19-modda. Psixiatriya yordami koʻrsatuvchi muassasalar
Psixiatriya yordami toʻgʻrisida (O‘RQ-690-son) · Sana: 12.05.2021 · Amalda
Psixiatriya yordamini psixiatriya muassasalari, davlat va xususiy tibbiyot muassasalari, ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun moʻljallangan tibbiy-ijtimoiy muassasalar koʻrsatadi.
Ruhiy holatning buzilishiga tashxis qoʻyish, uni davolash va reabilitatsiya qilish boʻyicha xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
Psixiatriya yordamining turlari yuridik shaxslarning taʼsis hujjatlarida koʻrsatiladi. Davlat va xususiy tibbiyot muassasalari, ruhiy holati buzilgan shaxslar uchun moʻljallangan tibbiy-ijtimoiy muassasalar tomonidan koʻrsatiladigan psixiatriya yordamining turlari haqidagi axborot fuqarolar uchun ochiq boʻlishi kerak.
