Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida (3016-4-son)
04.05.2021
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2021-yil 4-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3016-4]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-yanvardagi 41-son “Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining 2018-yil 15-maydagi 185-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3016, 2018-yil 26-may) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2018-y., 22-son, 458-modda) bilan tasdiqlangan Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir T. IShMETOV
Toshkent sh.,
2021-yil 8-aprel,
21-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2021-yil 8-apreldagi 21-son buyrugʻiga ILOVA
Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. Quyidagi mazmundagi 341-band bilan toʻldirilsin:
“341. Agar xaridlar reja-jadvali uch oy oldin maxsus axborot portaliga joylashtirilmagan boʻlsa, boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion orqali davlat xaridlarini amalga oshirishda tovarlarni yetkazib berish muddati yetti kundan kam boʻlmasligi kerak.”.
2. Quyidagi mazmundagi 471-band bilan toʻldirilsin:
“471. Tanlovda xorijiy yetkazib beruvchilar bilan birga ikki yoki undan ortiq ishtirokchilar — mahalliy ishlab chiqaruvchilar boʻlgan taqdirda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda narx preferensiyasi qoʻllaniladi.”.
3. Quyidagi mazmundagi 1271-band bilan toʻldirilsin:
“1271. Tenderda xorijiy yetkazib beruvchilar bilan birga ikki yoki undan ortiq ishtirokchilar — mahalliy ishlab chiqaruvchilar boʻlgan taqdirda, mahalliy ishlab chiqaruvchilarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda narx preferensiyasi qoʻllaniladi.”.
