaxs yotgan psixiatriya statsionari tomonidan beriladi.
