3-modda. Asosiy tushunchalar
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
maʼlumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish — oʻz sogʻligʻining holati, ruhiy holati buzilganligining xususiyati haqidagi hamda kasallik rivojlanishining ehtimoldagi prognozi, psixiatriya yordami koʻrsatish maqsadi, tartibi va davom etish muddati, tashxis qoʻyish, davolash usullari hamda mazkur yordamni koʻrsatish jarayonida qoʻllanilishi mumkin boʻlgan dori vositalari, ularning nojoʻya taʼsirlari haqida tushunarli tarzda taqdim etiladigan axborotni anglab yetishga layoqatli boʻlgan shaxs tomonidan yozma shaklda ifodalangan ixtiyoriy rozilik yoki uning qonuniy vakilining yozma roziligi;
psixiatriya yordami — shaxslarning ruhiy sogʻligʻi holatini tekshiruvdan oʻtkazishga, ruhiy holatning buzilishlarini profilaktika qilishga, ularga tashxis qoʻyishga, ruhiy holati buzilgan shaxslarni davolash, parvarishlash va tibbiy-ijtimoiy jihatdan reabilitatsiya qilishga qaratilgan maxsus tadbirlar majmui;
psixiatriya muassasasi — asosiy vazifasi psixiatriya yordami koʻrsatishdan iborat boʻlgan tibbiyot muassasasi;
ruhiy holatning buzilishi — shaxs ruhiy holatining Oʻzbekiston Respublikasida amalda boʻlgan Xalqaro kasalliklar tasnifiga muvofiq tan olingan oʻzgarishi;
shifokor-psixiatrlar komissiyasi — sogʻliqni saqlashni boshqarish organi tomonidan tuzilgan, psixiatriya yordami koʻrsatish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan kollegial ravishda qarorlar qabul qiluvchi uch nafar yoki undan ortiq shifokor-psixiatrdan iborat boʻlgan komissiya;
qonuniy vakillar — ota-onalar (farzandlikka oluvchilar), vasiylar yoki ruhiy holati buzilgan shaxslarning manfaatlarini ifoda etishga, ularga psixiatriya yordami koʻrsatishda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini amalga oshirishga vakolatli boʻlgan boshqa shaxslar.
