24-modda. Psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish tekshirilayotgan shaxsda ruhiy holati buzilishining mavjudligini, psixiatriya yordami koʻrsatishga boʻlgan zaruriyatni aniqlash, shuningdek bunday yordam turi haqidagi masalani hal qilish uchun amalga oshiriladi.
Psixiatriya tekshiruvi tekshirilayotgan shaxsning maʼlumotlarni bilgan holda tekshiruv oʻtkazilishiga ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlgan taqdirda amalga oshiriladi.
Voyaga yetmagan shaxsni psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish ota-onasidan birining yoxud boshqa qonuniy vakilining ushbu tekshiruvni oʻtkazishga maʼlumotlarni bilgan holda ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsga nisbatan esa, bunday shaxs qonuniy vakilining maʼlumotlarni bilgan holda psixiatriya tekshiruvi oʻtkazilishiga ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlganda amalga oshiriladi.
Ota-onasidan biri rozi boʻlmagan yoxud ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakili mavjud boʻlmagan taqdirda voyaga yetmagan shaxsni psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish vasiylik va homiylik organining qaroriga binoan amalga oshiriladi, qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxsning qonuniy vakili vasiyligidagi shaxsni psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish uchun maʼlumotlarni bilgan holda ixtiyoriy ravishda rozilik berganligi haqida vasiyligidagi shaxsning yashash joyidagi vasiylik va homiylik organini xabardor qiladi.
Psixiatriya tekshiruvini oʻtkazuvchi shifokor-psixiatr tekshirilayotgan shaxsga va uning qonuniy vakiliga oʻzini psixiatr sifatida tanishtirishi shart, bundan ushbu modda yettinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Mavjud maʼlumotlarga koʻra, tekshirilayotgan shaxs unda ogʻir ruhiy holatning quyidagilar bilan bogʻliq buzilishi mavjud deb taxmin qilish uchun asos boʻladigan harakatlarni sodir etgan hollarda, shaxsni psixiatriya tekshiruvidan oʻtkazish ushbu shaxsning maʼlumotlarni bilgan holdagi ixtiyoriy roziligisiz yoki qonuniy vakilning maʼlumotlarni bilgan holdagi ixtiyoriy roziligisiz amalga oshirilishi mumkin:
uning oʻzi uchun yoki atrofdagilar uchun bevosita xavf solishi;
uning yordamga muhtojligi, yaʼni asosiy hayotiy ehtiyojlarini mustaqil ravishda qanoatlantirishga layoqatsizligi;
agar shaxs psixiatriya yordami koʻrsatilmasdan qoldirilgudek boʻlsa, ruhiy holati yomonlashuvi tufayli uning sogʻligʻiga jiddiy zarar yetishi.
