Mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirish uchun yoqilgʻi birligidan undiriladigan maxsus yigʻimni belgilash, uni toʻlash va hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisida (KQ-224-IV-son)
03.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
qarori
Yoʻl infratuzilmasi sifatini rivojlantirish va yaxshilashda, mintaqaviy avtomobil yoʻllari tarmogʻini va yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qildi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl xoʻjaligi tizimini chuqur isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5890-sonli Farmoniga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlariga avtomobilga yonilgʻi hamda gaz quyish stansiyalari tomonidan avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazni oxirgi isteʼmolchilarga realizatsiya qilishda yoqilgʻi birligi uchun 25 soʻmdan ortiq boʻlmagan miqdorda mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirishga maxsus yigʻim joriy etish vakolati berilganligi qayd etilsin.
2. Mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirish uchun yoqilgʻi birligidan undiriladigan maxsus yigʻimni belgilash, uni toʻlash va hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Belgilansinki:
3.1. Maxsus yigʻim obyekti avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilish hajmi hisoblanadi, yuridik shaxslarga avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gaz birja savdolari orqali qayta sotish bundan mustasno;
yuridik shaxslarning oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadigan avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gaz hajmi qismida maxsus yigʻim belgilangan tartibda toʻlanadi;
yakuniy isteʼmolchilar deganda oʻz ehtiyojlari uchun benzin, dizel yoqilgʻisi hamda gaz oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi.
3.2. Maxsus yigʻimni toʻlovchilari boʻlib, avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisini yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qiluvchi “Oʻzbekneftgaz” AJ neft bazalari, yoqilgʻi quyish shoxobchalari va stansiyalari, shuningdek, gazni gaz toʻldirish stansiyalari va gaz toʻldirish punktlari hisoblanadi.
3.3. Maxsus yigʻimdan olingan tushum tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmalariga yoʻnaltiriladi.
3.4. Maxsus yigʻim avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishda ularning narxi, shu jumladan, chakana narxi ustiga qoʻshiladi.
3.5. Maxsus yigʻim toʻlovchilar hisoblangan maxsus yigʻimlar summasini har oyda keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay tegishli hududiy jamgʻarmalariga toʻlaydi.
3.6. Maxsus yigʻimning hisobotini taqdim etish va uning toʻlov muddati kechiktirilgan har bir kun uchun Soliq kodeksiga muvofiq javobgarlik choralari qoʻllaniladi.
3.7. Maxsus yigʻimning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi va hududiy jamgʻarmalarga belgilangan muddatlarda toʻlanishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan olib boriladi.
3.8. Hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarining maqsadli va samarali foydalanilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bir oy muddatda maxsus yigʻimning hisoboti shaklini tasdiqlab, belgilangan tartibda maxsus yigʻim toʻlovchilariga yetkazsin hamda hisobotni taqdim etish tartibini Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga ikki hafta muddatda mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirish uchun yoqilgʻi birligidan undiriladigan maxsus yigʻim miqdorini tegishli qaror bilan tasdiqlash tavsiya etilsin.
6. Mazkur Qaror ijrosini nazorat qilish Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi (E. Gadoyev) zimmasiga yuklansin.
7. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 3 maya,
KQ-224-IV-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2021-yil 3-maydagi KQ-224-IV-sonli Qaroriga ILOVA
Mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirish uchun yoqilgʻi birligidan undiriladigan maxsus yigʻimni belgilash, uni toʻlash va hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi
NAMUNAVIY NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirish uchun yoqilgʻi birligidan undiriladigan maxsus yigʻimni (keyingi oʻrinlarda — maxsus yigʻim deb yuritiladi) belgilash, uni toʻlash va hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
2. Maxsus yigʻim avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishda undiriladi.
Bunda maxsus yigʻim miqdori avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi va suyultirilgan gazning 1 litri uchun hamda siqilgan gazning 1 metr kubi uchun 25 soʻmdan ortiq boʻlmasligi lozim.
3. Maxsus yigʻimdan olingan tushum tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmalari huzuridagi avtomobil yoʻllarini rivojlantirish maqsadli jamgʻarmalariga (keyingi oʻrinlarda — hududiy jamgʻarmalar deb yuritiladi) yoʻnaltiriladi.
2-bob. Maxsus yigʻim miqdorini shakllantirish va uni jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazish tartibi
4. Maxsus yigʻim miqdori ilovada keltirilgan namunaviy tarkibda tashkil etiladigan ishchi guruhi tomonidan shakllantiriladi.
Maxsus yigʻim miqdorini shakllantirishda aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan yalpi hududiy mahsulot, aholining turli qatlamlarining daromadi, hududda roʻyxatdan oʻtgan avtomototransport vositalarining soni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish tadbirlari inobatga olinadi.
5. Ishchi guruh:
maxsus yigʻim miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi taklifni har yili 1-martga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga kelishish uchun kiritadi;
maxsus yigʻimlar miqdorlarini belgilangan tartibda jamoatchilik fikrini oʻrganish uchun muhokamaga joylashtiradi.
3-bob. Maxsus yigʻim miqdorini belgilash tartibi
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
jamoatchilikdan tushgan takliflar asosida maxsus yigʻim miqdorini qayta koʻrib chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda har yili 15-mayga qadar tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga koʻrib chiqish uchun kiritadi.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari maxsus yigʻim miqdorini maʼqullash, oʻzgartirish yoki maxsus yigʻim kiritishni rad etishi mumkin.
8. Maxsus yigʻim miqdori Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan maʼqullanganidan soʻng Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining tegishli qarorlariga asosan belgilanadi.
Qarorda belgilangan maxsus yigʻim miqdorini kuchga kirish muddati aniq koʻrsatilishi lozim hamda ushbu muddat qaror qabul qilingan kundan boshlab oʻn kundan kam boʻlishi mumkin emas.
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
maxsus yigʻim miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingandan soʻng bir ish kunida ushbu qarorlarning nusxalarini tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalariga, Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyalariga hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalariga;
oʻzlarining rasmiy veb saytlari, ijtimoiy tarmoq kanallari, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, mahalliy televideniyelar orqali jamoatchilik eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlaydi.
10. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmalari qaror nusxasini olgan kundan soʻng bir ish kunida uni tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspeksiyalari orqali oʻz hududidagi:
avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisini yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qiluvchi subyektlarga, shu jumladan, avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalariga;
gazni gaz toʻldirish stansiyalariga va gaz toʻldirish punktlari orqali realizatsiya qilishni amalga oshiruvchi subyektlarga yetkazadi.
Bunda, qaror nusxalari Yirik soliq toʻlovchilar boʻyicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi, tumanlar, shaharlar va shahardagi tumanlar davlat soliq inspeksiyalari tomonidan soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali ham yetkazilishi mumkin.
11. Maxsus yigʻim miqdorini belgilash toʻgʻrisidagi qaror keyingi yil uchun maxsus yigʻim miqdorini belgilash va (yoki) bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingunga qadar amal qiladi.
4-bob. Maxsus yigʻimni hisoblash va hududiy jamgʻarmalarga toʻlash tartibi
12. Maxsus yigʻim miqdori avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi va suyultirilgan gazning 1 litri va siqilgan gazning 1 metr kubi uchun belgilanadi.
13. Belgilangan maxsus yigʻim yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilingan avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi hajmiga, shuningdek, gaz toʻldirish stansiyalari hamda gaz toʻldirish punktlari orqali realizatsiya qilingan suyultirilgan va siqilgan gaz hajmiga nisbatan qoʻllaniladi va undiriladi.
Yakuniy isteʼmolchilar deganda oʻz ehtiyojlari uchun benzin, dizel yoqilgʻisi hamda gaz oluvchi yuridik va jismoniy shaxslar tushuniladi.
14. Avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazni avtomobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari orqali sotishda maxsus yigʻim 1 litrdan kelib chiqib, boshqa hollarda esa 1 tonnadan kelib chiqib, siqilgan gaz uchun 1 metr kubdan hisoblab chiqariladi.
15. Avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazning 1 tonnasi uchun maxsus yigʻim miqdori oʻrnatilgan tartibda 1 litr uchun belgilanadigan miqdorni tuzatish (avtomobil benzini uchun — 1 328, dizel yoqilgʻisi uchun — 1 215 va suyultirilgan gaz uchun — 1 897) koeffitsiyentlarga koʻpaytmasi sifatida aniqlanadi.
16. Yuridik shaxslarga avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gaz birja savdolari orqali qayta sotilganda maxsus yigʻim undirilmaydi.
Bunda, ushbu yuridik shaxslarning oʻz ehtiyojlari uchun foydalanadigan avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gaz hajmi qismida maxsus yigʻim belgilangan tartibda toʻlanadi.
17. Avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisini yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qiluvchi “Oʻzbekneftgaz” AJ neft bazalari, yoqilgʻi quyish shoxobchalari va stansiyalari, shuningdek, gazni gaz toʻldirish stansiyalari va gaz toʻldirish punktlari maxsus yigʻimni toʻlovchilar (keyingi oʻrinlarda — maxsus yigʻim toʻlovchilar) deb eʼtirof etiladi.
18. Maxsus yigʻim avtomobil benzini, dizel yoqilgʻisi, suyultirilgan va siqilgan gazni yakuniy isteʼmolchilarga realizatsiya qilishda ularning narxi, shu jumladan chakana narxi ustiga qoʻshiladi.
19. Maxsus yigʻim toʻlovchilar hisoblangan maxsus yigʻimlar summasini har oyda keyingi oyning oʻninchi kunidan kechiktirmay tegishli hududiy jamgʻarmalariga toʻlaydi.
5-bob. Maxsus yigʻimlarning hisobini yuritish va undan tushgan mablagʻlardan foydalanishning ochiqligini taʼminlash tartibi
20. Maxsus yigʻim hisobotini taqdim etish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 292-moddasiga muvofiq amalga oshiriladi.
21. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
a) hududiy jamgʻarmalarga maxsus yigʻim boʻyicha kelib tushgan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni:
har chorak yakunlari boʻyicha keyingi chorak birinchi oyining 25 sanasiga qadar va har yili yakuni boʻyicha keyingi yilning 25-yanvariga qadar oʻzlarining rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoq kanallari, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, mahalliy televideniyelar orqali jamoatchilik eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlaydi;
b) har yili 25-yanvarga qadar oʻtgan yilda hududiy jamgʻarmalarga maxsus yigʻim boʻyicha kelib tushgan mablagʻlar hamda ularning ishlatilishi toʻgʻrisidagi hisobotni tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga kiritadi.
22. Maxsus yigʻim hisobidan hududiy jamgʻarmalarda jamlangan mablagʻlar belgilangan tartibda tumanlar, shaharlar va boshqa aholi punktlari koʻchalarida, xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarida loyihalash, yoʻl-qurilish, taʼmirlash va ekspluatatsiya ishlarini moliyalashtirishga yoʻnaltiriladi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
23. Maxsus yigʻimning toʻgʻri hisoblab chiqarilishi va hududiy jamgʻarmalarga belgilangan muddatlarda toʻlanishi ustidan nazorat davlat soliq xizmati organlari tomonidan amalga oshiriladi.
24. Hududiy jamgʻarmalar mablagʻlarining belgilangan maqsadlarda va samarali foydalanilishi ustidan nazorat Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
25. Ushbu Nizomning talablarini buzganlikda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgardirlar.
Mintaqaviy yoʻllarni rivojlantirish uchun yoqilgʻi birligidan undiriladigan maxsus yigʻimni belgilash, uni toʻlash va hisobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomga Ilova
Maxsus yigʻim miqdorini shakllantiradigan ishchi guruhning
NAMUNAVIY TARKIBI
T/r FIO Ish joyi va lavozimi * 1. Lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining birinchi oʻrinbosari, ishchi guruh rahbari 2. Lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining qurilish masal�lari boʻyicha oʻrinbosari 3. Lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi moliya vaziri, viloyatlar va Toshkent shaharhokimligi moliya boshqarmasi boshligʻi (vakili) 4. Lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi boshligʻi (vakili) 5. Lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri, viloyatlar va Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi (vakili) 6. Lavozimiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshligʻi (vakili) 7. Lavozimiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari boshligʻi (vakili)
Izoh:
1) zaruratga koʻra, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan ishchi guruh tarkibiga boshqa mutaxassislar ham jalb etilishi mumkin;
2) Ishchi guruh aʼzolari soni (kamida 7 kishi) toq boʻlgan tarkibda tuziladi.
