28-modda. Dispanser kuzatuvi
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Dispanser kuzatuvi ruhiy holatning ogʻir barqaror yoki tez-tez zoʻrayib turuvchi kasallik belgilari boʻlgan surunkali va uzoq davom etadigan buzilishiga chalingan shaxsning roziligidan, shuningdek uning qonuniy vakilining roziligidan qatʼi nazar, oʻrnatilishi mumkin.
Dispanser kuzatuvini oʻrnatish zarurligi haqidagi va uni tugatish toʻgʻrisidagi qaror shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
Agar davolash-profilaktika muassasasi xizmat koʻrsatadigan hududda psixiatriya yordami bitta shifokor-psixiatr tomonidan koʻrsatilsa, dispanser kuzatuvini oʻrnatish zarurligi toʻgʻrisidagi qarorni u mustaqil ravishda uch oydan oshmagan muddatga qabul qiladi. Bu holda dispanser kuzatuvini oʻrnatish zarurligi toʻgʻrisidagi va uni tugatish haqidagi masala shifokor-psixiatrlar komissiyasi tomonidan uch oy ichida koʻrib chiqilishi kerak.
Shifokor-psixiatrlar komissiyasining asoslantirilgan qarori tibbiy hujjatlarga yozib qoʻyish orqali va Dispanser kuzatuvida turgan ruhiy holati buzilgan shaxslarning yagona elektron reyestriga tegishli axborot kiritilgan holda rasmiylashtiriladi.
Dispanser kuzatuvi shaxs sogʻayib ketganda yoki uning ruhiy holati sezilarli va turgʻun yaxshilanganda tugatiladi. Dispanser kuzatuvi tugatilganidan keyin ambulatoriya sharoitlaridagi psixiatriya yordami ushbu Qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha va tartibda mazkur shaxsning iltimosiga koʻra yoki roziligi bilan yoxud uning qonuniy vakilining iltimosiga koʻra yoki roziligi bilan koʻrsatiladi.
Ruhiy holati buzilgan shaxsning ruhiy holati oʻzgargan taqdirda, u ushbu Qonunning 24 va 25-moddalarida nazarda tutilgan asoslar boʻyicha hamda tartibda oʻzining roziligisiz yoki qonuniy vakilining roziligisiz tekshiruvdan oʻtkazilishi mumkin. Bunday hollarda dispanser kuzatuvi shifokor-psixiatrlar komissiyasining qaroriga binoan qaytadan oʻrnatilishi mumkin.
