Bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida (SQ-287-IV-son)
24.04.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2020-yil 20-noyabrdagi “Bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari haqida”gi SQ-179-IV-sonli Qarori ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 13-noyabrdagi 490-sonli farmoyishi bilan Bogʻdorchilik-uzumchilik shirkatlari faoliyatini kompleks oʻrganish, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlash, bartaraf etish va sohani tartibga solish yuzasidan respublika ishchi guruhi tuzilib, umumiy maydoni 6 140 gektar boʻlgan 730 ta shirkatning umumiy holati oʻrganilgan.
Biroq taqdim etilgan maʼlumotlar parlament soʻrovidagi qator masalalar boʻyicha masʼuliyat bilan ish olib borilmaganligini va natijada sohadagi dolzarb masalalar oʻz yechimini topmaganligini koʻrsatmoqda.
Jumladan, shirkatlar faoliyatidagi asosiy kamchiliklar ularning tashkiliy-huquqiy asoslari bilan bogʻliq boʻlsa-da, sohaning normativ-huquqiy bazasini takomillashtirish ishlari talab darajasida amalga oshirilmagan. Buning oqibatida hozirgi kunga qadar:
shirkatlar hududida qurilgan imoratlarni turar joy toifasiga oʻtkazishning ochiq va shaffof mexanizmlari joriy etilmagan;
shirkatlar maqomi va faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari, ularga yer uchastkalari berish hamda ulardan foydalanish tartibi va shartlari takomillashtirilmagan;
shirkat raisini saylash tartibi va uning vakolatlari doirasi aniq belgilanmagan.
Bundan tashqari, shirkatlar faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslaridagi kamchiliklar quyidagi tizimli muammolarning saqlanib qolishiga sabab boʻlmoqda:
shirkat aʼzoligiga qabul qilish va undan chiqarish boʻyicha belgilangan tartibga rioya qilinmaganligi oqibatida shirkatlar hududidagi mavjud 74 mingdan ziyod yer uchastkasining 11 mingga yaqinidan turar joy sifatida, 400 ga yaqinidan noturar joy sifatida noqonuniy ravishda foydalanib kelinmoqda;
jami 74 ming yer uchastkasidan atigi 38 mingtasiga kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan, qolgan 36 mingtasining aksariyatida bino-inshootlar mavjud boʻlsa-da, kadastr hujjatlari rasmiylashtirilmagan. Kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan yer uchastkalarining yarmi (19 mingga yaqini) davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan;
oʻzboshimchalik bilan egallab olingan va samarasiz foydalanilayotgan yer uchastkalarini zaxiraga qaytarish tizimi, shirkatlar hududidagi uy-joylarga kommunal xizmat koʻrsatish tashkilotlari tomonidan xizmatlar koʻrsatishda yagona yondashuvning mavjud emasligi, ichki yoʻllar va koʻchalarni taʼmirlash ishlari olib borilmayotganligi, amaliyotda turlicha yondashuvlar mavjudligi sababli muammolar vujudga kelgan.
Yuqorida bayon etilganlardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. Shirkatlarning amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament soʻrovidagi masalalarni oʻrganish boʻyicha Respublika ishchi guruhi tomonidan talab darajasida ish olib borilmaganligi, sohadagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan aniq takliflar ishlab chiqilmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:
shirkatlarni hamda ularning hududida qurilgan obyektlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish;
shirkat boshqaruvi aʼzolarini saylash va shirkatning boshqaruv faoliyatini amalga oshirish;
shirkat aʼzoligiga qabul qilish, undan chiqarish va shirkat hududidagi yer uchastkalaridan foydalanish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqib, amaliyotga joriy qilsin hamda mazkur band ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga axborot taqdim etsin.
3. Ushbu Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari S. Safoyev hamda Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B. Tajiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Raisi T. NARBAYEVA
Toshkent sh.,
2021-yil 24-aprel,
SQ-287-IV-son
