Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida (2606-6-son)
10.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining
qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 10-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2606-6]
Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20 senyatbrdagi PQ-3947-son “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurash boʻyicha idoralararo komissiyani tashkil etish toʻgʻrisida” qaroriga muvofiq, shuningdek Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish boʻyicha moliyaviy choralar ishlab chiquvchi guruhning (FATF) tavsiyalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2014-yil 4-iyuldagi 01-02/12-13-son qarori (roʻyxat raqami 2606, 2014-yil 5-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 32-son, 411-modda) bilan tasdiqlangan Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2021-yil 15-aprel,
01-02/12-25-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2021-yil 15-apreldagi 01-02/12-25-son qaroriga ILOVA
Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 2, 7 va 10-bandlardagi “qonun” degan soʻz “qonunchilik” degan soʻz bilan almashtirilsin.
2. Quyidagi mazmundagi 21-band bilan toʻldirilsin:
“21. Qonunchilik hujjatlariga muvofiq yozma deklaratsiyalanishi lozim boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi Deklaratsiyaning ajralmas qismi hisoblanadigan ilovasini toʻldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yoʻli bilan bojxona nazoratidan oʻtkaziladi.”.
3. 5-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Yoʻlovchilar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining rasmiy veb-sayti (www.bojxona.uz) orqali Deklaratsiyani chop etib qoʻlda toʻldirilgan holda yoki elektron shaklda toʻldirib chop etgan holda, oʻz imzolari bilan tasdiqlab bojxona organlariga taqdim etishi mumkin.”.
4. Quyidagi mazmundagi 71-band bilan toʻldirilsin:
“71. Deklaratsiya ilovasi quyidagi tarzda toʻldiriladi:
1-bandda shaxs toʻgʻrisida maʼlumotlar (familiyasi, ismi, tugʻilgan sanasi, pasportining seriyasi va raqami) hamda tranzit oʻtish mamlakatlari nomi koʻrsatiladi;
2-band bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi deklaratsiyalovchi shaxsga tegishli boʻlmagan hollarda quyidagi tartibda toʻldiriladi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi egasi haqida maʼlumotlar (jismoniy shaxsning familiyasi, ismi);
b) jismoniy shaxsning toʻliq manzili (davlat nomi, maʼmuriy-hududiy birligi (hudud, viloyat, tuman va x.k.), aholi yashash punkti va koʻcha nomi, uy va xonadon raqami);
v) bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi summasi, nominal qiymati yoki chet el valyutasidagi ekvivalent summasi, valyuta nomi va miqdori;
3-bandda tegishli kataklarga “X” belgisini qoʻyish yoʻli bilan toʻldiriladi va (yoki) “Boshqalar” qismida Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasi boshqa kelib chiqish manbasi koʻrsatiladi;
4-bandda tegishli kataklarga ”X” belgisini qoʻyish yoʻli bilan toʻldiriladi va (yoki) “Boshqalar” qismida Oʻzbekiston Respublikasining naqd valyutasi va (yoki) naqd chet el valyutasining qaysi maqsadlarda foydalanilishi koʻrsatiladi.”.
5. 15-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“15. Deklaratsiyaning 5 va 6-bandlaridagi (tovarlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qismi) hamda ilovasining 2-bandidagi yozuvlar bojxona organi xodimi tomonidan biror-bir oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishini oldini olish maqsadida uzluksiz chiziq bilan doiraga olinadi hamda yozuv uchun nazarda tutilgan barcha boʻsh joylar esa chizib qoʻyiladi.”.
6. 16-bandidagi “Deklaratsiyaning orqa tomoniga” degan soʻzlardan keyin ”va ilovasiga” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.
7. Ilova mazkur oʻzgartirish va qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirda bayon etilsin.
Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarga ILOVA
“Yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini toʻldirish va rasmiylashtirish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga ILOVA
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 10.05.2021-y., 10/21/2606-6/0447-son)
