Bolali oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (437-son)
10.12.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bolali oilalarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish toʻgʻrisida” 1996-yil 10-dekabrdagi Farmonini bajarish va aholini ijtimoiy muhofaza qilishning muayyan shaxsga qaratilganligini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqalar tayinlash va toʻlash zimmasiga yuklanadigan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (shaharcha, qishloq, ovul va mahallalar fuqarolar yigʻinlari)ning joylashishini, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish ushbu organlari hududlarida yashaydigan oilalar sonidan kelib chiqqan holda, ikki hafta muddatda aniqlasinlar;
mahallalarning fuqarolar yigʻinlari raislariga va kotiblariga mahalliy budjetdan mehnat haqi toʻlashni taʼminlasinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi va “Mahalla” xayriya jamgʻarmasi bilan birgalikda 1997-yil 1-yanvargacha joylarda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni tashkil etish va bunday qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalarni aniqlash masalalari boʻyicha oʻquvini amalga oshirsinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi bilan birgalikda 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqalar toʻlashni mablagʻ bilan taʼminlash tartibini bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Bolali oilalarga nafaqalar toʻlash uchun moʻljallangan mablagʻlardan belgilangan maqsadda va samarali foydalanishni nazorat qilish shaxsan Moliya vaziri (B.A. Xoʻjayev), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga yuklansin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga ular tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj oilalarni aniqlashda, ularga nafaqalar toʻlashda va oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni tartibga soluvchi meʼyoriy hujjatlarning izchil bajarilishini taʼminlashda har tomonlama amaliy va uslubiy yordam koʻrsatsin.
Shu maqsadda:
Tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari xodimlari faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida Nizom ishlab chiqilsin va tasdiqlansin, bunda ularga oilalarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni tashkil qilish masalalarida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha yangi funksiyalarni yuklash hisobga olinsin;
7. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining tuman (shahar)lar aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarining fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish hududiy organlariga biriktirilgan xodimlari uchun mehnatga haq toʻlash boʻyicha Yagona tarif setkasi razryadlarini amaldagi razryadga nisbatan ikki razryadga oshirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 11-martdagi 127-son qaroriga 3-ilovaning tuman (shaharlar mehnat, aholini ish bilan taʼminlash va ijtimoiy muhofaza qilish boʻlimlarining xodimlari soni normativiga doir qismi, Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 20-iyundagi 308-son qarorining 2-bandi 1997-yil 1-yanvardan boshlab oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunchilik hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar boʻyicha 10 kun muddatda takliflar tayyorlasin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 10-dekabr,
437-son
