Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (3297-son)
05.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 5-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3297]
Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi hamda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qaror qiladi:
1. Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2015-yil 24-dekabrdagi 3, 01/27-26/27-son “Sud ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori (roʻyxat raqami 2744, 2015-yil 24-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 51-son, 642-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori N. YOʻLDOSHEV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-mart,
24-QQ-son
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A. ORTIKOV
Toshkent sh.,
2021-yil 23-mart,
2744-son
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2021-yil 27-martdagi 24-QQ-son va Davlat aktivlarini boshqarish agentligining 2021-yil 23-martdagi 2744-son qaroriga ILOVA
Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Qonunining 54-moddasiga muvofiq davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomga muvofiq, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro qilish jarayonida realizatsiya qilinadigan, shu jumladan davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulk baholash obyekti hisoblanadi.
2. Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni baholashning xususiyati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-son “Davlat daromadiga oʻtkaziladigan mol-mulkni olib qoʻyish, sotish yoki yoʻq qilib tashlash tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilanadi.
2-bob. Mol-mulkni baholash
3. Roʻyxatga olingan mol-mulkni baholashni tashkil etish mazkur Nizom bilan belgilangan tartibda davlat ijrochisi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Davlat ijrochisi alohida koʻchar mol-mulkning shartnomaviy narxini faqat alohida olingan mol-mulkning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan, mol-mulkning jami qiymati esa bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan oshmagan taqdirdagina, baholovchi tashkilotni jalb etmagan holda mustaqil belgilashi mumkin, avtomototransport vositalari bundan mustasno.
5. Quyidagi mol-mulkni baholash uchun baholovchi tashkilot jalb qilinadi:
a) avtomototransport vositalari;
b) dastgoh va uskunalar hamda ishlab chiqarish liniyalari;
v) koʻchmas mulk;
g) fond birjasining rasmiy listingiga kiritilmagan va markazlashtirilgan tartibda kotirovka qilinmayotgan qimmatli qogʻozlar.
Fond birjasining rasmiy listingiga kiritilgan qimmatli qogʻozlarning qiymati davlat ijrochisi tomonidan ushbu qimmatli qogʻozlar boʻyicha fond birjasiga yozma soʻrovnoma yuborish orqali belgilanadi.
6. Garovga qoʻyilgan mol-mulk bilan taʼminlangan majburiyatlarni ijro etishda undiruv ushbu mol-mulkka qaratilgan taqdirda, garovga qoʻyilgan mol-mulkning kimoshdi savdosi boshlanadigan boshlangʻich realizatsiya qilish narxi sud qarori bilan belgilanadi.
7. Mol-mulk davlat ijrochisi tomonidan mustaqil baholanganda mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq qaror chiqariladi.
8. Mol-mulk baholovchi tashkilot tomonidan baholangan hollarda davlat ijrochisi mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq baholash natijalarini qabul qilish va ijro ishi hujjatlariga biriktirish toʻgʻrisida qaror chiqaradi.
3-bob. Mol-mulkni baholash uchun shartnoma tuzish
9. Ijro hujjatlari boʻyicha realizatsiya qilinadigan mol-mulkni baholash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi yoki uning hududiy boshqarmasi hamda tuman (shahar) boʻlimlari va eng maqbul va arzon narxlar taklif qilayotgan baholovchi tashkilot oʻrtasida shartnoma tuziladi. Shartnomada baholovchi tashkilotning xizmat haqini toʻlash boʻyicha shartlar koʻrsatiladi.
Shartnoma keyinchalik uzaytirish huquqi bilan bir yil muddatga tuziladi. Shartnomani uzaytirishda baholovchi tashkilot tomonidan mazkur shartnoma shartlariga toʻliq rioya etilganligi va baholash faoliyatini amalga oshirish uchun qonunchilikda belgilangan talablar buzilmaganligiga eʼtibor qaratiladi.
Baholovchi tashkilot shartnomani bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi oqibatida buyurtmachiga zarar yetkazilganligi uchun uning oldida javobgar boʻladi.
10. Shartnomaning amal qilish muddati tugagunga qadar taraflardan birining uni bekor qilish toʻgʻrisidagi yozma arizasi kelib tushmagan taqdirda shartnomaning muddati bir yilga uzaytirilgan hisoblanadi.
4-bob. Davlat ijrochisi tomonidan mol-mulkni baholash
11. Mol-mulk mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq davlat ijrochisi tomonidan mustaqil baholanganda mol-mulkning alohida olingan shartnomaviy narxi uning ichki bozorda talab va taklif konyunkturasining mavjud maʼlumotlari asosida baholash kunida amal qilib turgan narxining 70 foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Davlat ijrochisi mol-mulkning narxini aniqlashda bozordagi mavjud talab va takliflar toʻgʻrisidagi ochiq maʼlumotlar (bozor maʼmuriyatidan olingan maʼlumot, internetdan olingan axborot yoki mutaxassis xulosasi)ga asoslanadi.
12. Davlat ijrochisi tomonidan mustaqil baholanishi mumkin boʻlgan mol-mulkning shartnomaviy narxi mol-mulk xatlangandan keyin oʻn kundan kechiktirmasdan belgilanishi lozim.
13. Mol-mulkni baholash toʻgʻrisida qaror qabul qilingandan eʼtiboran uning nusxasi uch ish kunidan kechiktirmasdan taraflarga yuboriladi.
5-bob. Baholovchi tashkilot tomonidan mol-mulkni baholash
14. Baholashning umumiy shartlari baholash faoliyati toʻgʻrisidagi normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq belgilanadi.
15. Ijro harakatlari davomida davlat ijrochisi mol-mulkning farqlovchi belgilari (turi, navi, markasi, oʻlchami va h.k.) va haqiqiy holatini koʻrsatgan holda roʻyxatini tuzadi.
16. Sotiladigan mol-mulkning boshlangʻich narxini belgilash uchun davlat ijrochisi baholash toʻgʻrisidagi qarori bilan baholovchi tashkilotni jalb qiladi.
17. Baholash muddati va baholovchi tashkilotning xizmat haqi davlat ijrochisi va baholovchi tashkilot tomonidan belgilanib, bu haqda bayonnoma tuziladi. Bunda baholash muddati ijro harakatlarini amalga oshirish uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddat inobatga olingan holda belgilanadi, biroq ushbu muddat baholovchi tashkilotga shartnomaga muvofiq barcha hujjatlar taqdim qilingan kundan eʼtiboran 15 kundan oshib ketmasligi lozim.
Baholovchi tashkilotga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi yoki uning hududiy boshqarmasi hamda tuman (shahar) boʻlimlari bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq amalga oshiriladi.
18. Baholovchi tashkilot tomonidan baholash obyektiga nisbatan belgilangan tugatilish qiymati davlat ijrochisi uchun mol-mulkning boshlangʻich savdo narxini belgilashga asos boʻladi.
19. Baholash obyektlarining tugatilish qiymati (Slik) ularning bozordagi qiymati asosida quyidagi formula boʻyicha belgilanadi:
Slik = Sbozor*(1/k)*(1 — eln(1-k) * (tlik/tnorm)), bunda:
Slik — mumkin boʻlgan ekspozitsiya davridan (tnorm) qisqaroq, uni ekspozitsiya qilishning belgilangan davriga (tlik) mos boʻlgan baholash obyektining tugatilish qiymati, soʻm;
Sbozor — baholanayotgan obyektning bozordagi qiymati (soʻm);
k — obyekt sotilishi mumkin boʻlgan eng oxirgi narxini nazarda tutuvchi koeffitsiyent;
tnorm — baholash obyekti ichki bozorda ekspozitsiya qilinadigan oʻrtacha muddat
tlik — obyektining realizatsiyasi uchun belgilangan muddat;
ln — tabiiy logarifm;
e — tabiiy logarifmga asos qilib olinadigan son (2,718).
Baholash obyekti ichki bozorda ekspozitsiya qilinadigan oʻrtacha muddat (tnorm) (oy)
Obyekt nomi Muddat Avtotransport vositalari Yengil avtomashinalar 2 oy Yuk avtomobillari 3 oy Maxsus transportlar 4 oy Boshqa turdagi transport vositasi 6 oy Uskunalar Mashinalar, mexanizmlar, dastgohlar 4 oy Texnologik liniyalar 6 oy Koʻchmas mulklar Turar joylar 3 oy Savdoga moʻljallangan koʻchmas mulklar 4 oy Ofisga moʻljallangan koʻchmas mulklar 6 oy Omborlar 6 oy Ishlab chiqarishga moʻljallangan koʻchmas mulklar 9 oy Mulkiy kompleks 12 oy
Obyektining realizatsiyasi uchun belgilangan muddat (tlik) (oy)
Obyektining realizatsiyasi uchun belgilanadigan muddat davlat ijrochisi tomonidan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga asosan tayinlanadi.
Baholash obyekti sotilishi mumkin boʻlgan eng oxirgi narxini nazarda tutuvchi koeffitsiyent (k)
K Koʻchar mol-mulk Koʻchmas mol-mulk 0,95 0,9
Har qanday mol-mulkning mazkur formula yordamida hisoblangan likvid qiymati uning bozor qiymatining 70 foizidan past boʻlgan taqdirda ushbu mol-mulkning likvid qiymati uning bozor qiymatining 70 foizi miqdorida etib belgilanadi.
20. Agar qonunchilik hujjatlarida boshqacha hol nazarda tutilgan boʻlmasa, davlat ijrochisi baholash natijalari boʻyicha baholovchi tashkilot tomonidan taqdim etilgan hisobot asosida savdoga chiqarish uchun mol-mulkning boshlangʻich narxini belgilaydi.
6-bob. Yakuniy qoida
21. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Davlat ijrochilari tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishda xatlangan mol-mulkni baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.05.2021-y., 10/21/3297/0421-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
